Pandemiya natijasida oxirgi uch oyda mamlakatimizga kirib kelayotgan un hajmi o`tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 50 foizga, don 31 foizga kamaydi. Bu haqda 10 aprel, juma kuni Prezident Shavkat Mirziyoev paxtachilik va g`allachilik masalalari bo`yicha o`tkazgan videoselektor yig`ilishida ma`lum qildi.
Yig`ilishda bu yilgi mavsumda qo`shimcha agrotexnik tadbirlarni bajarib, g`alla hosildorligini 20 sentner ko`paytirish, gektaridan kamida 70 sentnerdan hosil olish choralarini ko`rish zarurligi ta`kidlandi.
Shu maqsadda har bir viloyat va tuman uchun ilmiy asoslangan tavsiyalarni ishlab chiqib, ularga muvofiq agrotexnik tadbirlarning to`g`ri yo`lga qo`yilishini tashkil etish muhimligi aytildi. G`allani oziqlantirish, zang kasalligi, zararkunanda va begona o`tlarga qarshi kimyoviy ishlov berish, o`rim-yig`imni uyushqoqlik bilan tashkil etish masalalariga ham to`xtalib o`tildi.
Ma`lumki, mamlakatimizda g`allaga davlat buyurtmasidan voz kechilib, narx belgilash erkinlashtirildi.






