Buxoro viloyatida kuzatilgan kuchli shamol natijasida zarar ko`rgan hududlarda tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish, obodonlashtirish va tartibga keltirish maqsadida Qorako`l tumani hokimligi oldida barcha mas`ul idora va tashkilotlar ishchi xizmatchilari bilan yo`riqnoma o`tkazilib, maxsus texnikalar safarbar etildi.
O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-leytenant Po`lat Bobojonov va boshqa mutasaddi idoralari vakillari rahbarligida Buxoro viloyati hududida 27 aprel kuni soat 20:30 dan 28 aprel 00:30 ga qadar yuz bergan kuchli shamol natijasida eng ko`p zarar ko`rgan viloyatning Qorako`l va Olot tumanlaridagi tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish ishlari tashkillashtirildi.
Ichki ishlar vaziri mazkur yo`nalishda amalga oshirilishi lozim bo`lgan ishlar yuzasidan mas`ullarga tegishli tavsiya, ko`rsatma va topshiriqlar berdi.
Qorako`l tumani dehqon bozorida bo`lgan mas`ullar bozorda karantin qoidalariga rioya etilishi, narx-navolarning barqarorligi bilan tanishdilar.
Talofat ko`rgan korxona va tashkilotlar mas`ullar va xonadon egalari bilan suhbatda ularga davlat tomonidan amaliy yordam ko`rsatilishi xususida tushuntirib o`tildi.
Ushbu tumanlarda barcha davlat va jamoat tashkilotlari, xususan ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish, jamoat tartibini saqlash, aholi o`rtasida turli uydirmalar tarqalishini oldini olish, yo`l harakati xavfsizligini ta`minlash borasida hamkorlikdagi ishlar jadal sur`atlarda olib borilmoqda.






