Oliy Majlis Senatining to`rtinchi yalpi majlisida “Salomatlik” ordenini ta`sis etish to`g`risida”gi hamda “Sog`lom turmush” medalini ta`sis etish to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi qonunlari muhokama etildi.
Dunyo miqyosida koronavirus pandemiyasi davom etayotgan bir vaqtda mamlakatimizda davlatimiz rahbari rahnamoligida ko`rilgan tezkor va muhim choralar ko`rilib, fidoyi shifokorlar, ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlari, saxovatpesha insonlar, karantin sharoitida xalqimiz matonati bilan pandemiyani jilovlashga muvaffaq bo`linmoqda.
Shu munosabat bilan “Salomatlik” ordenini ta`sis etishni davrning o`zi taqazo etmoqda.
Ushbu orden ikki darajadan iborat bo`lib, I darajali “Salomatlik” ordeni bilan tibbiyot sohasini rivojlantirish, zamonaviy talablar asosida takomillashtirish va aholi salomatligini mustahkamlash ishlariga munosib hissa qo`shganlar taqdirlanadi. II darajali orden bilan esa aholi salomatligini muhofaza qilish, turli kasalliklarning barvaqt oldini olish va bartaraf etishda faol ishtirok etgan shaxslar mukofotlanadi.
Xuddi shuningdek, aholi orasida sog`lom turmush tarzini shakllantirish, shaxsiy gigiena qoidalariga rioya qilishni keng targ`ib qilish, jismoniy tarbiya va badantarbiyani kundalik turmush tarziga aylantirib, jamoatchilikka shaxsiy namuna bo`layotgan hamyurtlarimiz xizmatlari e`tirof etish maqsadida “Sog`lom turmush” medali ta`sis etilmoqda.
“Salomatlik” ordeni hamda “Sog`lom turmush” medali bilan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo`lmagan shaxslar ham taqdirlanishi mumkin.
Ushbu orden va medalning ta`sis etilishi bugungi kunda xalqimiz salomatligi uchun kurashayotgan fidoyi kasb egalari, shuningdek, sinovli kunlarda insoniy fazilatlarini namoyon etayotgan saxovatpesha va mard hamyurtlarimizni ma`naviy-ruhiy rag`batlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
To`rtinchi yalpi majlis kun tartibidagi mazkur qonunlar senatorlar tomonidan ma`qullandi.