Andijonda soxta ruxsatnoma yasagan va undan foydalangan haydovchiga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atildi, deya xabar qildi IIV YHXBB Axborot xizmati.
Keltirilishicha, joriy yilning 2 aprel kuni soat 16:40 larda Andijon viloyati IIB YHXB inspektori E.Yuldashev Andijon shahar, Mashrab ko`chasi, Lermontov chorrahasida haydovchi 1999 y.t. S.D. boshqaruvida bo`lgan “Spark” rusumli 60 M 304 NA davlat raqam belgili transport vositasini to`xtatgan. Inspektor avtomashinani boshqarish huquqini beruvchi tegishli hujjatlarini so`ragan vaqtida haydovchi S.D. Toshkent shahar hokimligi tomonidan berilganligini aytib, “Karantin Sovid-19” yozuvli 01/0000916 raqamli maxsus ruxsatnomani ko`rsatgan. Surishtiruv ishlariga ko`ra, ushbu ruxsatnoma qalbakilashtirilib tayyorlanganligi ma`lum bo`lgan.
Mazkur holat yuzasidan Andijon shahar IIO FMB TB tomonidan fuqaro S.D.ga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 228-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.






