AsosiyJamiyat

Termiz hayvonot bog`ida hayvonlar uchun elektron pasport tizimi yo`lga qo`yilmoqda

'Termiz hayvonot bog`ida hayvonlar uchun elektron pasport tizimi yo`lga qo`yilmoqda'ning rasmi

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirining tegishli buyrug`iga asosan Termiz hayvonot bog`ida saqlanayotgan O`zbekiston Qizil kitobi hamda Yo`qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi hayvonlar va o`simliklar turlari bilan xalqaro savdo qilish to`g`risidagi konvensiya ilovalariga kiritilgan hayvonlar chiplashtirilib, ular uchun elektron pasport tizimi yo`lga qo`yilmoqda. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 31 maydagi  “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida"gi 171-sonli qarori bilan Toshkent, Farg`ona va Termiz hayvonot bog`lari Ekologiya vazirligi tasarrufiga o`tkazilgan edi. Hayvonot bog`larining moddiy-texnik bazasini yaxshilash, saqlanayotgan hayvonlarni asrab-avaylash, ularning sonini ko`paytirish maqsadida esa Ekologiya vazirligi tomonidan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. 

"Hayvonlarning reesteri yuritilib, elektron pasport tizimi yo`lga qo`yilishi jarayonida jonivorlar haqidagi barcha ma`lumotlar yagona elektron bazaga kiritiladi. Bu esa ushbu hayvonlarning muhofaza etilishini muntazam nazorat qilishga imkon beradi", – dedi Ekologiya vazirligi Bioxilmaxillik siyosatini yuritish bo`limi boshlig`i Abdurashid Sodiqov.

Dastlab 4 bosh  yovvoyi hayvon, qushlardan 2 ta O`zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan oq boshli qumoy, cho`l burguti hamda  tuyoqlilardan 2 bosh hayvon – morxo`r, Buxoro tog` qo`yiga chiplar o`rnatildi.

Ma`lumot uchun, bugungi kunda Termiz hayvonot bog`ida jami 488 bosh noyob hayvonlar saqlanmoqda. Shundan yirtqichlar 40 bosh, sudralib yuruvchilar 84 bosh, tuyoqlilar 47 bosh hamda qushlar 317 tani tashkil etadi.

    Boshqa yangiliklar