Ispaniya sog`liqni saqlash vaziri Salvajor Ilya epidemiya tarqalishi sekinlashiga o`rnatilgan qat`iy karantin tartiblari natijasida erishilganini alohida ta`kidladi. Ma`lumki, Ispaniyada kuchli tayyorgarlik holati 25 aprelgacha uzaytirilgan.
Italiyada 5 aprel, yakshanba kuni kasallikka chalinib, kasalxonaga yotqizilayotganlar soni birinchi marta qisqargani kuzatilgan bo`lsa, ikki kundan beri intensiv terapiya bo`limlarida davolanayotgan bemorlar soni kamayib bormoqda. So`nggi sutka ichida 1238 kishi korornovirusdan sog`aygan. Ayni paytda, 637 kishi qurbon bo`lgan va bu 24 martdan beri eng past ko`rsatkich bo`lsa, faqat 70 kishi intensiv terapiya bo`limlariga yotqizilgan bo`lib, bu 16 martdan beri kuzatilgan eng past ko`rsatkich hisoblanadi.
Italiya Sog`liqni saqlash Oliy instituti prezidenti Silvio Bruzaferro ham Italiyada bu kasallik tarqalishining pasayishiga asosiy sabab so`nggi 15-20 kun davomida mamlakatda qattiq karantin tartiblariga amal qilingani ekanini alohida ta`kidlab o`tdi.
Ommaviy axborot vositalari dunyodagi eng keksa insonlardan biri, bundan yuz yil oldin evropada tarqalgan “ispan grippi” pandemiyasini boshidan kechirgan Italiyalik 104 yoshli ayol Ada Zanusso koronvirusdan butunlay tuzilib ketgani haqida ham xabarlar berilmoqda.
Shu ma`lumotlardan ham ko`rinib turibdiki, kasallik tarqalishiga yo`l qo`ymaslikni asosiy sharti o`z vaqtida qattiq karantin tartiblari o`rnatish va barcha tomonidan bu talablarga so`zsiz rioya qilishdir. Kasallikka chalinganlarni aniqlash va ularni ajratish, izolyasiya qilish, ular bilan aloqada bo`lganlarni aniqlash va ularni ham ajratish bilan bir qatorda odamlar o`rtasidagi o`zaro muloqatlarni kamaytirishga qaratilgan o`zini o`zi izolyasiya qilish ham juda muhim ahamiyatga ega.
Afsuski, aholidan uyda qolish va bevosita aloqalarni cheklash, ko`chaga faqat o`ta zarur hollarda chiqish so`ralayotganiga qaramay, ayrimlar bu masalaga nopisandlik bilan qaramoqda. Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati ma`lumotlariga qaraganda, karantin e`lon qilingandan beri o`tgan davr davomida mamlakatimiz miqyosida 30 mingga yaqin o`rnatilgan tartibni buzish holatlari aniqlangan. Fuqarolarimiz tomonidan har kuni 2,5 mingga yaqin karantin qoidalariga amal qilmaslik holatlari kuzatilmoqda.
Karantin – bu virus tarqalishiga yo`l qo`ymaslik maqsadida ko`rilgan ilojsiz chora. BMT Bosh kotibi Antoniu Gutterishning ta`biri bilan aytganda, bugun butun dunyo koronovirusga qarshi urush holatida. Hech qaysi davlatning bu borada tayyor resepti yoki ideal yo`riqnomasi yo`q, zarur tartib-qoidalar mana shu kurash jarayonida, kerak bo`lsa “yong`in” tartibida belgilanmoqda. Bu xavfli kasallik tarqalishiga qarshi kurash jarayonlariga bevosita jalb qilinmagan insonlardan esa faqat bitta narsa – karantin shartlariga qat`iy rioya qilish talab qilinmoqda xolos.
Shunday ekan, biz fuqarolardan esa, mazkur qoidalarni ongli ravishda to`g`ri qabul qilish, ularga rioya etish va bu bilan o`zimizni, yaqinlarimizni va farzandlarimizni himoya qilish har bir fuqaroning davlat va jamiyat oldidagi insoniylik vazifasi sifatida qabul qilishimiz talab etiladi.
Nafsilambirni aytganda, O`zbekiston hukumati mazkur murakkab sharoitda eng to`g`ri strategiyani tanlagani o`z isbotini topa boshladi. Tez fursatlarda koronavirusni enggan mamlakatlar qatorida O`zbekistonning ham bo`lishini ko`rishni butun mamlakat ahli istayotgan tilak, desak mubolag`a bo`lmaydi.
Anvar Eminov, tahlilchi






