Ma`lumki, qariyb bir oydan buyon O`zbekistonda karantin sharoiti hukm surmoqda. Aholi harakatlarini cheklash va odamlar gavjumlashishiga yo`l qo`ymaslik, shu bilan birga fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida barcha hududlarda ko`chma oziq-ovqat yarmarkalari tashkil etilmoqda.
Biroq, Samarqand viloyati Nurobod tumanidagi Uzku qishlog`i aholisidan mutasaddilar na xabar olishadi va na hol surishadi. Ushbu qishloqdagi mavjud ahvol yuzasidan "Darakchi" muxbiri aholi dardini eshitdi.
Uzkuliklarning aytishicha, ular ehtiyojlari uchun bozorga bormoqchi bo`lsalar – yo`llar yopiq. Kichkinagina bo`lsada oziq-ovqat do`koni bo`lmagan qishloqda istiqomat qilib kelayotgan aholi nima eb, nima ichayotgani bilan birovning ishi yo`q.
– Televizorda ko`rayapmiz ko`chma bozorlar chekka mahallalarga ham bormoqda. Bizku amallab kunimizni ko`rayapmiz, lekin kam ta`minlangan, qiynalib yashayotgan yosh oilalar bor. Ular jo`jabirdek jon bo`lsa, shularni uylab siqiladi odam. Qo`ni-qo`shnilar, baraka topishsin, xabar olib turibmiz, shunday paytda hol-ahvol so`ramasak qachon so`raymiz”, – deydi qishloq kayvonilaridan biri kuyunib.
Suhbatga Igamrayim aka ham qo`shildi:
– Qishlog`imizdagi muammolarni televizorda ko`rsatishganida tuman hokimiyat vakili bahorda tuzatib beramiz, deb va`dani quyuq qilib ketgan edi. Mana bahor ham keldi, ammo ulardan hamon darak yo`q. Ko`prik qachon ta`mirlanadi bu yog`ini Xudo biladi. Qulab ketishidan o`zi asrasin ishqilib!”

Qishloqqa kirib borishdagi ko`prik haqida kuyunib gapirishar ekan, uning ahvoli nafaqat achinarli, balki harakat uchun juda ham xavfli ekanligi yaqqol bilinib turibdi. "Balki yo`llarimizning abgorligi, ko`prikning xavf-xatarga to`laligi sabab, bizni oldimizga kelishdan qochayotgandir, "kattalar", deya o`ksishmoqda qishloq aholisi.

Ularning dardini eshitib, biz ham o`ylab qoldik: balki, Uzku qishlog`i rostdan ham xaritadan tushib qolgandir, lekin, viloyat, tuman hokimlari nazaridan tushib qolmagan bo`lsinda, ishqilib...
Zora, ham oziq-ovqatdan, ham e`tibordan chetda qolayotgan uzkuliklar dardi "tepadagilar"ga etib borsa...






