1

Hozirgi sharoitda banklarning barqaror ishlashini ta`minlash, bandlik va aholi daromadlarini saqlab qolish masalalasi muhokama qilindi

Siyosat 09.04.2020, 20:44
Hozirgi sharoitda banklarning barqaror ishlashini ta`minlash, bandlik va aholi daromadlarini saqlab qolish masalalasi muhokama qilindi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 9 aprel kuni koronavirus pandemiyasi sharoitida bank tizimining barqaror ishlashini hamda iqtisodiyotga moliyaviy ko`makchi bo`lishini ta`minlash masalalari bo`yicha yig`ilish o`tkazdi.

Mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub`ektlarini qo`llab-quvvatlash bo`yicha barcha choralar ko`rilmoqda. Davlatimiz rahbarining joriy yil 19 mart va 3 aprel kunlari qabul qilingan farmonlarida bu borada ko`plab imtiyoz va preferensiyalar belgilandi.

Xususan, tadbirkorlar va aholining jami 19,5 trillion so`mlik kredit qarzlarini to`lash muddati 1 oktyabrgacha kechiktiriladi. Albatta, bu ularga karantin sharoitida katta madad bo`ladi. Lekin, shu bilan birga, moliya-kredit muassasalariga tushadigan mablag` kamayishini ham nazardan qochirib bo`lmaydi.

Shu bois yig`ilishda banklarning barqaror ishlashini ta`minlash, bandlik va aholi daromadlarini saqlab qolish masalalari muhokama qilindi.

Jahon iqtisodiyotida boshlanayotgan inqiroz holatlarini hisobga olib, banklarning loyihalar portfelini tanqidiy ko`rib chiqish vazifasi qo`yildi.

Ya`ni, hali boshlanmagan, uzoq muddatli loyihalarni aniqlab, ularni joriy yilning o`zida samara berishni boshlaydigan yangi loyihalarga almashtirish zarurligi ta`kidlandi.

Bu borada banklarga mablag`larni ustuvor ravishda kichik biznes sub`ektlariga yangi ish o`rinlari yaratish uchun hamda uy sharoitida o`zini o`zi band qilish uchun yo`naltirish tavsiya etildi.

Joriy yilda Agrobank, Xalq banki, Mikrokreditbank orqali bandlikni ta`minlash dasturlariga 4 trillion so`m yo`naltirish ko`zda tutilgan. Shuningdek, Inqirozga qarshi kurashish jamg`armasi orqali Tadbirkorlik faoliyatini qo`llab-quvvatlash davlat jamg`armasiga qo`shimcha 500 milliard so`m ajratiladi.

Ushbu mablag`lar ko`plab yangi loyihalarga asos bo`ladi. Prezidentimiz birinchi navbatda oziq-ovqat xavfsizligi, qishloq xo`jaligi, sog`liqni saqlash, kichik biznes va hunarmandchilik loyihalariga ustuvor ahamiyat qaratish zarurligini ta`kidladi.

Karantin davrida ham agrar sohadagi ishlar to`xtamaganini hisobga olib, qishloq xo`jaligi tarmoqlariga biriktirilgan tijorat banklari hozirning o`zida yangi loyihalarni ko`paytirishlari lozimligi qayd etildi.

Ma`lumki, o`tgan haftada 24 ta bank tashabbus ko`rsatib, jismoniy shaxslar uchun kredit ta`tili e`lon qildi. Bugungi yig`ilish chog`ida banklar shu kabi oddiy, lekin aholida ishonch va hurmat uyg`otadigan yana ko`plab tashabbuslar bilan chiqishi maqsadga muvofiqligi aytib o`tildi.

Masalan, muddati tugagan omonatlarning muddati uzaytirilib, bu haqda ommaviy axborot vositalarida e`lon qilinsa, karantin vaqtida uyida o`tirgan aholiga qulaylik yaratiladi.

Karantin tugaganidan keyin ko`plab korxonalarga o`z faoliyatini tiklash uchun ancha vaqt va mablag` kerak bo`ladi. Shu bois Markaziy bankka ishlab chiqarish korxonalari faoliyati to`xtab qolmasligi uchun banklar orqali 30 trillion so`m aylanma mablag`lar ajratilishini ta`minlash topshirildi. Zarur hollarda, korxonalarga ish haqi to`lash uchun ham kreditlar ajratilishini yo`lga qo`yish lozimligi ta`kidlandi.

Masofaviy xizmat ko`rsatish turlari va qamrovini kengaytirish bo`yicha ham vazifalar belgilandi.

Videoaloqa tarzida o`tgan yig`ilishda soha mutasaddilari va tijorat banklari rahbarlari tegishli axborot berdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1