Hozirgi kunda davlatimiz va hukumatimizning kun tartibidagi asosiy masala – bu koronavirus pandemiyasini tezroq bartaraf etish, millat salomatligini asrab qolishdir. 3 aprel kuni Prezidentimiz ushbu masala bo`yicha navbatdagi murojaat bilan xalqimizga yuzlandi.
COVID-19 infeksiyasi yurtimizda qayd etilgandan buyon har bir viloyat va hududlarda uning oldini olishga qaratilgan barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda. Davlatimiz rahbari o`z murojaatida bu boradagi tahlillarni atroflicha misollar bilan izohlar ekan, koronavirusga chalingan bir guruh vatandoshlarimizning davo topganini qayd etdi.
Diagnostika, davolash, karantin ishlari davrida Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti tavsiyalari hamda ilg`or xorijiy tajribalardan foydalanilayotgani, shifokorlarimizning xorijiy hamkasblari bilan muntazam videomuloqotda bo`lib, fikr almashayotgani mazkur pandemiya keng tarqalishining oldini olishda katta samara berayotir.
Prezidentimiz o`z nutqida chinakam jasorat va matonat ko`rsatayotgan olijanob shifokorlarimizga minnatdorlik bildirgani xalqimiz dilidagi tashakkurlarni ifoda etdi.
Bugun har birimiz mutaxassislarning tavsiyalari, xususan, sanitariya-gigiena talablariga amal qilsak, mazkur pandemiyani, albatta, engib o`tamiz.
Robaxon MAHMUDOVA, Oliy Majlis Senati Fan, ta`lim va sog`liqni saqlash masalalari qo`mitasi raisi.






