1

"Pandemiya oqibatida ocharchilikdan qiynalayotgan aholi soni 2 barobarga oshib, 1 milliard 600 millionga etadi"

Siyosat 15.04.2020, 05:51
"Pandemiya oqibatida ocharchilikdan qiynalayotgan aholi soni 2 barobarga oshib, 1 milliard 600 millionga etadi"

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 14 aprel kuni qishloq xo`jaligi tarmoqlarini yanada rivojlantirish, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish masalalari bo`yicha videoselektor yig`ilishi o`tkazildi.

Hozirgi global inqiroz va pandemiya sharoitida aholi bandligi va daromadini ta`minlash, iqtisodiy barqarorlikni saqlashda qishloq xo`jaligi eng ko`p imkoniyatga ega soha hisoblanadi.

Xalqaro ekspertlarning fikriga ko`ra, pandemiya oqibatida ocharchilikdan qiynalayotgan aholi soni 2 barobarga oshib, 1 milliard 600 millionga etadi.

Mamlakatimizda ichki talabni to`liq ta`minlash bilan birga eksportni oshirish uchun ham katta imkoniyatlar bor. So`nggi uch yilda sohada manfaatdorlikni oshirish, oddiy qilib aytganda, dehqon va fermerni boy qilish uchun barcha masalalar hal qilib berildi. Endi mutasaddi rahbarlaru mirishkorlar ham hosil va daromadni ko`paytirish uchun yangicha ishlashi zarur.

Bu yil qishloq xo`jaligi va oziq-ovqat sohasi vakillari uchun katta sinov va keng imkoniyatlar yili bo`ladi. Pandemiya va karantin qancha vaqt davom etishidan qat`i nazar, aholining oziq-ovqatga bo`lgan ehtiyoji kamaymaydi. Shu bois meva-sabzavotchilik va chorvachilik tarmoqlarida mahsulot etishtirish hajmini ikki barobarga oshirish vazifasi qo`yilmoqda.

Yig`ilishda meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan 55 ta tuman, 86 ta klaster va 125 ta kooperativ bu borada etakchi bo`lishi kerakligi ta`kidlandi. Bog` va tokzorlarda qator oralari, takroriy maydonlarning har bir qarichidan samarali foydalanib, 2-3 marta hosil olishni yo`lga qo`yish zarurligi qayd etildi.

Qishloq xo`jaligi vazirligi, Bog`dorchilik hamda Uzumchilik agentliklari sabzavot, poliz va boshqa turdagi ekinlar ekilishini tashkil etish uchun mas`ul etib belgilandi.

Ichki ishlar vazirligiga karantin qoidalariga amal qilgan holda, qishloq xo`jaligi va ishlab chiqarish bilan bog`liq avtotransport vositalarining erkin harakatlanishini ta`minlash bo`yicha topshiriq berildi.

Mahsulot hajmini oshirish uchun joriy yilda 124 ming gektar oborotdan chiqqan erlarni to`liq o`zlashtirish lozim.

Bugungi kunda Baxmal tumanida 3 ming gektar, Qo`shrabot tumanida 5 ming gektar, Beshariq tumanida 2 ming gektar oborotdan chiqqan erda quduqlar qazilib, bog` va tokzorlar barpo qilish boshlangan. Bunday loyihalarni boshqa hududlarda ham amalga oshirish, suv chiqarib, lalmi erlarni o`zlashtirish zarurligi ta`kidlandi.

Bu maqsadlar uchun Bog`dorchilik va issiqxona xo`jaligini rivojlantirish agentligi hamda Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentligi jamg`armalariga 300 milliard so`m ajratiladi. Tashkil etilgan bog` va tokzorlar, issiqxonalar aholiga 3 yillik imtiyozli davr bilan, 7 yilgacha lizing asosida beriladi.

Yana bir yo`nalish – o`zlashtirilgan erning ijara huquqi muayyan oziq-ovqat turini etishtirish sharti bilan 5-10 yilga sotiladi. Bundan tushgan mablag` yangi erlarni o`zlashtirishga sarflanadi.

Yig`ilishda urug`lik va mineral o`g`itlar ta`minoti muammosi ham tahlil qilindi. 

Bugungi kunda ekin urug`larining 25-30 foizi xorijdan olib kelinadi, qolgan qismi esa dehqonlar tomonidan turlicha tayyorlanadi.

Xitoyda eksportbop dukkakli ekinlardan 30-40 sentner hosil olinsa, O`zbekistonda 20 sentnerdan oshmaydi, ayrim hududlarda esa 7-8 sentnerni tashkil qiladi, xolos.

Pandemiya sharoitida urug`liklar ta`minotida uzilishlar bo`lmasligi kerakligi aytib o`tildi.

Har yili mamlakatimizga 300 ming tonnaga yaqin kartoshka, shuningdek, 10-15 ming tonna urug`lik kartoshka chet eldan olib kelinadi. Shu bois Qo`rg`ontepa, Baxmal, Zomin, Shahrisabz, Kitob, Yangiqo`rg`on, Bulung`ur, Bo`stonliq tumanlari urug`lik kartoshka etishtirishga ixtisoslashtirilishi belgilandi.

Tizimdagi yana bir muammo – meva-sabzavot etishtirish uchun 255 ming tonna fosforli, 290 ming tonna azotli o`g`it etishmaydi. Shuningdek, o`g`itlarning birja savdolari orqali sotilishi ham dehqonlarga qator qiyinchiliklarni tug`dirmoqda.

Shu bois “O`zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatiga meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan 55 ta tumanda o`g`it do`konlari tashkil etish vazifasi qo`yildi.

– Ekinlarni ekishga oz muddat qoldi. Bu ishlarni o`n kun ichida yakunlamasak, keyin kech bo`ladi. Mablag` bo`lmasa, ekin ham bo`lmaydi, –  dedi davlatimiz rahbari.

Shundan kelib chiqib, meva-sabzavot etishtirish va sotib olishga alohida moliyalashtirish tizimini joriy etish bo`yicha ko`rsatma berildi.

Serquyosh yurtimizda aprel oyining ikkinchi yarmida ko`kat, pomidor, bodring, may oyida esa gilos va o`rik tayyor bo`ladi. Eksportning 60-70 foizi ushbu mahsulotlarga to`g`ri keladi.

Mutasaddilarga meva-sabzavotlar eksporti bo`yicha tumanlar va xo`jaliklar kesimida aniq hisob-kitob qilib, pandemiya sharoitida yuzaga keladigan masalalarni qisqa muddatda hal qilib borish bo`yicha topshiriqlar berildi.

Mamlakatimizda chorvachilikni rivojlantirishga ham alohida e`tibor qaratilmoqda. Qoraqalpog`iston Respublikasi va Toshkent viloyatining Ohangaron tumanini shu tarmoqqa ixtisoslashtirish bo`yicha alohida qarorlar qabul qilindi. Umuman, tarmoqda oldingi yillarda bo`lmagan rag`batlantirish mexanizmi yo`lga qo`yildi. Naslli mollar uchun 2 million so`mgacha, naslli qo`y va echkiga 400 ming so`mdan subsidiya ajratish mexanizmi joriy etildi. Joylarda zamonaviy chorva komplekslari ishga tushirilmoqda.

Prezidentimiz endi mahsulot ishlab chiqarishni ko`paytirish bilan birga import qilinayotgan tovarlar o`rnini qoplash zarurligini ta`kidladi.

Ozuqa ishlab chiqaradigan korxonalar, qoramol boqish bo`yicha oilaviy kooperasiyalarni ko`paytirish bo`yicha vazifalar qo`yildi. Har bir viloyatda naslli qoramol tayyorlash va sotishga mo`ljallangan xo`jaliklar tashkil etilishi belgilandi.

Parrandachilikda ham ozuqa ta`minotini mustahkamlash va aholi bilan kooperasiyani rivojlantirish kerak.

Yig`ilishda qayd etilganidek, kooperasiya asosida xonadonlarda parranda boqish tajribasi keng joriy etiladi. Bunda parrandachilik korxonasi xonadonga uch kunlik jo`jalarni tarqatib, ozuqasini etkazib beradi. Qirq kundan keyin kooperasiyaning o`zi go`shtni markazlashgan holda sotib oladi.

Ma`lumki, baliqchilik uchun ham barcha huquqiy-tashkiliy asoslar yaratilgan. O`tgan yili yurtimizda 200 ming tonna baliq etishtirilgan.

Bugungi kunda 38 ming gektar sun`iy suv havzalarining atigi 0,6 foizida intensiv baliqchilik tashkil etilgan. Qolaversa, ularda hosildorlik darajasi pastligicha qolmoqda.

Yig`ilishda bu yil baliq etishtirishni kamida 350 ming tonnaga etkazish, sun`iy havzalardan foydalanish samaradorligini oshirib, baliqchilik xo`jaliklari va qayta ishlash korxonalari tashkil qilish bo`yicha qator topshiriqlar berildi.

Asalchilik tarmog`iga e`tibor qaratilar ekan, bu yil ishlab chiqarish hajmini 5 barobarga ko`paytirish, o`rmon xo`jaliklaridagi imkoniyatlarni to`la ishga solish muhimligi ta`kidlandi. Aholiga asalari uyalari tarqatib, ulardan mahsulot sotib oladigan asalarichilik klasterlari tashkil qilish bo`yicha vazifalar belgilandi.

Qishloq aholisini uy sharoitida ish bilan ta`minlaydigan rezervlardan biri – ipakchilik sohasi. Joriy yilda 382 ming quti ipak qurti boqilishini inobatga olsak, bu kamida 750 ming odamni ish bilan band qilish degani.

“O`zbekipaksanoat” uyushmasi va Mehnat vazirligiga bu boradagi ishlarni samarali tashkil etish, yaxshi hosil olgan xonadonlarga qo`shimcha mablag`lar ajratish topshirildi.

– Ushbu chora-tadbirlar natijasida minglab fuqarolarimizni ish bilan ta`minlash, daromadlarini ko`paytirishga erishamiz. Bozorlarimizda mahsulot ko`p bo`ladi. Har bir vazir, sektor rahbari buni yuragidan o`tkazib, mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlashda mening o`rnim qanday bo`ladi, degan savolga vijdonan javob berishi kerak, – dedi Prezident.

Videoselektor yig`ilishida qishloq xo`jaligi tarmoqlari rahbarlari, viloyat hokimlari axborot berdi. Hududlarga biriktirilgan mutasaddilar va hokimlarning pandemiya davrida amalga oshirayotgan ishlari tanqidiy ko`rib chiqildi.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1