“Novza” jome masjidi imom xatibi Jaloliddin HAMROQULOV javob berdi.
Kuni kecha Azharning xalqaro elektron fatvolar markazi "shifokorlar ro`za koronavirusga chalinish va u orqali halok bo`lish xavfini kuchaytiradi degan taqdirda va bu narsa ilmiy jihatdan o`z tasdig`ini topganda, ro`za tutmaslik mumkin bo`ladi", degan fikrlarni e`lon qildi. Va unga qo`shimcha ravishda ayni paytda ro`za kasallikka chalinishga sabab bo`lishi mumkinligi "hozirgacha ilmiy tasdig`ini topgan emas", deb ham qayd etgan.
Darhaqiqat, karantin vaqtida ro`zani qanday tutmoq kerak. Bunda odatdagi yillardan farqli ravishda ro`za tutishda nimalarga e`tiborli bo`lishimiz shart?
Bu borada yana qanday tavsiyalar mavjudligi bilan qiziqib, poytaxtimizdagi “Novza” jome masjidi imom xatibi Jaloliddin HAMROQULOVga murojaat etdik.
– Bu yilgi ro`za ham o`tgan yilgi ro`zalardan hech farq qilmaydi, – deydi J.Hamroqulov. – Chunki karantinda o`tirganda ro`za tutish yanada oson. Harakat kam bo`ladi, ham bu yil o`tgan yilga qaraganda Ramazon oyi 10 kun avval keldi. Eng muhimi, yaqinlarimiz va qo`ni –qo`shnilarimiz orasida yordamga muhtojlar bo`lsa, imkon qadar ularni qo`llab-quvvatlashimiz kerak bo`ladi.
Istisno sifatida aytishimiz mumkin, bu yil Ramazon oyida sunnat bo`lgan Taroveh namozlari uyda o`qiladi. Farz namozlar uyda o`qilib turganda, sunnat namozining uyda o`qilishi o`z-o`zidan tushunarli. Xatmi Qur`onlar telivedenie orqali olib berilishi rejalashtirilgan.
Har yili tashkil qilinadigan ko`p kishilik iftorlik ziyofatlari bo`lmaydi. Uning o`rniga oila davrasida iftorliklar va muhtojlarga pul yoki taom ko`rinishidagi ehsonlar bo`ladi. Bu muqobil ko`rinishlar bilan ham maqsad hosil bo`ladi, qiynalgan oilalarga xursandchilik ulashiladi. Alloh taolo barchamizga muborak Ramazon oyini ko`tarinki ruhda o`tkazishni nasib qilsin. Shu muborak oyda turli balolar, xususan, tojsimon virusni ham boshimizdan daf etsin!
Shu o`rinda qayd etish kerakki, Ramazon oyida taroveh namozida Qur`onni xatm qilish sunnat amallardan hisoblanadi. Qodir bo`lgan kishilar taroveh namozlarida o`z oilalari bilan birga o`qishlari mumkin. Qodir bo`lmaganlar ijtimoiy tarmoqlarda qorilar tomonidan onlayn tarzda uzatiladigan xatmni tinglashlari mumkin. Zero, Qur`onni eshitish ham uni qiroat qilish kabi savobli amallardandir.






