BAAning Al-Ayn shahrida davom etayotgan shaxmat bo`yicha “Al-Ain Youth U15 international Championship 2015” turnirida kecha 7-partiya uchrashuvlari o`tkazildi. Turnirda ishtirok etayotgan yagona vakilimiz Javohir Sindorov (2116) ushbu turda g`alaba qozondi. Bu haqda olamsport.com nashri xabar beradi.
Hamyurtimiz o`zi singari 4 ochkoga ega bo`lib turgan amerikalik Muhammad Xezrian bilan hisob-kitob qildi. Qora donalarda o`ynashiga qaramay, Javohir Sindorov raqibini mag`lubiyatga uchratdi.
Bugun o`tkaziladigan 8-tur bahsida Javohir o`zi singari 5 ochkoga ega bruneylik Amini Xusayn Ali bilan munosabatlariga oydinlik kiritib oladi. Hozircha yosh shaxmatchimiz 103 ishtirokchi orasida turnir jadvalida qo`shimcha ko`rsatkichlarga ko`ra 13-o`rinni egallab turibdi.





