12-16 aprel kunlari Samarqand shahrida 1999-2000 yillarda tug`ilgan o`smirlar o`rtasida veloshosse bo`yicha O`zbekiston ochiq chempionati o`tkaziladi. To`rt kun davom etadigan mazkur musobaqalarda Toshkent shahri, Qoraqalpog`iston Respublikasi hamda Xorazm, Navoiy, Surxondaryo, Namangan, Farg`ona, Samarqand, Toshkent, Sirdaryo va Buxoro viloyatlaridan kelgan jami 100 nafarga yaqin sportchi turli masofalarga o`tkaziladigan bahslarda g`oliblik uchun kurash olib boradilar. Bu haqda olamsport.com xabar beradi.
O`zbekiston ochiq chempionati doirasida murabbiylar Kengashining navbatdagi yig`ilishi ham o`tkazilishi rejalashtirilgan. Yig`ilish kun tartibida velosport turini mamlakatimizda ommaviyligini oshirish, hududiy federasiyalar faoliyatini yaxshilash, moddiy texnika bazasini yanada mustahkamlash, o`quv-mashg`ulot yig`inlari uzluksizligini ta`minlash va sifatini oshirish, iqtidorli sportchilarni saralab olish va seleksiya ishlarini tizimli olib borish, zaxira sportchilarni shakllantirish va ular bilan ishlashni yo`lga qo`yish, tibbiy-biologik ta`minotdan samarali foydalanish va sport shifokorlarini jalb etish, respublikadagi olimpiya zaxiralari kollejlari hamda bolalar va o`smirlar sport maktablarida bosqichma-bosqich velosport bo`limlarini ochish bo`yicha tashkiliy-uslubiy ishlarni amalga oshirish kabi masalalar muhokama etiladi.
O`zbekiston ochiq chempionatining tantanali ochilish marosimi shu yil 13 aprel kuni soat 900 da Samarqand olimpiya zaxiralari kollejida bo`lib o`tadi.
Ma`lumot uchun: 2013-2014 yillar davomida velosport turi moddiy texnika bazasini mustahkamlash maqsadida O`zbekiston velosiped sporti federasiyasi tomonidan terma jamoa uchun 100 tadan ortiq xalqaro standartlarga javob beradigan velosipedlar hamda 4 ta “Damas” rusumli avtomashinalari olib berildi. Joriy yilning may oyida qo`shimcha ravishda yana 100 ga yaqin velosiped va 4 ta motosikl berilishi rejalashtirilgan.





