Bugun Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi huzurida tashkil etilgan shtabda Adliya vazirligi boshqarma boshlig`i G`aybullo Primov ishtirokida brifing bo`lib o`tdi.
Brifingda fuqarolar, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan ko`tarilgan savol va murojaatlar yuzasidan javob qaytarildi.
Savol: Karantinda saqlanayotgan shaxslar orasida koronavirus infeksiyasi bor shaxs aniqlansa, qolgan shaxslarning karantin muddati nima bo`ladi?
Koronavirus infeksiyasi aniqlangan shaxslar bilan muloqotda bo`lib, karantinda saqlanayotgan shaxslar orasida koronavirus infeksiyasi bor boshqa shaxs aniqlansa, u gospitalga olinadi hamda qolgan shaxslar uchun karantin muddati qaytadan boshlanadi.
Asos — Vazirlar Mahkamasining "Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida" 2020 yil 23 martdagi № 176-son Qarori bilan "Koronavirus infeksiyasi aniqlanganda (gumon qilinganda) bajariladigan profilaktik va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni amalga oshirish tartibi to`g`risida"gi Nizom.