O`zbekistonda sportchilarning Olimpiya va Paralimpiya o`yinlariga tayyorgarlik jarayonlari vaqtincha to`xtatildi

Sport 25.03.2020, 21:16
O`zbekistonda sportchilarning Olimpiya va Paralimpiya o`yinlariga tayyorgarlik jarayonlari vaqtincha to`xtatildi

Xabaringiz bor, ayni kunlarda dunyo bo`ylab keng tarqalib borayotgan va insoniyat salomatligiga katta xavf tug`dirayotgan koronavirus pandemiyasi mamlakatimizga ham kirib keldi. Shu munosabat bilan, 2020 yil 16 martdan boshlab O`zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimidagi barcha ta`lim va sport muassasalari noma`lum muddatga yopildi. Shu bilan birga, mamlakatimiz hududida o`tkaziladigan barcha sport turlari bo`yicha O`zbekiston chempionatlari va kuboklari hamda boshqa ichki musobaqalar ham noma`lum muddatga qoldirildi.

Xalqaro olimpiya qo`mitasi tomonidan Tokio-2020 Olimpiadasini 2021 yilda o`tkazish bo`yicha yakuniy qaror qabul qilingandan so`ng Olimpiya sport turlari bo`yicha O`zbekiston milliy terma jamoalari a`zolari uchun tashkil etiladigan barcha o`quv-mashg`ulot yig`inlari rasman 25 martdan vaqtincha to`xtatildi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi ma`lum qildi.

Bungacha mamlakat terma jamoalari a`zolarining XXXII yozgi Olimpiya hamda XVI Paralimpiya o`yinlariga tayyorgarlik ko`rishlari uchun ularga biriktirilgan sport bazalarida rejalashtirilgan o`quv-mashg`ulot yig`inlarini tashkil etilgan edi.

Lisenzion musobaqalarning sanalari aniq bo`lgunga qadar milliy terma jamoa a`zolari o`z uylarida individual reja asosida mashg`ulotlarni murabbiylar tomonidan ishlab chiqilgan kunlik tayyorgarlik rejalari asosida olib boradilar.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi va Milliy Olimpiya qo`mitasi tomonidan tashkil etilgan “Tezkor shtab” Milliy terma jamoa sportchilarining individual reja asosida kunlik mashg`ulot o`tkazishlarini doimiy tarzda monitoring qilib boradi.

Bundan tashqari Milliy terma jamoa bosh murabbiylari tomonidan masofali mashg`ulotlar onlayn tarzda olib boriladi hamda vaziyatdan kelib chiqqan holda sportchilarni individual holatiga qarab kerakli maslahatlar berib borilishi ta`minlanadi.

Ma`lumot uchun: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi O`zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Sport” telekanali bilan hamkorlikda karantin davrida sog`lom turmush tarziga amal qilgan holda sport bilan shug`ullanib turish borasida aholi uchun tavsiya shaklida maxsus teledasturlar tayyorlanib efirga uzatilishi yo`lga qo`yildi. Xususan, sport trenerlari ishtirokida uy sharoitida qay tarzda mashg`ulotlar olib borish bo`yicha maslahatlar aks etgan 10 daqiqalik videodarslar “Sport TV” telekanali orqali har kuni namoyish etib borilayapti.


 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1