Dunyoni sarsimaga solgan karonavirus yurtimizga ham kirib keldi. Ammo O`zbekiston bu epidemiya bilan bog`liq holatni boshdan kechirgan bir qator mamlakatlarning tajribasini o`rgangan holda tez orada muhim chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqdi. Xo`sh, bir necha kun ichida O`zbekiston virus yoyilishiga to`siq qo`yishda nimalarga ulgurdi. Qalampir.uz sayti har bir kun davomida amalga oshirilgan ishlarni tahlil qildi. Bu maqolani vaziyat yuzasidan aniq axborotlarni havola qiluvchi koronavirus.info kanali ham tarmoqda bo`lishdi:
15 mart:
- Dunyoning deyarli barcha davlatlariga kirib kelgan koronavirusning O`zbekistonga ham kirib kelgani xabar qilindi;
- Bosh vazir Abdulla Aripov holat bo`yicha yig`ilish o`tkazdi va qilinishi lozim bo`lgan vazifalarni belgiladi.
- O`zbekistonda barcha ommaviy tadbirlar, shu jumladan, Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Navro`z umumxalq bayramlarini o`tkazish taqiqlandi.
16 mart:
- O`zbekiston boshqa davlatlar bilan aviaqatnovlar va avtobus uchun to`liq taqiq qo`ydi;
- Davlat va nodavlat tashkilotlarda yig`ilish va majlislar o`tkazish taqiqlandi;
- Davlat tashkilotlarida fuqarolarni qabul qilishning virtual usuli yo`lga qo`yildi;
- Vazirlik va idoralar xodimlarining xizmat safarlariga chiqishi cheklandi;
- O`zbekistonda mulkchilik shaklidan qat`i nazar barcha maktabgacha ta`lim muassasalari, maktablar, kollej va texnikumlar, oliy ta`lim muassasalari karantinga yopildi;
- Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi O`zbekistondagi barcha nodavlat ta`lim tashkilotlarining o`quvchi, talaba va o`rganuvchilariga ta`til berildi;
- O`zbekiston musulmonlar idorasi raisi-muftiy Usmonxon Alimov o`zbekistonlik musulmonlarga murojaat bilan chiqib, vaziyatni tushuntirdi. Namozlarni karantin vaqtida uyda o`qib turish fatvosi berildi;
- Charter reys bilan Eron va Latviya davlatidan 200 nafardan ziyod fuqarolar O`zbekistonga qaytarildi;
- Eronga insonparvarlik yordami jo`natildi.
17 mart:
- Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko`ra, sayyohlik kompaniyalari, jamoat tashkilotlari va yirik sanoat korxonalariga mamlakatda koronavirus tarqalishi bilan bog`liq vaziyat barqaror holatga kelgunga qadar ichki turizmni rivojlantirishga doir tadbirlarni to`xtatish tavsiya etildi;
- Respublika hududida o`tkazilishi rejalashtirilgan barcha turdagi ommaviy bayram tadbirlari, xalqaro tadbirlar va sport musobaqalari, teatr, kino va konsert dasturlari vaqtincha to`xtatildi;
- Hukumat O`zbekistondagi xorij fuqarolarini ham unutmadi. Muddati kelgan chet elliklarning viza muddatini 10 aprelga qadar uzaytirdi.
18 mart:
- O`zbekistondagi barcha maktablarda o`qituvchilar ta`tilga chiqdi. Ta`til faqat o`qituvchilarga taalluqli bo`ldi. Maktab direktori, direktor o`rinbosari, xo`jalik mudiri, psixolog, farrosh va qorovul bu davrda maktabda bo`lishi belgilandi;
- Misrdan charter reys bilan 177 nafar fuqarolar olib kelindi;
- O`zbekistondagi barcha umumta`lim maktab o`quvchilari uchun ta`til rasman e`lon qilindi;
- Ta`til vaqtida o`quvchilarning bilim olishlari uchun “Oilaviy”, “Ma`rifat va madaniyat”, “Dunyo bo`ylab” va “Yoshlar” telekanallarida 30 martdan boshlab videodarslar namoyish etib borilishi rejalashtirildi;
19 mart:
- Prezident raisligida koronavirus pandemiyasining aholi turmush darajasi va iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta`sirini yumshatish masalalariga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishi bo`lib o`tdi;
- Inqirozga qarshi jamg`arma tuzilib, unda 10 trillion so`m shakllantirilishi aytildi;
- Koronavirusga qarshi kurashish ishlariga qariyb 5,5 ming nafar tibbiyot xodimi jalb etilgani aytildi. Ularni moddiy va ma`naviy qo`llab-quvvatlab, oylik maoshiga qo`shimcha 120 foiz ustama to`lash bo`yicha ko`rsatmalar berildi;
- Koronavirus ta`siri eng yuqori bo`lgan iqtisodiyot tarmoqlariga soliq ta`tillari va kredit qarzlari bo`yicha imtiyozlar berish, byudjet ssudalari ajratish yuzasidan vazifalar belgilandi;
- Hokimlarga iqtisodiy qiyinchilikka duch kelgan korxonalardan mahalliy soliqlarni undirishni 6 oygacha kechiktirish vakolati berilishi ko`rsatildi;
- yakka tartibdagi tadbirkorlarning daromad solig`i, fermerlarning suv solig`i 50 foizga kamaytiriladi. Bunda mahalliy byudjetdagi yo`qotishlar respublika byudjetidan qoplab beriladigan bo`ldi;
- Yil yakuniga qadar soliq tekshiruvlariga moratoriy e`lon qilinadi va qiynalgan korxonalarga soliq qarzlari uchun penya hisoblash to`xtatiladi. Bunday qiyin sharoitda tadbirkorni birorta tekshiruvchi bezovta qilmaydi;
Xalqaro savdodagi vaziyatni inobatga olib, eksport-import bo`yicha kechiktirilgan qarzdorlikka jarima qo`llamaslik, “yashil yo`lak”lardan mahsulot o`tkazishni ko`paytirish, yuk tashishda yuzaga kelayotgan masalalarni operativ hal etib borish bo`yicha topshiriqlar berildi;
- Karantinga yopilgan muassasalar xodimlari, karantindagi fuqarolar va ularga qarovchilarning huquqlarini ta`minlash, ijtimoiy nafaqa oluvchilar sonini kamida 10 foizga yoki 60 mingtaga oshirish bo`yicha vazifalar qo`yildi;
- Inqirozga qarshi jamg`armadan Jamoat ishlari jamg`armasiga qo`shimcha 200 milliard so`m ajratiladi. Tadbirkorlik faoliyatini qo`llab-quvvatlash davlat jamg`armasiga 500 milliard so`m qo`shimcha mablag` berilib, ish o`rinlari yaratadigan biznes sub`ektlarga ko`maklashiladi;
- karantindagi farzandlariga qarayotgan ota-onalarni ishdan bo`shatishga mutlaqo yo`l qo`yilmaydi. Ularga vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi yuz foiz to`lab beriladi;
- bog`cha tarbiyalanuvchilari va boshlang`ich sinf o`quvchilarining ota-onalariga belgilangan rejadan qat`i nazar yillik mehnat ta`tili navbatdan tashqari beriladi;
- karantin davrida zaruriyat bo`lmasa, ko`chaga chiqmaslik buyurildi.
Koronavirus kasalligi 2019 yilning dekabr oyida Xitoyning Uxan shahrida aniqlangandi. Joriy yilning 1 fevral kuniyoq O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “O`zbekiston Respublikasiga koronavirusning yangi turi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo`yicha respublika maxsus komissiyasini tashkil etish to`g`risida”gi farmoyishi qabul qilingan.