AsosiyShou-biznes

Farruh Komilov charxpalakda "qo`lga tushdi"

“Chuv tushdi” loyihasining bu galgi sonini bir oz noodatiy tarzda o`tkazishga qaror qildik. Xonanda Farruh Komilovni intervyu olish maqsadida poytaxtdagi Bobur nomli madaniyat va istirohat bog`iga taklif etdik. U bilan suhbatlashish esa gazeta muxbiri Mohichehra Eshmirzaevaga topshirildi.

Farruh Komilov belgilangan  vaqtda etib keldi. Xonandaning ko`ngli nimanidir sezdi shekilli, “karusel”ga chiqayotib: — Shuncha balandlikka chiqib suhbat qurishimiz shartmi? — deb so`radi.

Mohichehra: — Intervyuni noodatiy tarzda olmoqchimiz, san`atkorlar ham bir xil tarzda ofisda intervyu berib zerikishdi, deya shu usulni o`ylab topdik. Qolaversa suratlar ham chiroyli chiqadi. U yog`ini so`rasangiz, o`zim ham balandlikdan qo`rqaman, lekin kasbim shuni taqozo qilib turgandan keyin nima ham qilardim.

Farruh:  Xo`p, mayli... Ilohim eson-omon chiqib-tushaylik...  

  • — (karusel sekin-asta ko`tarila boshladi) Endi suhbatni boshlasak, Farruh repertuaringizda yangi yaratilib, tez unutilgan qo`shiqlaringiz bormi?    

—  Hozir aksariyat yaratilayotgan qo`shiqlar shunaqa, tez yaratilib, tez unutilib qolyapti-ku. Bilmadim, hayot tezlashib ketyaptimi, yoki tomoshabinlar talabchan bo`lib borayotganligi sababmi, ko`pgina qo`shiqlarning taqdiri shunaqa. Ilk marotaba “Har taraf”  nomli qo`shig`imni kuylaganimda juda ko`p tanqidlarga uchragandim. Lekin uni hamon so`rashadi.  (Xonanda  suhbat jarayonida pastda qolgan yordamchisi Orifga hamda fotomuxbirga ham gap tashlab qo`ydi: — Tepadan atrof chiroyli ko`rinarkan, suhbat ham zo`r bo`lyapti... 

Orifning javobi eshitilmadi.  Mohichehra suhbatlashish bilan birga Farruhni suratga olayotgan paytda  “karusel”  erdan sakkiz metrlar chamasi ko`tarilgandi. Shu mahal u  “to`satdan to`xtab qoldi”.    

Farruh: — Voy...  (pastga, yon-atrofga alanglab) to`xtab qoldimi?..

Mohichehra: — Voy, bu nimasi!  Endi nima qilamiz?

Farruh: — (tepalikdan pastga qarab)  Ey... Orif! Qara-chi, karuselchi nima qilyapti?

Mohichehra: —(“karusel”chiga tepadan qarab) Tinchlikmi, nima bo`ldi?

Karuselchi: — Uzr, “karusel” buzilib qoldi. Men ishlata olmayman, usta chaqiraman. Bir-ikki soatcha kutasizlar-ov endi...  

Farruh: — A-a!?. Bu nima deganingiz? Qanaqasiga ishlamaydi?

Mohichehra: Hoy, hazillashyapsizmi? Ikki soat shu balandlikda o`tiramizmi?

“Karusel”chi: —  Menga nima deysiz singlim? Karuselni men buzib qo`yganim yo`q-ku! Shunaqasi ham bo`p turadi. Bu temir bo`lsa...

Mohichehra: — Ie, siz buzmasangiz ham tezroq bir ilojini toping, usta chaqiring.

Farruh: (yordamchisidan najot kutib betoqatlanib)  — Orif, nima bo`lyapti? Qarab ko`r-chi...

Orif: — Bilmasam... (hayron bo`lib goh tepaga, goh qo`lidagi temiri bilan alanarsalar qilayotgan karuselchiga qaraydi)

Oradan biroz vaqt o`tsada “karusel”chi tuzata olmadi, shunda Farruh asabiylashib atrofga alanglab tepalikdan tushish chorasini izlay boshladi.  Keyin xayoliga kelgan fikrdan quvonib shartta o`rnidan turdi-da, pastga qaradi:  — Hozir men sekin temirga osilib pastga tushib olaman...   

Mohichehra: —  Ie, yo`q! Bir o`zimni qoldirib ketasizmi?! Men balandlikdan qo`rqaman dedim-ku.

Farruh: — Nega qo`rqasiz? Bir amallab pastga tushib olsam, ustalarni o`zim chaqirib kelaman. Karuselni ham tezroq tuzatishadi...  (Mohichehraning yig`lamsirab karusel bandiga mahkam yopishib turganini ko`rib, shashtidan qaytdi).  — Obbo! Boshqa odam yo`qdek, menga kelganda karusel buzilib qoladimi-a? ( U chorasiz qolganidan battar asabiylashib, pastga qarab ovozini balandlatdi).  Jin ursin, bir joyga hujjatlarni zudlik bilan etkazishim kerak edi. Bir ilojini topinglar! Shoshyapman axir!

“Karusel”chi:  — Aytdim-ku, ustalar kamida ikki soatlarda keladi, deb. Mana, hozirgina qo`ng`iroq qilib so`radim... Boshqa bog`da ishlari bor ekan

Mohichehra: — (Farruhning yuragiga battar vahima solib) Uff... Naq oftobning tig`ida qoladigan bo`ldik-da. Bunaqada qorayib, kuyib ketamiz-ku!  

Farruh: (alamini yordamchisidan oldi) — Orif!  Pastda shunaqa tomosha qilib turaverasanmi? Kimga bo`lsa ham qo`ng`iroq qilib, hal qilsang-chi!

Shovqin-suronni eshitib “karusel atrofida odam yig`ila boshladi. Bir yigit yonidagisiga kulib qarab asabiylashayotgan Farruhni suratga ola boshladi.

Mohichehra: (“jahli chiqib&rdquo — Hoy, nega siz bizni telefoningizga suratga olyapsiz? (Farruhga qarab) Garisangiz-chi! Yana internetda tarqatib yubormasin...  

Farruh:  — (asabiylashgancha)  Voy...  Hoy, Orif,  anavi bolaning qo`lidagi telefoni olib qo`y, bizni suratga olyapti-ku! (Qo`lidagi soatiga qarab)  — Uff... boradigan joyimga kechikyapman-a...

  Suratga olayotgan yigit Orifdan dakki eshitgach, nari ketdi.  Farruh  esa chorasizlikdan siqilib, qo`llari bilan yuzini berkitib xayolga toldi. Pastda esa “qutqarish” harakati qizg`in bahs bilan kechardi.

Mohichehra: — Farruh, nima qilamiz endi? Ustalar hali-beri kelmaydiganga o`xshaydi-ku?

Farruh: ( Yuzidan qo`llarini olib) Bo`ldi, temirga osilib, asta-sekin tushib olamiz.

Mohichehra: — Bo`lmaydi... Temirlarga osilib tushayotganimizda “karusel” yurib ketsa-chi, keyin nima bo`ladi? 

Farruh: —  (o`zini bamaylixotir tutib) Nima bo`lardi, tamom bo`lamiz...  Peshanaga yozilgani bo`ladi-da... (yordamchisiga qarab) — Sakraymi erga?

Mohichehra: — Voy, o`ylab gapiryapsizmi? Mayib bo`lasiz-ku!

Fotomuxbir: — Aka, sakramang! Bu balandlikdan sakrasangiz naq oyog`ingiz sinadi.

Farruh: — Hamma ayb sizda bo`ladi-da shunda!  Meni suhbatga chaqirganingiz uchun...  Orif dedim senga, anavi  bola yana suratga olyapti! Bir nima qilsang-chi, telefonini qo`lidan ol! (Farruh bu gal qattiq asabiylashdi ).

Shu mahal suratga olayotgan bolaning yonida turgan karuselchi yuqoriga qarab “Darakchi hazili” degan yozuvni ko`rsata boshladi.

Farruh (“karusel”chiga sinchkovlik bilan tikilib):  — Tushunmadim, anavi bola bizga qarab nega qog`oz ko`satyapti? (pastga engashib, yaxshiroq qarab)  — Tushunmadim... Ie! “Chuv tushdi” deb yozilganmi?!

Mohichehra: — ()kulgancha) Ha! Chunki rostdan ham chuv tushdingiz!

Bir zum o`ylanib bo`lgan voqealarni sarhisob qilib olgan Farruh engil tin olgandek jilmaydi: — Aldashibdi-da!

Mohichehra: — Aldadik! Siz esa chippa-chin ishondingiz!

Pastdagilarning kulgusidan so`ng darhol ishga tushgan “karusel” aylanib, Farruh bilan Mohichehra erga tushishdi.

Farruh: —(“karusel”chi bilan telefonda suratga olgan bolaga qarab).  Bu hammasi meni aldash uchunmidi?

Mohichehra: — Xuddi shunday sizni chuv tushirish uchun bog` ma`muriyatidan ham ruxsatnoma olganmiz...

Farruh: — E, qoyil! Hazillaring ham bor bo`lsin, yomon aldadinglar lekin... Ochig`i, ikkinchi sinfda o`qib yurganimda  dadam “Toshkent Lend”ga olib borgandilar, o`shanda  oxirgi marta “karusel”ga chiqqandim. Siz bo`lmaganingizda-ku, osilib bo`lsada tushib olardim...

Mohichehra: — Qiz bolani yolg`iz tashlab ketmasligingnizni bilgandik-da.

Farruh bilan xayrlashar ekanmiz, hazilimiz qaltisroq chiqqan bo`lsa, uzr deyishni ham unutmadik. Uning og`ir-vazminligi, mulohazaligiga esa qoyil qolmay ilojimiz yo`q.

    Boshqa yangiliklar