1

Jismoniy tarbiya yo`nalishidagi talabalarning yakuniy imtihonlari qanday olinadi? Rektor bilan suhbat

Sport 01.05.2020, 07:04
Jismoniy  tarbiya yo`nalishidagi talabalarning yakuniy imtihonlari qanday olinadi? Rektor bilan suhbat

Koronavirus pandemiyasi butun insoniyat, shu jumladan sportchilar hayot tarzini ham o`zgartirib yubordi, masofaviy ish va masofadan turib ta`lim olish, xizmatlar qatorida ta`lim tizimi ham tezda onlayn formatga o`tishga majbur bo`ldi. O`zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori, professor Maxmudjon Boltabaev bilan universitetda karantin paytida olib borilayotgan ta`lim va uning ta`siri haqida suhbat tashkil etildi.

- Universitetda onlayn o`qitish kursini tashkil qilish uchun mo`ljallangan platformada barcha zaruriy elementlar yaratilganmi?

- Universitet o`quv jarayonining uzluksizligini ta`minlash va talabalarning bilim olish darajasini masofadan turib metodik qo`llab-quvvatlash maqsadida 2019/2020 o`quv yili bahorgi semestr fanlari bo`yicha masofaviy ta`lim tizimi to`liq yo`lga qo`yildi. http://moodle.uzdjtsu.uz/moodle/ masofaviy ta`lim tizimiga bahorgi semestr bo`yicha 7 ta ta`lim yo`nalishi hamda 2 ta magistratura mutaxassisliklari uchun 98 ta fandan o`quv adabiyotlari, o`quv-uslubiy majmualar va boshqa manbalar professor-o`qituvchilari tomonidan platformaga joylashtirildi.

Hozirda universitetning barcha talabalari http://moodle.uzdjtsu.uz/moodle/ masofaviy ta`lim tizimida ro`yxatdan o`tib, o`z yo`nalishlari bo`yicha uyda turib ta`limni davom ettirmoqda.

Masofaviy ta`lim qamrovini oshirish maqsadida talabalarimiz uchun masofaviy ta`lim platformasidan foydalanish bo`yicha video yo`riqnomalar ishlab chiqildi. Shuningdek, universitet professor-o`qituvchilari tomonidan vebinar texnologiyalari asosida ma`ruzalar tashkil etish boshlandi. Ma`ruzachi o`qituvchilar masofadan turib ishlash, o`qish va muloqot qilishga mo`ljallangan Zoom dasturidan foydalangan holda videokonferensiya ko`rinishida ma`ruzalar o`tishni boshladi.

Shu bilan birga yangi tizim orqali ishlashda muammolar ham mavjud. Bu boradagi elektron manbalar miqdori etarli emasligi, ta`lim resurslariga joylanayotgan materiallar asosan umumkasbiy fanlardan bo`lib, mutaxassislik fanlaridan ma`lumotlar talabalarning ehtiyojlarini to`liq qamrab olmaydi. Shuningdek, talabalar asosan, respublikaning turli viloyatlaridan bo`lib, ularning barchasida kompyuter texnologiyalari, yuqori tezlikdagi internet va mobil internetdan foydalanish imkoni mavjud emas. Masofaviy ta`lim tizimida talabalarning bilimini baholashning samarali va shaffofligini kamaytiradi. Joriy va oraliq nazorat sinovlarni o`tkazish jarayonida talabalar tomonidan vazifalar shaxsan bajarilishini nazorat qilish imkoni mavjud emas.

Yuqoridagi muammolarning oldini olish borasida professor-o`qituvchilar talabalar bilan turli masofaviy ko`rinishlarda, jumladan, telegramm guruhlari, kanallari va boshqa tizimlar orqali on-line tarzda muloqotga kirishib, fanlar bo`yicha tegishli mavzularni muhokama qilgan holda talabalarga maslahatlar berib bormoqda.

- Barcha professor-o`qituvchilar masofaviy ta`limga jalb qilinganmi?

- Universitetimizda faoliyat olib borayotgan 356 nafar professor-o`qituvchidan 326 nafari masofaviy ta`limga jalb qilingan bo`lib, shundan 292 nafari bevosita onlayn dars-mashg`ulotlarini olib borishmoqda. Qolgan 34 nafar professor-o`qituvchilarga o`quv-metodik qo`llanmalar, ilmiy maqolalar hamda yangi o`quv yiliga tayyorgarlik ko`rish bo`yicha ishlar taqsimlangan. Yangi o`quv yiliga tayyorgarlik ko`rish va o`quv jarayonini sifatli tashkil etishni ta`minlash bo`yicha kafedralarda doimiy ravishda monitoring o`tkazib borilmoqda. Mazkur jarayonda kafedralarning ishchi o`quv reja va ishchi fan dasturi, namunaviy o`quv rejasi, auditoriyalarning yangi o`quv yiliga tayyorgarlik holati, ma`ruzalarning elektron shakllari, kafedraning reyting nizomi, barcha ta`lim yo`nalishlari uchun DTS va malaka talablari bilan ta`minlanganlik kabi masalalar ko`rib chiqilmoqda.

- Universitetning professor-o`qituvchilari masofaviy ta`limni tashkil etish bo`yicha pedagogik dasturiy vositalar va axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan foydalanish ko`nikmalariga egami?

- Masofadan o`qitish tizimi zamon bilan hamqadam bo`lgan professor-o`qituvchilar uchun juda qulay usuldir. O`qituvchi internetga kiradi va tasdiqlangan darslar asosida saytga va yoki maxsus ijtimoiy tarmoq kanaliga o`zining video ma`ruzalarini, savol va topshiriqlarini joylab boradi.

Masofaviy ta`limning yana bir afzalligi shundaki, unda talabalar o`ziga qulay vaqtda va hattoki ishdan ajralmagan holda bilim olishi, professor-o`qituvchilarni tanlashi mumkin. Aynan shu afzalliklari tufayli professor-o`qituvchilar o`z bilimlarni oshirib borishiga sabab bo`lib, ta`lim sifatini oshirishga xizmat qiladi.

Karantin e`lon qilingan vaqtdan boshlab Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi tomonidan Oliy ta`lim muassasalari professor-o`qituvchilari uchun “Masofaviy ta`limni tashkil etish texnologiyalari” va “Ingliz tilini o`rganish” masofaviy kurslari yo`lga qo`yildi.

Mazkur masofaviy kurslarning maqsadi professor-o`qituvchilarning Masofaviy ta`limni tashkil etish, boshqarish mahoratlarini shakllantirish va rivojlantirish, shuningdek ularning ingliz tilini o`zlashtirishlari uchun qulay imkoniyatlar yaratishdan iborat.

Professor-o`qituvchilar ushbu kurslarda o`qishlari asosida masofaviy ta`limni tashkil etish bo`yicha pedagogik dasturiy vositalar va axborot-kommunikasiya texnologiyalari, elektron o`quv kontentlarini yaratish ko`nikmalariga ega bo`ldilar. Shuningdek, ingliz tili bo`yicha boshlang`ich yoki davom ettiruvchilar uchun alohida kurslarda o`zlarining til ko`nikmalarini rivojlantirmoqdalar.

- Universitetning o`ziga xosligidan kelib chiqib qaraydigan bo`lsak talabalarga masofaviy ta`lim qanchalik to`g`ri bo`lishi mumkin?

- Hozirgi kunda universitet talabalari va professor-o`qituvchilari bir-biridan olisda bo`lsa-da masofaviy ta`lim tizimida ular o`zaro maxsus yaratilgan o`quv kurslari, nazorat shakllari, elektron aloqa va internetning boshqa texnologiyalari yordamida doimiy muloqotda bo`lishmoqda. Internet texnologiyasini qo`llashga asoslangan masofaviy o`qitish jarayoni uzviy davom etishiga imkon beradi. Buning natijasida ta`lim oluvchilar uzluksiz mustaqil ta`lim olish imkoniyatiga ega bo`ldilar.

O`ylaymanki biz hozirgi paytda jismoniy tarbiya va sportda masofaviy ta`lim tizimini rivojlanishining dastlabki bosqichini boshlab berdik. Joriy yilning sentyabr oyidan sirtqi, maxsus sirtqi hamda kunduzgi ta`limda tahsil olayotgan terma jamoa a`zolari hisoblangan talabalarimizni masofaviy tarzda o`qitishni tashkil etsak ham bo`ladi.

Bunga sabab sirtqi, maxsus sirtqi hamda kunduzgi ta`limda tahsil olayotgan terma jamoa a`zolari hisoblangan talabalarimiz amaliyotni ish faoliyatida uzluksiz olib borishadi. Ularning ko`pchiligi bolalar va o`smirlar sport maktabi, ixtisoslashtirilgan bolalar va o`smirlar sport maktabi, ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari bolalar va o`smirlar sport maktabi, oliy mahorat sport maktabi, oliy sport mahorati maktabi, respublika oliy sport mahorati maktablarining trenerlari hisoblanishadi.

Agarda biz ushbu tizimni joriy etsak jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirishga, talabalarga ko`plab imkoniyat va qulayliklar yaratgan bo`lamiz.

Birinchidan, sirtqi, maxsus sirtqi hamda kunduzgi ta`limda tahsil olayotgan terma jamoa a`zolari hisoblangan talabalarimizga masofaviy ta`lim tizimida umumkasbiy va mutaxassislik fanlaridan ma`lumotlar onlayn tarzda etkazilib, ularning faoliyatini uzluksiz olib borishga zamin yaratiladi;

Ikkinchidan, talabalar faoliyat olib borayotgan sport maktabi o`quvchilarning sport mashg`ulotlarini tanaffussiz olib borish imkoniyati paydo bo`ladi.

Mazkur ta`limning yana bir afzallik tomoni, unda o`qish muddatini talaba o`zi belgilaydi, ya`ni talaba ixtiyoriy paytda bilim olishni boshlaydi, materiallarni o`qituvchi nazoratida o`zlashtiradi.

Shuningdek, masofaviy ta`limning tashkiliy-iqtisodiy afzalliklari ham mavjud bo`lib, masalan, o`qitish uchun talabalarga auditoriyalar, yotoqxonalar zarur emas. Talabalarning universitetga kelib ketish vaqti, yo`l kira, ijara va boshqa xarajatlari tejalishiga imkon yaratadi.

Yana bir muhim jihatni e`tibordan chetda qoldirmaslik zarur. Universitet sport yo`nalishlari bo`yicha mutaxassislar tayyorlash ta`lim muassasasi hisoblanadi. Shuning uchun ham kunduzgi ta`lim shaklida sportda pedagogik mahoratni oshirish fani ta`lim jarayonini 60-70 foizini tashkil etadi. Bu eng avvalo talabalarning sport yo`nalishlaridan kelib chiqib, ularda texnik, taktik bilimlarini oshirish sir-asrorlarini puxta egallashlari uchun zamin yaratadi.

Shundan kelib chiqib kunduzgi ta`lim shaklida o`qiyotgan talabalarning masofaviy ta`limda sportda pedagogik mahorat fanini to`liq o`zlashtirishida muammolar kelib chiqish mumkin:

- sportchi talabalar amaliy mashg`ulotlarni murabbiy nazorati ostida olib bormasligi;

- murabbiy tomonidan talabalarning mashg`ulot olib borishidagi xato va kamchiliklarini to`g`rilash imkoni mavjud emasligida ko`rishimiz mumkin.

Yuqoridagi muammolarni hal etish maqsadida universitetda masofaviy ta`lim tizimida o`qituvchi-murabbiylar tomonidan o`quv mashg`ulotlar videotasvirga olingan holda talabalarga onlayn tarzda etkazilib, vazifalar berilmoqda.

Shu bilan birga yangi o`quv yili boshida darsdan keyin sportda pedagogik mahoratni oshirish fanini talabalar to`liq o`zlashtirishlari uchun mutaxassislik kafedralari hamda universitet sport klubida qo`shimcha mashg`ulotlar yo`lga qo`yish orqali amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.

- Bitiruvchi kurs talabalarining yakuniy imtihonlari qanday tartibda amalga oshiriladi?

- O`quv yilining bu davriga kelib bitiruv bosqichi talabalarining nazariy va amaliy bilimlari puxta o`zlashtirilgan bo`lib, o`quv mashg`ulotlari deyarli yakunlangan. Shundan kelib chiqib, yakuniy davlat attestasiyasini davlat imtihoni shaklida (bakalavr bitiruvchilarga on-layn test sinovlari, magistraturada on-layn himoya va boshqa shakllarda) o`tkazishga tayyorgarlik ko`rilmoqda.

Xulosa qilib aytadigan bo`lsak masofaviy ta`lim jarayoni muttasil takomillashtirilib borilmoqda. Masofaviy ta`lim bilim va tajribaga ega bo`lgan har bir shaxsga boshqalar bilan o`z salohiyatini bo`lishish uchun imkon beradi. Bu jarayon ta`lim beruvchi va ta`lim oluvchi uchun manfaat keltirishi zarur. Shu maqsadda universitet Kengashi a`zolari va kafedra mudirlarining onlayn videokonferensiyalari o`tkazilib, unda bu boradagi ilg`or tajribalar keng ommalashtirilmoqda, ayrim muammolar echimi hal etilmoqda.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1