Prezident Shavkat Mirziyoyev ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Unda ilm-fan sohasini rivojlantirish, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash va ilmiy faoliyatdagi ortiqcha byurokratik to‘siqlarni qisqartirishga qaratilgan qator yangiliklar muhokama qilindi.
Taqdim etilgan takliflarga ko‘ra, sun’iy intellekt, yashil energetika, tibbiyot hamda oziq-ovqat xavfsizligi kabi ustuvor yo‘nalishlarda tadqiqot olib borayotgan doktorantlar stipendiyasi 1,7 barobarga oshiriladi.
Shuningdek, dissertatsiya himoyasi jarayonlari to‘liq raqamlashtirilishi rejalashtirilmoqda. Bu orqali ortiqcha qog‘ozbozlik, ko‘p sonli hujjatlarni chop etish va avtoreferatlarni katta miqdorda tayyorlash kabi talablar bekor qilinadi. Natijada byurokratik jarayonlar qariyb 50 foizga qisqarishi kutilmoqda.
Takliflarga muvofiq, Oliy attestatsiya komissiyasi faoliyati Fanlar akademiyasi tizimida tashkil etiladi. Ilmiy kengashlar faoliyatini baholash uchun esa maxsus reyting tizimi joriy qilinishi nazarda tutilgan.
Yana bir muhim yangilik sifatida “Loyiha doirasida ilmiy daraja” va “Amaliy doktorantura” dasturlarini yo‘lga qo‘yish taklif etildi. Unga ko‘ra, PhD darajasi real iqtisodiyot korxonalari bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan loyihalar asosida ham olinishi mumkin bo‘ladi.
Bundan tashqari, xorijda faoliyat yuritayotgan vatandosh olimlarni jalb qilgan holda Ilm-fan maslahat kengashi tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Prezident mazkur takliflarni yanada puxta ishlab chiqish va ilmiy tadqiqotlar sifatini oshirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.






