O`zbek Milliy akademik drama teatrida O`zbekiston xalq artisti Yoqub Ahmedovning yangi “Aktyorlik mahorati maktabi” teatr-studiyasiga asos solindi, deya xabar bermoqda 12news.uz nashri.
Adabiyotshunos Shuhrat Rizaevning fikricha, Milliy teatrda “ustoz-shogird” an`analari asosida aktyorlik mahorati maktabi davom ettirilmoqda.
“Etakchi aktyorlarning tajribasidan samarali foydalanish maqsadida yaratilgan yangi teatr-studiya ijodiy jarayonning takomillashishiga ko`mak beradi. Bu erda iste`dodli aktyorlar hamda viloyat teatrlari jamoalarining yosh a`zolari ustoz aktyorlardan ko`p narsa o`rganishlari, ular bilan bir sahnada rol ijro etishlari mumkin bo`ladi”, – deydi Rizaev.
Yoqub Ahmedovning aytishicha, Milliy teatrda Olim Xo`jaev, Mannon Uyg`ur kabi buyuk aktyorlar, rejissyorlar faoliyat yuritishgan.
“Shu munosabat bilan O`zbekiston Milliy akademik drama teatrida yoshlar bilan ishlash uchun yangi studiya yaratildi. Bu studiya bizning yoshlarimiz – o`g`il-qizlarimizni milliy teatr san`atini egallashga jalb qiladi hamda ularning o`z xalqiga xizmat qilishlariga turtki bo`ladi”, – ta`kidladi O`zbekiston xalq artisti Yoqub Ahmedov.
Yangi studiyada 16 yoshdan 22 yoshgacha bo`lgan iste`dodli yoshlar sahna san`atidan saboq oladilar. Bu mahorat maktabi kelajakda yosh aktyorlar, ayniqsa viloyat teatrlari aktyorlarini etishtirib chiqarish uchun san`at o`chog`i bo`ladi.
Ayni paytda O`zbekistonda jami 37 ta teatr faoliyat yuritib kelmoqda.





