AsosiySport

O`rta-Chirchiqda uchqur arg`umoqlar namoyishi bo`lib o`tdi

Toshkent viloyati O`rta-Chirchiq tumanida  “Turkiston yulduzi – 2015” Markaziy Osiyo ochiq chempionati tashkil etildi.

O`n oltinchi marta o`tkazilayotgan mazkur musobaqa O`zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda O`zbekiston ot sporti federasiyasi hamkorligida tashkil etildi. Unda Axalteke zotli yuz boshga yaqin ot namoyish etildi.

O`zining tashqi ko`rinishi, kuch-quvvati, chaqqonligi va abjirligi bilan ajralib turadigan bu otlarning vatani – hozirgi Turkmanistonning Orol-Kaspiy pasttekisligida joylashgan Axalteke vohasi hisoblanadi. Axalteke otlari haqidagi ilk yozma ma`lumotlar Gerodot asarlarida uchraydi. O`tmishda ham bu otlarga talab juda yuqori bo`lgan.

Otlarning bu zotini etishtirishga yurtimizda alohida e`tibor qaratilmoqda. Bugungi kunda respublikamizda 250 boshdan ziyod ana shunday zotli ot parvarishlanadi. Chavandozlar ushbu otlarni keng maydonga olib chiqib, ularni tomoshabinlar ko`rigidan o`tkazishdi. Otlar orasidan g`oliblarni belgilashda tomoshabinlarning ham ovozlari e`tiborga olindi.

Tanlovda ayg`irlar orasida “O`zbegim” ot zavodida etishtirilgan “Olmos” laqabli ot eng yuqori ball to`plab, “Turkiston yulduzi – 2015” g`olibi  deb topildi. Biyalar orasida “Grimxon” laqabli ot g`olib chiqdi.

Eslatib o`tamiz, “O`zbegim” ot zavodi tashkil etilganiga 20 yildan oshdi. Zavod ochilganida bu erda bor-yo`g`i 5 bosh ot bor edi. Hozir zavodda 200 ga yaqin ot parvarishlanmoqda. Ular orasida arab, ingliz, nemis zotli hamda Axalteke otlari bor.

    Boshqa yangiliklar