7 aprel kuni 129 nafar fuqaro Samarqand viloyati salomatlikni tiklash shifoxonasida karantinga olinib, patrullik qo`riqloviga Markaziy harbiy okrug bo`linmasi jalb etilgan edi.
11 aprel kuni soat 20.30 da ushbu shifoxona hududidan karantinga olingan, Samarqand shahri Cho`ponota mahallasida yashovchi, chet eldan kelgan 1978 yilda tug`ilgan J.K. qochishga uringan. Bu haqda Markaziy harbiy okrug axborot xizmati xabar berdi.

Belgilangan yo`nalishda xizmat olib borayotgan shartnoma asosidagi harbiy xizmatchi, oddiy askar Sh.Jo`raev taqiqlangan hududni kesib o`tgan tartibbuzarni to`xtatgan. Shunda fuqaro harbiy xizmatchiga uyiga borib kelishi, qaytib kelgandan so`ng uni rozi qilishini aytib, harakatni davom ettirgan. Sh.Jo`raev tartibbuzarni yana bir bor ogohlantirgan va qat`iy choralar ko`rgan. Aloqa vositasi orqali berilgan xabarga ko`ra, qisqa vaqt ichida tezkor bo`linma etib kelgan.
Markaziy harbiy okrug qo`mondoni ko`rsatmasiga asosan, karantindan qochishga urinib, ko`pchilik aholi salomatligiga salbiy ta`sir ko`rsatishi mumkin bo`lgan fuqaroni ushlab qolgan harbiy xizmatchiga unvon va qimmatbaho sovg`a topshirildi.
Foto: sarhad.uz






