AsosiyShou-biznes

“Or-nomusing bormi o`zi, sen o`zi kimning bolasisan? Nimani targ`ib qilyapsan?”...

O`tgan haftada “Ma`naviyatimizni asrab qolaylik” mavzusida bo`lib o`tgan katta davra suhbatida O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O`zbekiston xalq shoiri Muhammad ALI bugungi kunda “ommaviy madaniyat” aks etib turgan qo`shiqlar, ulardagi so`z g`aribligi va mentalitetga zid kliplar haqida fikrlarini bayon eta turib yuqoridagi kabi savollarni o`rtaga tashladi.

“Masalan, “Bojalar” guruhining almoyi-aljoyi jumlalardan iborat qo`shiqlari, Jasur G`oyipovning klipida to`yi bo`layotgan qizning sevgan yigiti oldiga qochib ketishi kabi sahnalar yoki Sevinch Mo`minovaning allambalo raqslardan iborat klipi O`zbekiston milliy kutubxonasida tasvirga olinishiga ruxsat berilishining o`zi haqida bir o`ylash kerak”, - deydi O`zbekiston xalq shoiri.

Aslida bu mavzuda, ya`ni “ommaviy madaniyat”ning ayrim san`at vakillari tomonidan goh qo`shiq, goh kliplar orqali targ`ib qilinayotgani haqida shu kunga qadar ham ko`p va xo`p gapirilgan, yozilgan va muhokamalar bo`lgan. Ammo shunga qaramay, hamon qo`shiqlar matnidagi saviyasizlik, chalasavodlik, kliplar orqali esa betuturuq tasvirlar targ`ib qilinishi davom etmoqda. Xo`sh, muammo nimada?

                                     Eng katta muammo — chalasovodlik

Rustam Abdullaev, O`zbekiston bastakorlar uyushmasi raisi:

  • YuNESKOning oltin xazinasidan o`rin olgan “Shashmaqom”, Xorazm olti yarim maqomi, vodiy katta ashulalari, Qashqadaryo, Surxondaryo, Boysunning betakror musiqalari borki, ularni o`rganish uchun ko`p yillar kerak. Shaxsan o`zim 12 yoshimda Komiljon Otaniyozovning yonida rubob chalib yurganman, u vaqtlarda shunday bo`lardi, to`ylarda avval eng kichik avlod soz chalardi, undan so`ng  Ortiq Otajonov, Bobomurod Hamdamovga navbat tegardi. Shundan so`nggina Komiljon Otaniyozovning o`zi qo`shiq aytardi. Ya`ni bu shogirdlarni tarbiyalash usuli bo`lgan. Shu bosqichlardan o`ta olganlargina katta sahnaga chiqishi mumkin bo`lgan. Hozirgi avlodning ildizida o`ta chalasavodlik mavjud, she`riyatni, musiqani bilmasdan turib yangilik yaratib bo`ladimi? Bugun ko`p qo`shiqchilarimiz to`lqin qaysi tomonga ketsa, shu tomonga oqib ketishyapti. Endi havaskorlikdan chiqib, professionallikka o`tish kerak.

NAFAQAT QO`ShIQLAR, HATTO KITOBLAR HAM NAZORATDA

Iqbol Mirzo, O`zbekiston xalq shoiri:

  • O`zbekning eng katta bayrami to`y. Buning uchun yillar mobaynida harakat qilinadi. Lekin mana shu to`y san`atimizni, ma`naviyatimizni buzadigan baloga aylandi. Chunki to`ylarda kimo`zarlik, o`zini ko`rsatish, san`atkorlar masalasi ham — hammasi rasvoyi jahon. To`ylarga qo`shilib ketmasdan chetda turib kuzatib ko`ring: aqli tiniq odam qoniqish hosil qiladigan hech narsa yo`q. San`atkorlar to`y uchun qo`shiq qilyapti: qancha to`ybop qo`shiq aytsang, shuncha boysan, degan fikr ular orasida shakllanib bo`lgan. Shu sababdan o`g`irlikdan ham tap tortishmayapti. Misol uchun qo`shiqchi sho`x italyanchami, turkchami musiqani o`g`irlab, unga kosib shoirga so`z yozdiradi. Kosib shoirda ham Abdulla Oripov yoki Muhammad Yusufdan o`g`irlangan tayyor so`zlar bor. Shu bilan “qizmisan, kiyikmisan” degan qo`shiqlar paydo bo`ladi.
  • ozir “O`zbeknavo” estrada birlashmasi faqat qo`shiqchi uchun lisenziya beradi. Biz har bitta qo`shiqni tasdiqdan o`tkazish yoki o`tkazmaslikni yo`lga qo`ymoqchimiz. Bu taklif Vazirlar Mahkamasiga taqdim etilgan. Nafaqat qo`shiqlar, balki Yozuvchilar uyushmasining badiiy kengashi tavsiya qilmagunicha kitoblar ham chop etilmasligi nazoratga olinadi. Viloyatlarda esa bu jarayon Yozuvchilar uyushmasi bo`limlari tavsiyasiga binoan amalga tatbiq etiladi. Agar bunday harakatlarga qarshi hozirdanoq kurashmasak, o`zimniki, deb eroncha, turkcha qo`shiq bilan aldanib yuraveramiz, bema`ni kliplarning majburiy tomoshabini bo`lib qolaveramiz.

JONLI KUYLAMAGANGA LISENZIYa YO`Q!

Azizbek Turdiev, “O`zbeknavo” estrada birlashmasining Milliy estradani rivojlantirish, muvofiqlashtirish kengashi mutaxassisi:

  • Yaqinda ma`naviyat kengashi darslariga kelmagan, biroz nopisand munosabatda bo`layotgan san`atkorlardan uch nafarining lisenziyasini muddatidan oldin amal qilishini to`xtatdik. 10 nafar san`atkorga qattiq ogohlantirish berdik. Bundan avval lisenziya diskda yozilgan qo`shiqlarni eshitib, ammo xonandaning o`zini ko`rmasdan turib berilavergan. Endi bunday tartiblarga chek qo`yiladi. Yangi tartibga ko`ra, qo`shiq aytish uchun ruxsatnoma olmoqchi bo`lgan kishi kelib birlashmaga murojaat qiladi, komissiya a`zolariga qo`shiqni jonli aytib beradi. Ustozlar ijodidan jonli ijro qilib bergach, lisenziya olishi mumkin. Endilikda konsert taqdim etish uchun yiliga bir marta beriladigan lisenziya uchun ham alohida talab qo`yiladi: kamida 60 foiz jonli ijro qila olsagina, lisenziya beriladi. Endi 100 foiz fonogramma bilan muxlislarni aldashga yo`l qo`yilmaydi.

“DARAK GAPLI REPIZMNI OMMALAShTIRMANG!”

Bahrom Nazarov, akademik:

  • San`atda buzilish bo`ldimi, ming yillarda yaratilgan madaniy merosimiz sekin-sekin nurab boshlaydi. Biz bugun kurashayotgan masalaning mohiyati biznes qilish, pul topishdan iborat. Shuning uchun bu kurash oson bo`lmaydi. Yoshlarni tushunaman, ularning qalbiga quloq solish kerak. Ammo bu degani darak gapdan iborat repizmni ommalashtirib yuborish kerak, degani emas.

PISTA ChAQIShNI O`RGATIShDAN BOShQA MAVZU YO`QMI?

Ahmadjon Meliboev, jurnalist:

  • Agar men millioner bo`lganimda, kino ishlayotganlarning 20 tasini chaqirib, 15 yillik pulini berardim va “iltimos, kino olmay turinglar” der edim.

 TVning bir kanalida “Mango” guruhining “pista qanaqa chaqiladi” klipini rosa tanqid qilishyapti, boshqasida esa aynan shu “ijod” namunasini efirga berishyapti. Shuningdek, bugungi kunda yosh qizchalarni, bolalarni “jippillashga”, “qilpillashga” o`rgatib qo`yyapmiz. Ertaga sahnani shularga qoldiradigan bo`lsak, bularning tarbiyasi bugundanoq shu zaylda davom etsa, kelajakda qanday bo`lishini tasavvur qilavering. Qo`shiqqa xiyonat qilmaylik.

                            ShOH G`OZIYMI YoKI ShOH OG`ZI?

Zarifjon Azizov, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist:

  • Ochig`i, ko`p to`ylarda xalq xizmatida bo`lamiz. Shunday to`ylarning birida bir akamiz “bir yigit qo`shiq aytsin” deb qoldi. Sahnaga o`sha  yigit shunday viqor bilan kirib keldiki, vaqtida Komiljon Otaniyozov, Ma`murjon Uzoqovlar ham bunday yurmagan bo`lsalar kerak. Kelib tor so`radi. Navoiy bobomizning “Avvalgilarg`a o`xshamas” g`azaliga bastalangan qo`shiqni aytdi. G`azalning oxirida  “Shoh G`oziyga karam, avvalgilarg`a o`xshamas” degan joyi bor. Bu o`rinda hazrat Navoiyning  yaqin do`sti Husayn Boyqaroga ishora qilingan. Xuddi shu joyini haligi yigit  “shoh og`ziga karam” devorsa bo`ladimi? U qo`shiqchini chaqirib, g`azalni qaerdan o`rganganini so`radim. Magnitofondan o`rganganini eshitganimdan so`ng unga “kitobini olib o`rgansangiz bo`larkan” dedim. “E, aka, buni kim eshitib turibdi” deydi. Shunda uni olib kelgan kishi “sen nega bu hofizni muhokama qilyapsan, bu zo`r hofiz” deya men bilan urishib ketdi. Bu gaplarni aytish vazifamligimni ta`kidladim. San`at yo`lidagi hech bir kishining bunday chalasavodlikka yo`l qo`yishga haqqi yo`q.

Feruz Mamatov tayyorladi

    Boshqa yangiliklar