Biroz avval xabar berganimizdek, bugun O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining to`rtinchi yalpi majlisi videokonfirensaloqa shaklida o`tkazilmoqda.
Senatorlar to`rtinchi yalpi majlisda “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim bo`lgan shaxslar – O`zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro`yxati to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasining Qonuniga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish haqida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonunini ko`rib chiqdi.
Mazkur Qonunda tizimni isloh qilishga qaratilgan yangiliklar nazarda tutilmoqda. Xususan, “doimiy propiska” so`zlari “yashash joyi bo`yicha ro`yxatga olish” so`zlariga almashtirilmoqda. Bundan tashqari, fuqarolarga nafaqat birinchi va ikkinchi darajadagi qarindoshlari yashab turgan manzilga, balki ularning egaligida bo`lgan boshqa manzildagi uy-joy maydoniga ham doimiy ro`yxatga turish imkoniyati yaratilmoqda. Qolaversa, er-xotinning nikohdan keyin bir yil davomida birgalikda yashash sharti va bir yil ichida nikoh bekor qilingan taqdirda propiskani yo`qotish bo`yicha qoidalar bekor qilinmoqda.
Yana bir jihat, Oliy Majlis palatalari, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi tomonidan yoxud O`zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda lavozimlarga saylangan, tayinlangan, tasdiqlangan fuqarolar hamda davlat hokimiyati organlariga, davlat va xo`jalik boshqaruvi organlariga, respublika ahamiyatiga molik boshqa davlat tashkilotlariga ishga taklif etilayotgan yuqori malakali mutaxassislar, tor ixtisoslikdagi mutaxassislar, shuningdek, ularning oila a`zolari belgilangan tartibda doimiy propiska qilingandan so`ng, ular boshqa ishga o`tishi yoki lavozimdan ozod etilishi yashash joyi bo`yicha doimiy ro`yxatdan chiqarilishga olib kelishiga oid qoida chiqarib tashlanmoqda.
Davlat hokimiyati organlarida, davlat va xo`jalik boshqaruvi organlarida hamda boshqa davlat tashkilotlarida uzluksiz besh yil va undan ortiq bo`lgan davr mobaynida mehnat faoliyatini olib borayotgan xodimlar (texnik, xizmat ko`rsatuvchi va ishlab chiqarish xodimlaridan tashqari) tegishli organ yoki tashkilot rahbarining ma`lumotnomasiga ko`ra, shuningdek, ularning oila a`zolariga doimiy ro`yxatga turish bo`yicha yangi band kiritilmoqda.
Mazkur Qonunning qabul qilinishi O`zbekiston Respublikasi fuqarolarining poytaxtda doimiy ro`yxatga olish tartib-taomillari liberallashtiriladi. Eng muhimi, er-xotinga ular nikohdan o`tgan kunning o`zida yashash joyi bo`yicha doimiy ro`yxatga qo`yish huquqini berishi munosabati bilan oila mustahkamligini ta`minlanishiga zamin yaratadi.
Qonun senatorlar tomonidan ma`qullandi.