AsosiyJamiyat

"Xonadon egalari gaz plitasiga choynakda suv qo`yib, oshxonani tark etganlar". 3 kishini halok qilgan Samarqanddagi mudhish portlash tafsilotlari ma`lum bo`ldi

Avval xabar berilganidek, 12 aprel kuni ertalab chamasi 07:20 lar atrofida Samarqand viloy...

'"Xonadon egalari gaz plitasiga choynakda suv qo`yib, oshxonani tark etganlar". 3 kishini halok qilgan Samarqanddagi mudhish portlash tafsilotlari ma`lum bo`ldi'ning rasmi

Avval xabar berilganidek, 12 aprel kuni ertalab chamasi 07:20 lar atrofida Samarqand viloyati Kattako`rg`on shahridagi ikki qavatli turar-joy binolaridan birida havo-gaz aralashmasi natijasida portlash sodir bo`ldi. 

Ushbu holatni o`rganish bo`yicha zudlik bilan «Hududgaz Samarqand» MChJ bosh direktori Xolmurod Bobomurodov boshchiligida mutaxassislardan iborat ishchi guruh tuzildi. Bu haqda «Hududgazta`minot» AJ matbuot xizmati xabar berdi.

O`rganish davomida quyidagilar aniqlangan.

Chaqnash sodir bo`lgan ushbu ikki qavatli, erto`lasiz hamda ikkita kirish yo`lagiga ega turar joy binosi 1960 yilda qurilgan va gaz ta`minotiga ulangan. Xonadonlarda gaz plitalari mavjud, ammo, isitish tizimi mavjud emas.

«Hududgaz Samarqand» MChJ mutaxassislarining o`rganish bo`yicha xulosalariga ko`ra, chaqnash sodir bo`lgan xonadonda “Brest” markali to`rt kamparaklik (ko`zli) gaz plitasi barcha texnik talablarga javob bergan, xonadondagi gaz quvurlari ham soz holatda bo`lganligi aniqlandi. 

Sodir bo`lgan hodisaga esa gaz jihozlaridan foydalanishdagi ehtiyotsizlik sabab bo`lgan. Xonadon egalari gaz plitasiga choynakda suv qo`yib, oshxonani tark etganlar. Suv qaynagach, xonadon egalari tomonidan o`z vaqtida o`chirilmaganligi sababli, qaynayotgan suv toshib, olovni o`chirgan. Gaz sizib chiqishining davom etishi natijasida, oshxonada xavfli havo-gaz aralashmasi to`plangan. Xonadon egasi xonani shamollatmasdan turib, gugurt yoqib yuborgan va chaqnash sodir bo`lgan. Natijada esa xonadonda yashovchi uch nafar fuqaro halok bo`lgan, to`rt nafari esa turli darajadagi tan jarohatlarini olgan. 

«Hududgazta`minot» AJ mamlakatimizning barcha fuqarolaridan kundalik hayotda gaz va gaz jihozlaridan foydalanish qoidalariga qat`iy rioya qilishlari zarurligi haqida ogohlantiradi. Gaz jihozlarining tozaligi va barqaror ishlashi, oshxonadagi mo`rikon va havo aylantiruvchi ventilyasion kanallarni doimiy ravishda nazorat qilib borish, gaz plitalarini ustini begona narsalar bilan yopmaslik, yoniq gaz jihozlarini esa qarovsiz qoldirmaslikni eslatib o`tadi. 

Mamlakatimizda hukm surayotgan karantin davrida ham «Hududgazta`minot» AJning respublikamizdagi barcha hududiy bo`limlari odatdagidek o`z faoliyatlarini davom ettirmoqdalar. Hurmatli iste`molchilar, agar qishloq, mahalla, ko`cha va xonadoningizda gaz sizib chiqish holati yoki boshqa nosozliklarni aniqlasangiz, zudlik bilan 104 raqami orqali avariya-dispetcherlik xizmatiga, shuningdek, 1104 yoki (71) 200-08-04 raqamlari orqali bizga xabar bering.

 

    Boshqa yangiliklar