AsosiyJamiyat

"Hech kim tashvishga tushmasligini alohida so`rab qolaman..." Shuhrat Abdurahmonov andijonliklarga murojaat qildi

'"Hech kim tashvishga tushmasligini alohida so`rab qolaman..." Shuhrat Abdurahmonov andijonliklarga murojaat qildi'ning rasmi

Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov ayni paytda O`zbekistonda bo`lib turgan epidemik vaziyatdan kelib chiqib, viloyat ahliga murojaat qildi:

"Assalomu alaykum qadrli hamyurtlar, hurmatli Andijonliklar. Bugun Sizlarga murojaat qilishimdan maqsad butun dunyoning dolzarb masalalaridan biri bo`lib turgan koronavirus pandemiyasi O`zbekistonga ham kirib kelgani va uni tarqalishini oldini olish bo`yicha viloyatimizda olib borilayotgan ishlar hamda kerakli chora-tadbirlar ko`rilmokda.

Shu jumladan, Prezidentimizning topshirig`iga asosan Koronavirus infeksiyasini tezroq bartaraf qilish, karantin davrida fuqarolar xavfsizligini va sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta`minlash maqsadida viloyat shtabi tashkil etilgan bo`lib, kechayu-kunduz 24 soat mobaynida o`z faoliyatini olib bormoqda.

Bugungi kunga qadar viloyatimizda koronovirusga chalinganlik holatlari kuzatilmadi. Belgilangan tartibda chetdan kirib kelgan fuqarolar tibbiy ko`rikdan o`tkazilib karantinga olinmoqda. Karantinga olingan fuqarolarga barcha sharoitlar yaratilib doimiy tarzda shifokorlar tomonidan kechayu-kunduz nazorat olib borilmoqda.

Shuningdek, fuqarolardan belgilangan karantin qonun qoidalariga qatiy amal qilishlari, zarurat bo`lmasa qariyalarimizni doimiy uyda bo`lishlari, asossiz ravishda uydan ko`chaga chiqmasliklari, ta`tilda bo`lgan aziz farzandlarimizning tarbiyasiga, ularning shaxsiy gigienasiga jiddiy e`tibor qaratishimiz har birimizning asosiy vazifamiz ekanligini ta`kidlab o`tmoqchiman.

Viloyatimizda oziq-ovqat va boshqa kundalik iste`mol mahsulotlarining narxi oshib ketmasligi uchun shaxsan o`zim boshchiligimda barcha choralar ko`rilmoqda. Davlat soliq qo`mitasi, prokuratura organlari, bozorlar uyushmasi hamda tadbirkorlar ishtirokida ushbu jarayonlar alohida nazorat ostida ekanligi bugun barchamizga ma`lum.

Shu bilan birgalikda, bugun, viloyatimizda oziq-ovqat zahiralari etarli darajada mavjud va ushbu masalada hech kim tashvishga tushmasliklarini alohida so`rab qolamiz.

Shu o`rinda kechadan boshlab jamoat joylarida tibbiy niqobsiz yurgan fuqarolarga – bazaviy hisoblash miqdorining bir barobari miqdorida 223 000 so`m, mazkur holat yana qaytariladigan bo`lsa – bazaviy hisoblash miqdorining uch barobari 669 000 so`m miqdorida jarima qo`llanila boshladi.

Hurmatli fuqarolar ushbu ko`rilgan choralar, albatta aholimizning salomatligi va osoyishtaligini taminlash maqsadida olib borilayotganligini yana bir bor his etib va qonun-qoidalarga qat`iy amal qilishimiz zarur.

Aziz Andijonliklar!

O`z vaqtida qanchadan-qancha sinovlar va og`ir kunlarni boshidan kechirgan xalqimiz vaziyatga to`g`ri baho berib, ushbu sinovlarni ham mardonavor engib o`tishiga ishonamiz.

E`tiboringiz uchun rahmat!"

Eslatib, o`tamiz, avvalroq, Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzaevning vohaliklarga yo`llagan murojaati e`lon qilingan edi. 

Ma`lumot uchun: ayni paytga qadar O`zbekistonda koronavirus bilan kasallanganlar soni 60 nafarni tashkil etmoqda. 
 

    Boshqa yangiliklar