2020-yil 16-martdan boshlab O`zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimidagi barcha ta`lim muassasalari noma`lum muddatga yopildi, deb xabar bermoqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi.
"Vazirining tegishli buyrug`i bilan vazirlik tizimida faoliyat ko`rsatayotgan barcha ta`lim muassasalari, jumladan O`zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, Respublika Olimpiya zaxiralari maktab-internatlari, Olimpiya va milliy sport turlariga ixtisoslashtirilgan maktab internatlar, IBO`SMlar, BO`SMlaridagi pullik va bepul to`garaklar, shuningdek, yopiq suzish havzalaridagi barcha to`garaklar nomuayyan muddatga ta`tilga chiqarilganini ma`lum qilamiz", deyiladi xabarda.
Shu bilan birga mamlakatimiz hududida o`tkaziladigan barcha sport turlari bo`yicha O`zbekiston chempionatlari va kuboklari hamda boshqa ichki musobaqalar ham noma`lum muddatga qoldiriladi.