AsosiyShou-biznes

Yulduz RAJABOVA: “Tajribasiz aktyor bilan suratga tushish yoqmaydi”

"Qaltis savol" loyihasining galdagi qahramoni yosh bo`lishiga qaramay, kinodagi imkoniyatlari qay darajada ekanini ko`rsatishga ulgurgan aktrisa Yulduz RAJABOVA...

1. Yulduz, muvaffaqiyatingizni kliplardagi ishtirokingiz ta`minlagan. Shu sabab tomoshabinlar sizni klipdagi aktrisa sifatida tanishadi. Buni “tamg`a” deb qabul qilasizmi yo omad?

— Omadim! Agar ilk qadamimni kliplarda suratga tushishdan boshlamaganimda bugun kinodagi faoliyatim qanday bo`lardi, bilmadim. Shu bois tomoshabin meni klipdagi aktrisa sifatida tanishini to`g`ri qabul qilaman.      

2. San`at olamiga kirib kelganingizga to`rt yil bo`ldi. Lekin bu muddatda aktrisa sifatida aytishga arzigulik marralarni zabt eta olmadingiz?

— Tomoshabinlar shu fikrda bo`lsa, demak rostdan ham shunday. Lekin ijoddan sira to`xtayotganim yo`q. Bilasizmi, arzigulik marrani zabt etmaganimning sababi bugungi kunda aktyorlarning yangi qirralarini ochadigan omillarning yo`qligida. Masalan, hali kuchli dramaturgiya asosiga qurilgan ssenariy menga etib  kelganicha yo`q.      

3. Kliplardagi ishtirokingizdan so`ng jiddiy janrdagi filmlarda suratga tushishingiz tomoshabin e`tiborini qozonish uchun qo`yilgan qadammi?

— Yo`q, aktrisa sifatida nimalarga qodir ekanimni sinash va mahoratimni charxlash, tarbiyaviy ahamiyatga ega rollarni o`ynash uchun qo`yilgan qadam. Bu jarayonda tomoshabin e`tiboriga tushish haqida sira o`ylamaganman. Lekin yuqoridagi omillar qatori muxlislarning e`tibori ham men uchun muhim. Bularning bari mening nazdimda bitta pog`onada turadi.     

4. Yulduz Rajabova uchun filmlardagi bosh qahramonlar rolini ijro etish afzalmi yo O`zbek Milliy akademik drama teatri sahnasida ommaviy sahnalarda ishtirok etishi?

— Qaltis savol... (O`ylanib) kino bilan teatrni bir-biridan ajratishni istamayman. Biroq teatr doim aktyorlar uchun birinchi o`rinda turgan. Jonli muloqot maskani bo`lgan bu muqaddas dargoh sahnasidagi ishtirokimni afzal bilaman, garchi u ommaviy sahnalardan iborat bo`lsa ham. Chunki teatrga mehrim bo`lakcha. Lekin kinoda ham, teatrda ham birdek bor kuchimni berib ishlayman. Nasib etsa, O`zbek Milliy akademik drama teatrida ishlash niyatim bor.  

5. “Turist” va “Xazon” filmlarida suratga tushishingizga nima turtki bo`lgan — ssenariy yo rejissyor? Partnyoringiz sabab emasligi aniq, chunki noprofessional “aktyor” bilan suratga tushish o`zingizga ham yoqmasa kerak?

— “Xazon” filmi ilk tajribam edi. Ssenariy yoqqani uchun bu kinokartinada suratga tushishga rozi bo`lganman. Chunki ishni nimadandur boshlash kerak-ku. “Turist”da esa professional rejissyor Ayub Shahobiddinov bilan ishlashga qiziqqanman. Qolaversa, ssenariy ham yomon emasdi. Partnyorlar masalasiga kelsak, noprofessional “aktyor” bilan suratga tushish yoqmaydi. Chunki partnyor meni his qilmasa, uning “qolip”iga tushib qolaman. Bu ikkita film ijodimning ilk pog`onasi bo`lgani uchun ham partnyorlarimning noprofessionalligiga ko`z yumganman.       

6. Kinoda sizga munosib “turmush o`rtoq” — Yigitali Mamajonov, Doniyor Hafizov, Farrux Soipov? 

(Kuladi) bilmasam... Uchchovining ijrosini hurmat qilaman. Doniyor bilan kursdosh bo`lganmiz. Do`stona munosabatimiz sabab, Doniyor bilan partnyor bo`lib ishlash osonroq.        

7.  Aktrisalar orasidagi munosabat ko`ngildagidek emas, deyishadi. Siz ham shu “qozon”dasiz...

— Hamma aktrisalarimizning ijodi o`ziga yarasha. To`g`ri, ko`pchilik aktrisalar bilan yaqindan muloqotda bo`lmayman. Lekin ish yuzasidan ko`rishib qolsak, risoladagidek salom-alik qilamiz. Shaxsan o`zimga nisbatan salbiy qarashlarni his qilmaganman. Aktrisalar Zarina Nizomiddinova, Gulchehra Eshonqulova, Asal Shodieva, Nigina Anorboeva, Sug`diyona, Sitora Alimjonova bilan do`stona munosabatdamiz.   

8. O`zbek tilida ravon so`zlamasangizda “Turist” filmidagi qahramoningizni o`zingiz ovozlashtirgansiz. Boshqa aktrisa sizga ovoz berishini qabul qilolmaysizmi?   

— Yo`q nega endi? Boshqa filmlarimdagi qahramonlarimga Dildora Bekjanova ovoz bergan. Dildora opaning ovozi menga juda yoqadi. Rosti, dublyaj qonun-qoidalarini to`la o`rganib, so`ng o`z rollarimni ovozlashtirsam, deyman. Yo`qsa, tajribam yo`qligi, noprofessionalligim bilan film darajasini tushirib qo`yishim mumkin.   

9. Hozir Toshkent Davlat san`at va madaniyat institutining magistratura bosqichiga hujjat topshirib, pedagog bo`lish niyatingiz bor ekan. Bu kelajak uchun zahirami?  

— Hozir Toshkent Davlat san`at va madaniyat institut qoshida ochilgan teatr truppasida aktrisa bo`lib ishlayapman. Tan olaman, rejissyorlar aktyor-aktrisalarga nisbatan bevafo bo`ladi. Vaqt o`tib, filmlarga chaqirmay qo`yishganida tushkunlikka tushib qolmaslik uchun o`zimga hozirdan zahira “devor”i hozirlab qo`ymoqchiman.     

Maxsus savol!

10. Rayhon ULASENOVA, aktrisa: — Suhbatlaringizdan birida “Shou-biznesni boshqacha tasavvur qilgandim. Ko`cha-ko`yda sizni taniy boshlaganlaridan keyin  obro`ngizga  putur etkazmaslik, sha`ningizga dog` tushirmaslik haqida qayg`urarkansiz.”, degandingiz. Masalan, men ham san`atdagi ilk qadamlarimda har xil vaziyatlarga duch kelganman. Biroq taslim bo`lmay, o`z tasavvurimdagi “olam”ga erishishga intilganman. Noxush vaziyatlar hamma kasbda ham bo`ladi. Yo san`at sohasini tanlaganingizdan afsusdamisiz?

— Yo`q, afsusdamasman. San`at sohasiga kirganimdan so`ng sha`nimga putur etkazmaslik mas`uliyati ikki karra oshganini his qilib, o`zimni yo`qotib qo`ygandim. Lekin hozir o`zimni qo`lga oldim, bari ortda tajriba bo`lib qoldi.  

Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi.    

    Boshqa yangiliklar