Avvalroq, 2020 yil 20 yanvar kuni soat 14:20 larda Samarqandda ijro harakatlarini amalga oshirayotgan MIB xodimlariga qarshilik qilgan ayol ularni yoqib yuborgani haqida xabar berilgan edi. Shundan so`ng, MIB ushbu holatga batafsil oydinlik ham kiritgan.
Ayni paytda Oliy sud Matbuot xizmatining ma`lum qilishicha, ASIA TERRA saytida 2020 yil 18 aprel kuni “JITELNISA SAMARKANDA, OBVINENNAYa V POPITKE PODJOGA GOSSLUJAShIX, UJE TRI MESYaSA NAXODITSYa V SIZO” sarlavhali maqola e`lon qilingan.

Mazkur maqoladagi holatga Oliy sud tomonidan rasmiy tushuntirish bildirildi.
Keltirilishicha, 2020 yil 20 yanvar kuni Majburiy ijro byurosi Samarqand shahar bo`limi davlat ijrochisi M. Bekmuhammedov, bo`lim boshlig`i o`rinbosari F. Ibragimov va jami 23 nafar davlat ijrochilari bilan birgalikda ish yurituvidagi fuqarolik ishlari bo`yicha Samarqand shahar sudining 2019 yil 12 sentyabrdagi ijro hujjatiga asosan uy-joydan chiqarish yuzasidan Samarqand shahri Navoiy-shox ko`chasi 49-uy 16-xonadonda majburiy ijro harakatlarini boshlash jarayonida, fuqaro Dilorom Roziqova uy-joydan chiqishdan qat`iy bosh tortib, MIB Samarqand shahar bo`limi xodimlarining xizmat faoliyatiga faol qarshilik ko`rsatadi. Hatto, ularning ustiga benzin yoqilg`isini sepib, qo`lida yonib turgan sochiqni ularni ustiga qasddan uloqtirib yuborib, davlat ijrochilarini xizmat vazifalarini bajarishdan voz kechishiga majbur qilgan.
Shunga ko`ra, Jinoyat kodeksining 219-moddasi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko`rsatish) 2-qismi bilan ayblangan D. Roziqova (1978 yilda Samarqand shahrida tug`ilgan, o`zbek, oilali, 1 nafar farzandi bor, vaqtincha ishsiz, muqaddam sudlangan, 2020 yil 23 yanvardan unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo`llanilgan)ga nisbatan yuritilgan jinoyat ishi jinoyat ishlari bo`yicha Samarqand shahar sudining ish yurituvida bo`lgan. Biroq, O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatining 2020 yil 20 martdagi “O`zbekiston Respublikasi sudlarida COVID-19 koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish to`g`risida”gi qaroriga muvofiq mamlakatimiz sudlarida fuqarolarning shaxsiy qabuli, sud jarayonlari va sayyor sud majlislari vaqtincha to`xtatilganligi sababli ushbu jinoyat ishini ko`rish noma`lum muddatga qoldirilgan.
O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati






