AsosiyJamiyat

Xorijda koronavirusga chalingan o`zbeklar haqida ma`lumot berildi

'Xorijda koronavirusga chalingan o`zbeklar haqida ma`lumot berildi'ning rasmi

Ba`zi davlatlarda koronavirus tarqalishi keng ko`lamli tus olgan. Afsuski, xorijdagi fuqarolarimiz orasida ham ushbu kasallikka chalinish holatlari yuz bermoqda.Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi Axborot xizmati rahbari Avazbek Xadjimetov ma`lumot berdi.

-O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi xorijdagi diplomatik vakolatxonalar va hamkorlar bilan birgalikda o`ziga yuklatilgan vazifalarni bajarishda davom etmoqda.

Jumladan, xorijdagi fuqarolarimiz bilan bog`liq vaziyat doimiy nazoratda bo`lib, ularga konsullik-huquqiy yordam berish davom ettirilmoqda.

Ma`lumki, ba`zi davlatlarda koronavirus tarqalishi keng ko`lamli tus olgan. Afsuski, xorijdagi fuqarolarimiz orasida ham ushbu kasallikka chalinish holatlari yuz bermoqda. Bizda mavjud ma`lumotlarga ko`ra, Avstriya (1), Armaniston (1), AQSh (10), BAA (1), Koreya Respublikasi (1), Pokiston (5), Rossiya (1), Tailand (1), Qozog`istonda (2) bo`lib turgan 23 nafar fuqarolarimizda ushbu kasallik aniqlangan, ulardan 3 nafari vafot etgan. Diplomatik vakolatxonalarimiz ushbu fuqarolarimiz va ularning yaqinlari bilan doimiy aloqada bo`lib turibdi va zarur konsullik-huquqiy yordam ko`rsatmoqda.

Shu o`rinda, xorijdagi barcha fuqarolarimizdan koronavirus tarqalishiga qarshi kurashish bo`yicha mahalliy hokimiyat talablariga to`liq rioya etish, jamoaviy tadbirlarda qatnashmaslik, gavjum joylarga tashrif buyurmaslik va barcha ehtiyot choralarini ko`rishni qat`iy so`raymiz.

Alohida qayd etish joizki, hozirgi sinovli damlarda xalqimizga xos mehr-muruvvat, saxovat kabi fazilatlar yanada ko`proq namoyon bo`lmoqda. Xususan, xorijdagi vatandoshlarimiz tomonidan «O`zbekiston mehr-shafqat va salomatlik» jamoat fondiga salmoqli mablag` ajratildi. Ularning bu kabi amallari uchun cheksiz minnatdorlik izhor etamiz.

Tashqi ishlar vazirligi tizimi xodimlari, mamlakatimizning xorijdagi barcha diplomatik vakolatxonalari ham ushbu xayrli ishga o`z hissalarini qo`shish maqsadida ish haqlarining bir qismini mazkur fondga beg`araz yordam tariqasida o`tkazdilar.

Boshqa yangiliklar