Koronavirusga chalinganlar soni ortib borishi bilan birga, bu kasallikdan shifo topgan yurtdoshlarimiz soni ham ko`payib boryapti. Kun.uzning maxsus muxbiri bu dardni ortda qoldirgan 50 yoshli erkak bilan suhbatda bo`ldi.
– Bu kasallikni qanday yuqtirib olgandingiz?
– Hali karantinga bugungichalik rioya qilinmagan, umuman hali kasallikning o`zi haqida tushuncha bo`lmagan paytlarda yuqqan menga. O`sha birinchilardan bo`lib kirganlar bilan ko`rishgan edik. Boshimizda shu sinovlar ham bor ekan...
– Faqat o`zingizda kechdimi yo oila a`zolaringizdan birortasida ham koronavirus qayd etildimi?
– Ayolim bilan bir vaqtda bu kasallikka chalinib, bir vaqtda davolanib chiqdik. Hozir ham Xudoga shukr birgamiz.
– Oilaviy chalinibsizlar, qo`rquv ham bo`lgandir.
– Albatta, axir kasallik bizga endigina kirib kelgan, vahimasi avj ola boshlagan kunlar edi-da. Ayolimni ko`nglini ko`taraman deyman, lekin o`zimning ham ko`nglimga hadik oralayveradi. Yangi kasallik, davolay olisharmikan, yana kimlarga yuqib qoldi ekan, endi taqdirimiz nima kecharkin, degan savollar qiynagani rost.
Ammo Xudoga shukr, mana sog`ayib ham chiqdik, reabilitasiyada ozroq dam olib, nasib qilsa, uyga ham qaytamiz.
– Shifoxonadagi sharoit, ta`minot bo`yicha nima deya olasiz?
– Yaratganga shukr. Hadikni va umuman kasallik engishga aynan mana shu jihatlar, shifokorlarning munosabatlari, shart-sharoitlar, uzluksiz etkazib berib turilgan dori-darmonlar, atrofdagilarning qo`llab-quvvatlashi katta ta`sir qildi, desam to`g`ri bo`ladi.
Shifokorlarni asrashimiz shart! Buni men kabi shu sinovlarni o`z boshidan o`tkazgan odam aytyapti. Davolovchi vrachlar tun-u kun e`tibor bilan kuzatishdi, tushkunlikka tushishimizga yo`l qo`ymay dalda berib turishdi. Tunlari dam olayotganimizda ham ohista kirib bizdan xabar olib ketayotganlarini sezib turdim. Axir ular ham shuncha tavakkal qilishdi, biz uchun jonlarini xatarga qo`yishdi va qo`yishyapti.
– Hammasi ortda qolgani rost bo`lsin. Bevosita boshidan o`tkazgan inson sifatida yurtdoshlarimizga nima degan bo`lardingiz?
– Rost bo`lsin ilohim. Avvalo shuncha sharoitlarni yaratib bergan, bu kasallikka qarshi kurashga nihoyatda jiddiy qaragan davlatimiz rahbariga katta rahmat aytaman. Bizni davolagan shifokorlardan tortib hamshiralargacha, kichik tibbiy xodimlargacha salomat bo`lishlarini tilayman.
Yurtdoshlarimiz ham sog` bo`lishsin. Kasallikdan himoyalanish bo`yicha tavsiyalarga quloq solishsin. Hammasiga jiddiy qarasak, o`zimizni, farzandlarimizni himoya qilgan bo`lamiz. Bu esa birinchi navbatda o`zimiz uchun kerak.