AsosiyJamiyat
3114

Koronavirus tufayli boshlangan iqtisodiy tanglik 2008-2009 yillarda ro`y bergan krizisdan ham og`ir bo`lishi mumkin

'Koronavirus tufayli boshlangan iqtisodiy tanglik 2008-2009 yillarda ro`y bergan krizisdan ham og`ir bo`lishi mumkin'ning rasmi

Dunyoning bugungi halovatsiz avzosini kuzatib, Shayx Sa`diy taxminan 750 yil oldin yozgan  va BMTning qarorgohida doimiy shior sifatida bitilgan quyidagi misralarini eslash o`rinli deb hisoblaymiz. Buyuk mutafakkir aytgan ediki:

Bani Odam a`zoi yakdigarand,

Ki  dar ofarinish zi yak gavharand.

Chu uzve ba dard ovarad ro`zgor,

Digar uzvhoro  namonad qaror.

Ya`ni: Inson zoti (Bani bashar)  aslida  zotan bir gavhardan paydo bo`lib, agar hayot, turmush uning badaniga biror a`zosini (uzvi) og`ritsa, butun  boshqa a`zoi badanini beqaror qiladi (dardga mubtalo etadi).

Koronavirus infeksiyasi minglab odamlar hayotiga zomin bo`lyapti, albatta har bir inson umri juda azizdir. Ayni paytda bu “baloi azim” hayotning barcha sohalarini izdan chiqarishga ulgurib bo`ldi.  Dunyodagi global hayot  barcha davlatlar iqtisodiy hayoti naqadar bir-biriga bog`liq,  iqtisodiy buhronlar chegara bilmasligini yana bir karra tasdiqlandi. Iqtisodiy tahlilchilarga ko`ra, koronavirus infeksiyasi tufayli boshlangan iqtisodiy tanglik 2008-2009 yillarda ro`y bergan krizisdan ham og`ir bo`lishi mumkin.

Koronavirus infeksiyasi boshlanishidan avval dunyo  iqtisodiyoti 2020 yil davomida uch foiz o`sishi haqida iqtisodchilar taxminlari bor.  Endi esa ular iqtisodiyotda boshlangan resessiya (lotincha  recessus — orqaga chekinish), ya`ni yangi iqtisodiy krizisning boshlang`ich davri haqida qayg`urib gapirmoqdalar. Bu borada ayniqsa  iqtisodiyoti eng rivojlangan mamlakatlar, jumladan AQSh, Germaniya davlatlar talvosaga tushmoqdalar. Zero taxminlarga ko`ra yozga borib,AQShda mana shu krizis tufayli qariyb 14 million kishi ishsiz qolishi mumkin.  (Xalqaro mehnat tashkiloti hisob-kitobi bo`yicha bu ko`rsatkich dunyoda  yilning oxirigacha qariyb 25 million kishini tashkil etishi mumkin). Yoki Rossiyada ham keskin choralar ko`rilmasa, 3 million nafar tadbirkor, kichik va o`rta biznes vakillari nochor, bankrot holatiga tushib qolishi hech gap emas. Evropa Ittifoqiga a`zo davlatlar 25 yildan buyon  amalda bo`lgan Shengen vizasini ham esdan chiqarib, har bir mamlakat o`z chegarasini qo`shnilar oqimidan himoya qilishga, “mudofaa”ga o`tdilar.

Zero, tasavvur qiling, koronavirus infeksiyasi yagona iqtisodiy tizimga ega bo`lgan Evropani ko`p narsadan mahrum etmoqda.  Birinchi navbatda bu buhron sayyohlik,  aviakompaniyalar  katta ziyon ko`rmoqdalar.  Birgina Xitoy bu infeksiya tufayli aviaqatnovni qisqartirib, yonilg`i importini cheklangani tufayli Rossiya milliardlab dollar zarar ko`rdi. Agar dunyoda vaziyat barqaror bo`lolmasa, yilning oxirida jahon iqtisodiyoti 4 trillion dollardan mahrum bo`lib qolishi mumkin, bu Germaniya—Evropaning eng yirik iqtisodiyoti hisoblanmish Germaniyaning YaIMdan ham ko`p degani.  Xitoy, Evropa va Rossiyada korxonalar ishini to`xtatgani tufayli neft va neft mahsulotlariga talab pasayib ketdi. Bu ham asosan energiya zaxiralari, tabiiy boyligi tufayli bujetini shakllantiriyatgan Rossiya uchun katta zarba hisoblanadi

Xo`sh, bunday sharoitda O`zbekiston rahbariyati  qanday choralar ko`rilayotgani haqida xabaringiz bor. Jumladan, Prezidentimiz “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta`sirini yumshatish bo`yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to`g`risida”gi Farmonni imzoladi, ushbu farmonga binoan 10 trln so`m miqdoridagi Inqirozga qarshi kurashish jamg`armasi tashkil etildi.

Evroparlament  epidemiyaning oqibatlarini yumshatish maqsadida 37 milliard dollarlik investisiya jamg`armasi tashkil qilish haqida qaror qabul qildi. Donald Tramp  AQSh tarixida   hali bo`lmagan qadamni qo`ydi, mamlakat iqtsodiyotini epidemiyadan qutqarish uchun 2 trln dollar ajratish bo`yicha  hujjatni imzoladi. 

Aynan shu paytda 26 mart kuni  G 20 (ya`ni dunyoning 20 ta etakchi davlatlari) rahbarlarining ilk marotaba  “onlayn” rejimidagi sammiti bo`lib o`tdi. Sammitda ikkita masala  muhokama qilindi: birinchisi, koronavirus epidemiyasiga qarshi birgalikda kurashish, ikkinchisi, iqtisodiy hayotni uning oqibatlaridan qutqarish. Sammit nihoyasida davlatlari rahbarlari bayonot qabul qildilar. Ular  koronavirus pandemiyasiga qarshi yagona front bo`lib kurashish, uning oqibatlarini bartaraf qilish maqsadida dunyo iqtisodiyotiga 5 trln  yo`naltirish, erkin va barqaror xalqaro savdoni qo`llab-quvvatlash bo`yicha faoliyatni muvofiqlashtirish,  bu maqsadlarni bajarish  ishlariga Xalqaro valyuta fondi, Jahon banki, Xalqaro sog`liqni saqlash tashkiloti bilan hamkorlik ish ko`rish haqida kelishib olishdi.

Darhaqiqat, vaziyat jahon iqtisodiyotida oddiy emas.  Yigirtmata yirik davlatlar rahbarlari qarorlar qabul qilishdi. Ammo ular bu bayonotni ijro etish yo`lida birgalikda, siyosiy da`volardan voz kechib, jahon iqtisodiyotni bu xavfdan qutqara oladilarmi, buni vaqt ko`rsatadi.

Shoqahhor Salimov

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar