1

Deputat: "Evroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlik tashqi mehnat migrasiya masalalarida qanday o`zgarishlarga olib keladi?"

Siyosat 22.04.2020, 09:46
Deputat: "Evroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlik tashqi mehnat migrasiya masalalarida qanday o`zgarishlarga olib keladi?"

Prezidentning Oliy Majlisga Murojaatnomasida mamlakat iqtisodiyoti raqobatbardoshligini va eksport salohiyatini oshirish davlat siyosatining ustuvor yo`nalishlaridan biri ekanligi, bu masalani halq vakillari ko`rib chiqishi zarurligi ta`kidlab o`tilgan edi.

Shundan kelib chiqqan holda, Qonunchilik palatasining deputatlari tomonidan O`zbekistonni Evroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlik masalasining barcha jihatlari chuqur tahlil qilinmoqda, qo`mitalar, fraksiyalar hamda palataning kengaytirilgan majlislarida atroflicha ko`rib chiqilmoqda. Xususan, bu borada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Sherzod QULMATOV o`z pozisiyasini bildirdi.

"Bugungi kunda mamlakatimizda Evroosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo`shilish yoki kuzatuvchi davlatlar qatoriga kirish eng ko`p va qizg`in muhokama qilinayotgan mavzulardan biri bo`lib qolmoqda.

Albatta ta`kidlash lozimki, bu hususida fikrlar hamda qarashlar xilma-xil va turlicha. Mamlakatimizning EOII bilan hamkorligining salbiy hamda ijobiy jihatlari to`g`risida ham turlicha firklar bildirilmoqda, bir-birini inkor etuvchi pozisiyalar ham bor.

Xususan, birgina tashqi migrasiya masalasiga to`xtaladigan bo`lsak, EOII bilan hamkorlik natijasida migrantlarimizning huquqlari qanday hal etiladi, degan masala tahlil qilindi.

Ma`lumotlarga ko`ra, mamlakatimiz Evroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a`zo davlatlar ichida mehnat resurslari soni bo`yicha Rossiya Federasiyasidan keyingi o`rinda turadi. Bu esa, o`z navbatida, davlatimizning mehnat resurslariga boyligini, mehnat salohiyati yuqoriligini ko`rsatib turganligi sababli yurtimizda tashqi mehnat migrasiyasi o`ta muhim masalalardan biri bo`lib qolmoqda.

Yurtimizdan bugungi kunda 2,4 milionga yaqin kishi chet davlatlariga ishlash uchun chiqib ketgan bo`lsa, ularning 80 foizidan ortig`i Rossiya Federasiyasi va Qozog`iston Respublikasi hissasiga to`g`ri keladi.

O`zbekiston fuqarolari Rossiya Federasiyasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan xorijiy fuqarolar soni bo`yicha birinchi o`rinda turadi.

Buni shu vaqtga qadar Rossiya Federasiyasi hududida migrasiya xizmatlari tomonidan deklarasiya qilingan 2,1 mln. yurtdoshlarimiz mehnat faoliyatini amalga oshirib kelayotgan bo`lsa, birgina 2019 yilning o`zida O`zbekiston fuqarolariga ishlash uchun 1,1 mln. ruxsatnomalar berilganligidan ham ko`rish mumkin.

Shundan kelib chiqib, ta`kidlash lozimki, kelgusida O`zbekiston Respublikasi Evroosiyo iqtisodiy ittifoqiga to`laqonli a`zo bo`lib kiradigan bo`lsa, Rossiya federasiyasida mehnat qilish istagida bo`lgan O`zbekiston fuqarolari uchun bir qator imtiyozlar qo`llanilishi mumkin bo`ladi.

Birinchidan, mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun Rossiya federasiyasi tomonidan beriladigan ruxsat beruvchi hujjatni (patentni) rasmiylashtirish talab etilmaydi.

Ikkinchidan, O`zbekiston fuqarolarini Rossiya Federasiyasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun tegishli tibbiy hujjatlar, shu davlatning tilini, tarixini, qonunchilik asoslarini bilishi to`g`risida sertifikat olish, suratga tushish va majburiy davlat daktiloskopik ro`yxatdan o`tish talab etilmaydi.

Uchinchidan, O`zbekiston fuqarolari Rossiya Federasiyasida migrasiya hisobida turishi lozim bo`lgan muddat 7 kundan 30 kungacha muddatga uzaytiriladi.

  To`rtinchidan, O`zbekiston mehnat migrantlari Rossiya Federasiyasining istagan sub`ekti hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish imkoniyatiga ega bo`ladi.

Beshinchidan, O`zbekiston Respublikasi fuqarolariga iqtisodiy faoliyatning Rossiya Federasiyasi Hukumati tomonidan tasdiqlangan ayrim turlarida xorijiy ishchilarning mumkin bo`lgan soni, iqtisodiy faoliyatning ayrim turlariga xorijiy ishchilarni jalb qilishni taqiqlash, Rossiya Federasiyasi sub`ektlari tomonidan belgilanadigan patentlar berilishi va rasmiylashtirishini man etish kabi cheklovlar tatbiq etilmaydi.

Bundan ko`rinib turibdiki, EOII a`zolik O`zbekiston Respublikasi fuqarolariga moliyaviy yuklamaning kamayishiga erishiladi.

Shuningdek, fuqarolarimizning xizmatlar ko`rsatish, shu jumladan chakana savdo, umumiy ovqatlanish, transport, mehmonxona xo`jaligi, shuningdek, qurilish va qishloq xo`jaligi sohalarida mehnat faoliyatini qonuniylashtirish hamda rasmiylashtirish darajasi oshishiga sabab bo`ladi.

Bundan tashqari, ish beruvchilarda ishga joylashish tartibining soddalashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasi fuqarolarini boshqa davlatlar fuqarolari o`rniga ishga olish uchun real rag`batlantiruvchi omil paydo bo`lishiga, Rossiya Federasiyasida mehnat qilayotgan fuqarolarning mehnat va ijtimoiy huquqlari bilan bog`liq holatlar ham sezilarli ravishda yaxshilanadi. Xususan, ishchi va uning oila a`zolari ish beruvchi tomonidan taqdim etiladigan ijtimoiy paketdan (tibbiy sug`urta va boshqalar) sifatli foydalanish imkoniyatiga ega bo`ladi.

Shuningdek, hisob-kitoblarga ko`ra, O`zbekistonga pul o`tkazmalari hajmlari hozirgi 4,5 mlrd. AQSh dollaridan taxminan ikki yil davomida yiliga 7-8 mlrd. AQSh dollariga ko`payishiga sabab bo`ladi.

Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi va uning vakolatxonalari, shuningdek, O`zbekistonning Rossiyadagi vakolatxonalaridagi mehnat migrasiyasi bo`yicha attashe mehnat migrantlarining huquqlarini himoya qilishi osonlashishiga hamda ish beruvchilarga, shu jumladan mehnat va ichki ishlar organlariga ta`sir o`tkazishning rasmiy yo`llaridan foydalanish imkoniyatlari kengayadi.

Bunga qo`shimcha qilib aytish mumkinki, Rossiyalik ish beruvchilar bilan mehnat munosabatlarini to`g`ridan-to`g`ri hal etish imkoniyati paydo bo`lishi sababli uyushgan mehnat migrasiyasi oqimi (dastlabki yilda umumiy oqimning 10-20 foizigacha) bir muncha ko`payadi.

Albatta bu tahlillar bir tomonlama bo`lib, EOII bilan hamkorlikning tashqi mehnat migrasiyasi sohasidagi ijobiy jihatlariga qaratilgan edi. Shu bilan birgalikda, ta`kidlash kerakki, buning o`ziga yarasha salbiy tomonlari, yuzaga kelishi mumkin bo`lgan qator muammolari ham bo`lishi mumkin.

Nima bo`lganda ham muhokamalar hali davom etmoqda. O`zbekistonning EOIIga qo`shilishi tufayli kelib chiqadigan afzalliklar va xatarlar jiddiy o`rganib chiqilgandan so`ng kelinadigan yakuniy qaror albatta mamlakatimizning milliy manfaatlariga xizmat qiladi", — tahliliga yakun yasagan deputat.    
 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1