1

DXA: Tezkor xizmat ko`rsatish uchun alohida tariflar nimaga kerak?

Jamiyat 13.03.2020, 14:24
DXA: Tezkor xizmat ko`rsatish uchun alohida tariflar nimaga kerak?

So`nggi kunlarda davlat xizmatlari markazlarida tezkor xizmatlar uchun alohida tariflar belgilanganligi, ma`lumotlar davlat tilida berilmayotgani va boshqa shu kabi xabarlar turli mulohazalar keltirib chiqardi. Davlat xizmatlari agentligi matbuot xizmati shu masala yuzasidan tushuntirish berdi.

Tezkor xizmat ko`rsatish uchun alohida tariflar nimaga kerak?

Davlat xizmatlari markazida navbat kutuvchilarga qulaylik yaratish maqsadida qator ishlar amalga oshirilgan. Xususan, yangi qurilgan markazlarda keng, qulay, kondisionerli zallar, yumshoq hududlar, bolalar maydonchasi, kutubxona va kafeteriylar mavjud. Barcha markazlarni bosqichma-bosqich shunday rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan va amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari, ayrim fuqarolarga xizmatlarni alohida tariflar orqali tezkor ko`rsatish ham taklif etiladi. Buning bir qancha sabablari bor.

Birinchi, navbatlarni tezlashtirish yoki aylanib o`tish uchun turli korrupsion tuynuklar qidirishga barham beradi. Chunki ishi tez bitishi kerak bo`lgan odam navbatga turmaslik, belgilangan muddatgacha kutmaslik uchun turli aylanma yo`llarni qidiradi, shunda korrupsiya va qonunbuzarliklar riski ortadi.

Ikkinchi, tezkor xizmat ko`rsatuvchi xodim, uning ish jihozlari va faoliyati uchun zarur boshqa vositalar DXMlar byudjetiga qo`shimcha yuk bo`lib tushadi va ular qaysidir mablag`lar hisobiga moliyalashtirilishi kerak.

Uchinchi, ushbu xizmatlar umumiy xizmat ko`rsatish jarayoniga hech qanday ta`sir ko`rsatmaydi, ya`ni umumiy navbatda turgan mijozlarning navbat tartibi bu bilan o`zgarmaydi.

To`rtinchi, alohida tarif asosida tezkor xizmat ko`rsatuvchi xodim bo`sh qolsa, umumiy tartibda navbatda turgan mijozlarga ham xizmat ko`rsatishi mumkin, bu esa navbatlarning kamayishiga olib keladi.

Beshinchi, bu tizim jahonda keng qo`llaniladi va o`z samaradorligini isbotlagan. Masalan, Niderlandiyada yo`qolgan pasportni odatdagi tartibda tiklash 74 evro, tezkor tartibda tiklash esa 124 evroga tushadi.

Oltinchi, ushbu turdagi xizmatdan kelib tushgan mablag` DXMlar faoliyatini rivojlantirishga sarflanadi. Chunki mazkur tizim axborot texnologiyalari va zamonaviy texnika yangiliklarini muntazam va jadal ravishda joriy etish hamda kadrlar malakasini doimiy ravishda oshirib borishni taqozo qiladi, bu esa katta mablag`ni talab etadi.

Elektron davlat xizmatlari ko`rsatish qariyb 30 yillik tarixga ega. Niderlandiyada 1994, Avstraliyada 1997, Kanadada 2005 yillarda joriy etilgan ushbu tizim O`zbekistonda endigina ikki yoshni qarshiladi. Tizim bugungi kunda shakllanish va rivojlanish jarayonini boshidan kechirmoqda. Shunga qaramay, u zamon shiddatiga hamohang tarzda tezkor rivojlanyapti. Bu jarayonga Davlat xizmatlari agentligi va butun tizim xodimlari jiddiy safarbar etilgan.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1