AsosiyShou-biznes

Zarina NIZOMIDDINOVA: «Bir marta beriladigan hayotda o`zim xohlagandek yashagim keladi»

Bu aktrisaning ijrosida sun`iylikni sezmaysiz, ko`zi “gapiradi”, “yurag”i urib turadi. Mehmonimiz aktrisa Zarina Nizomiddinova bilan galdagi suhbatimizdan so`ng irodasi kuchli ayol ekaniga amin bo`ldim. Intervyuni o`qib, balki siz ham aktrisaning yana bir qancha qirralarini kashf etarsiz...

— Zarina, sizga qo`ng`iroq qilganimda suratga olish maydonchasida ekaningizni aytdingiz...  

— Komediya janridagi filmida bandman. Filmdagi partnyorim, hayotdagi do`stim Ulug`bek Avzalovning ijodiy ishi bo`lgani uchun ham qo`llab-quvvatlash maqsadida taklifini rad etmadim. Bundan avval esa Ozod Shams rejissyorligidagi “Etti olam” filmida suratga tushgandim.        

— Demak, do`stingiz bo`lmaganida bu filmda iste`dodingizni uvol qilmasdingiz-a?

— To`g`ri, taklifni rad etardim.

— Kuni kecha “Etar” nomli qo`shig`ingizning taqdimotini o`tkazdingiz. Nahotki, aktrisalikda erishgan muvaffaqiyatingiz xonandalikda ham takrorlanadi, deb o`ylasangiz?   

— Xudoga shukr, aktrisalikda omadim keldi. Xonandalikda ham shunday muvaffaqiyatga erishsam, albatta, xursand bo`lardim. Lekin qo`shiq kuylash men uchun xobbi.

— “So`nggi pushaymon o`zingga dushman”, degan naql bor. Vaqt o`tib, ketgan yillaringizga achinmasmikansiz?

— Aslo! Jismoniy charchashni hisobga olmasa, ijoddan zavq va dam olaman. Chunki xonandalik borasida poydevorga egaman. Musiqa yo`nalishida o`qimagan, chumchuqnikidek ovoz bilan “xonandaman” deb yurganlar ham yo`q emas. Nega ular filmda ko`rinib qolsa, hech kim e`tiroz bildirmaydi? Negadir aktrisalar qo`shiq kuylasa, darrov hammaning e`tiborini tortadi. Agar boshqa sohada ijod qiganimda to`g`ri, ketgan yillarimga achingan bo`lardim. Bir marta beriladigan hayotda o`zim xohlagandek yashagim keladi.  

— Nazarimda, hayotingizdagi dardlarni tezda unutishga odatlanganga o`xshaysiz. Bir emas ikki bor shaxsiy hayotingizda pand edingiz. So`ng otani yo`qotish...

— Shaxsiy hayotim borasida sira siqilmaganman. Chunki haqiqat egiladi, bukiladi, lekin sinmaydi. Shuning uchun menga otilgan tuhmat toshlariga bee`tibor bo`ldim. Biroq otamni ko`z o`ngimda yo`qotish bu — haqiqiy fojia edi. Yoshi katta onaxonlar “ko`zyosh, tushkunlikka tushishdan foyda yo`q. O`zingizga ruhan zarar qilasiz, xolos. Undan ko`ra otangiz haqqiga Qur`on tilovat qiling”, deb maslahat berishdi. Arab tilidan xabardor  bo`lganim bois har kuni otamning ruhiga bag`ishlab tilovat qilaman. Qolaversa, onamga suyanch bo`lish uchun ham o`zimni qo`lga olishim shart edi. Biroz chalg`isin, deb onamni film suratga olish vaqtida o`zim bilan olib yuribman.         

— Otangiz bilan vafotidan bir hafta oldin telefonda gaplashgandim. Tetikkina edi, samimiy suhbatlashgandik. Yo betobmidi?

  • Yo`q, betobmasdi. O`sha kuni do`stlari bilan bayramga borib keldi. Qaytgach, futbol ko`rdi, so`ng hammamiz uxlashga yotdik. Yarim tunda qandaydir qo`ng`iroqqa o`xshagan ovoz onamni qayta-qayta uyg`otgan. Otamdan xabar olganda, xirralayotganini eshitib qolgan. Onam darxol meni chaqirdi, nima bo`layotganiga tushunmay qoldim... Otam oltmish to`qqiz yoshida bosh miya insulti sabab ko`z o`ngimda jon berdi. Onam otamni xuddi yosh boladek mehr bilan parvarish qilardi. Shu sabab juda yosh ko`rinardi.

Bu yo`qotishdan keyin har bir kunimizga shukr qilib, bugungi kun uchun yashash kerak ekan, degan xulosaga keldim. Ortga nazar tashlab, “o`sha damlar zo`r edi-da”, deymiz. Lekin bugungi kunimiz ham tarixga takrorlanmas onlar bo`lib muhrlanishi haqida o`ylamaymiz.

— Deyl Karnegining “bugungi kunning “oraliq, bo`sh joyi”da yashang” degan tavsiyasiga amal qilarkansiz-da. Zarina, otangizning so`nggi gapi nima bo`ldi?    

— “Sport bilan shug`ullanayotganing yaxshi bo`ldi-da, ko`rinishing yaxshi,  ko`z tegmasin”, degandi. Vafotidan bir hafta oldin esa onamga “farzandlarimdan mingdan ming roziman. Mustaqil, o`zini ta`minlay oladigan bo`lishdi. Bekor yashamabman”, degan ekan. Sira yodimdan chiqmaydi, akam yaqindagina Angliyada magistr darajasiga erishganidan otam juda xursand bo`lgandi.

— “O`zbekiston belgisi” ko`krak nishoni bilan taqdirlangan kuningiz yodingizdami? O`sha kuni Shahboz Nizomutdinov bilan intervyu qilgandik. Zalda o`tirgan odamlardan siz haqingizda nojo`ya fikr eshitganini aytib, ko`ziga yosh qalqigandi. Aytmoqchimanki, yo`qotishdan so`ng shu kabi gap-so`zlar tufayli qandaydir afsuslar va aybdorlik hissi sizni qiynamadimi?

— Aslida otam gap-so`zlarga bee`tibor edi. Ochig`i, “xalqning qizisan, endi o`zingni butunlay san`atga bag`ishla”, derdi. Qayta turmushga chiqishimni istamasdi. Oilamizda arzimagan gapga ham qayg`uradigan bu — onam. Ikkinchi bor turmush qurayotganimda ham tiz cho`kib, “qizim, bu inson sening tenging emas”, degandi. Buni anglaganimda esa otam “xato qilmaslikdan hech kim kafolatlanmagan, siqilma”, degani yodimda. Aytmoqchimanki, afsus va aybdorlik hissiga hojat yo`q.

— O`z tashvishlarimiz bilan ovora bo`lib, bugun yonimizda turgan yaqin insonimizni ertaga yo`q bo`lib qolishi haqida o`ylamaymiz ham. “Hali hammasiga ulguraman”, deya ularning diydori g`animatligi ayni haqiqat ekaniga ko`z yumamiz...

— Akam, opam o`z oilasi bilan ovora. Otamga eng ko`p vaqtini menga ajratardi.  (samimiy jilmayadi). Hayratlanganim bu — doim qishda va yozda ota-onamizni ko`rgani xorijdan keladigan akam negadir 16 aprelda oilasi bilan keldi. 17 aprelda restoranda otamning tug`ilgan kunini nishonlab berdi. Otam shu kuni “sobiq “Yalla” guruhi bilan Gollandiyaga ketyapmiz”, deb o`zida yo`q xursand edi. Lekin...     

— Yarangizni yangilaganim uchun uzr! Dard-u quvonchingizni rollaringiz orqali chiqarasizmi yo oila a`zolaringiz bilan dardlashasizmi?

— Ona yuragi sezuvchan bo`larkan, yuzimga qarab nimadandir qiynalayotganimni bilib qoladi. So`ng dardimni aytishga majbur bo`laman va maslahat olaman. Dardli rollarimga ruhan o`zimni tayyorlab ijro etaman. Birorta rolimga dardimni singdirmaganman.        

— Ancha vaqt kino olamida ko`rinmay qoldingiz. Bu rollarni tanlash darajasiga etganingiz bilan bog`liqmi yo rejissyorlardan taklif yo`qmidi?

— Ko`nglimdagidek taklif bo`lmadi. Rollarni esa kino olamiga kirib kelganimdan buyon tanlab tushaman. “Yo`l bo`lsin” filmidan so`ng bir salbiy qahramon roliga taklif bo`lganida onam suratga tushishimga ruxsat bermagan. Balki o`shanda onam befarq bo`lganida o`n olti yoshlik dunyoqarashim va qiziqishning ustunligi bilan rol tanlash nimaligini bilmagan bo`lardim. To`g`ri, ishtirokimdagi sayoz filmlar ham bor. Lekin u mening aybim emas, chunki menga berilgan ssenariy bilan ekrandagi film bir-birini inkor qiladi. Natijada “xontaxta” filmlar soni bittaga ko`payib qolgan. Lekin ishtirokimdagi saviyali kinokartinalar saviyasiziga qaraganda ko`p.    

— Rolingizda yashashingiz uchun rejissyor, ssenariy va partnyorning professional yo aksi ekanini ahamiyati bormi?

— Professional bo`lmasa ham Alloh yuqtirgan iste`dodlar borligini inkor qilolmaymiz. Shu sabab dunyoqarashi, bilim saviyasi yuqoriligini bilsam, debyutant ijodkor bo`lishiga qaramay, ko`ksidan itarmayman. Hammaga imkon berish kerak, o`z vaqtida menga ham ishonishgan-ku.

— Nega davlat filmlarida kamnamosiz?

— Aktrisalar orasida eng ko`p ishlagani o`zim. Ochig`i, “Yo`l bo`lsin”, “Parizod” filmlari darajasidagi takliflar bo`lmadi. Boshqa hamkasblarim singari besh soniya ekranda ko`ringan bo`lsa ham “falon filmlarim bor”, deydiganlardan emasman. Shu sabab davlat filmlari borasida qolgan rollarimni sanab o`tmadim.   

— Bugun filmlarda yangi chehralar bosh qahramonlar rolini o`ynayapti. Sizning davringiz o`tayotganini his qilasizmi yo hali ancha yillar bosh rollarga da`vogarlik qila olasizmi?   

— Rejissyorlar meni “voy bu ikkinchi plandagi qahramon-ku”, deb rol talashmaganim va “partnyorimga boshqa aktyor tanlasangiz bo`lmasmidi?” deb e`tiroz bildirmaganim uchun yaxshi ko`rishadi. Ba`zi hamkasblarimga o`xshab, “meni rolga tasdiqlaysizmi?” deya rejissyorga tinimsiz qo`ng`iroq qilishga g`ururim yo`l qo`ymaydi. Kerak bo`lsam, o`zi chaqiradi. Rejissyordan javob bo`lmadimi, demak u rolda meni ko`rolmagan.          

— Nahotki, sizda nomozshomgulga o`xshagan filmlardan ko`ra teatr sahnasida ijod qilish istagi ustunlik qilmasa?

— Bu haqda o`ylagandim. Lekin rahmatli otam ham, rejissyor Ayub Shahobiddinov ham “teatr aktrisasining ijro qolipiga tushib qolasan, kerak emas”, deyishdi. Rejissyor Bahrom Yoqubov esa “seni bir marta teatr sahnasida ko`rsam, qaytib filmlarimga chaqirmayman”, dedi. Haqiqatda fe`limda suhbatdoshimning xislatini “yuqtirib” oladigan odatim bor. Shuning uchun onam “yaxshi odamlar bilan do`stlashgin”, deyaveradi (kuladi). Shu ma`noda teatr meni qolipga solib qo`yishi haqiqat.        

— Demak, Zarina Nizomiddinovani teatr sahnasida umuman ko`rmaymiz-a?

— Yo`q!

— Instagramda joylaydigan rasmlaringizga qaraganda o`g`lingiz Temurxonga kam vaqt ajratadiganga o`xshaysiz?

(Kuladi) aksincha, o`g`limning menga vaqti yo`q. Ertalabdan kechki soat to`rtgacha maxsus maktabda bo`ladi. Qaytgach, kunora soat sakkizgacha shaxmat va ingliz tilidan “repetitor”ga boradi. Uyquga yotgunicha bir soat suhbatlashamiz, xolos. Juda sho`x bo`lgani uchun kun tartibida bo`sh vaqt qoldirmaganmiz. Yaqinda qiziqishidan kelib chiqib, futbolga ham bermoqchiman.    

— O`g`lingizning maktabdagi tadbirlariga muntazam ravishda borasizmi?

— Albatta! Har ikki haftada o`qituvchisi ota-onalar bilan bitta-bitta majlis o`tkazadi. Qolaversa, hamma bayramlarida yonida bo`laman.     

— Farzand tarbiyasidagi fikrlaringiz onangizniki bilan bir nuqtada birlashadimi?

— Onam bizni qattiqqo`llik bilan tarbiya qilgan. Lekin men nabirasiga onamning usulini qo`llasam “urishma, hali bola”, deb yonini oladi. Biroq Temurxon meni juda hurmat qiladi, bu talabchanligim bilan bog`liq.  

— O`g`lingiz katta bo`layapti, ertaga sizni nimalardadir aybdor sanamasligi uchun uning oldida mas`uliyat hissini sezasizmi?

— Shu kungacha noto`g`ri qadam bosmadim. Bundan buyon ham to`g`ri yashab, xato qilmasligim kerak.    

— Vijdonan javob bering, avvalo namunali farzandmisiz yo ona va yoki san`atkor?

— Uchchovini ham tarozining pallasiga teng qo`ygan bo`lardim. Namunali farzandman, chunki ota-onam mendan rozi. Namunali onaman — farzandimni otasi yo`qligini bildirmay katta qilyapman. Erta turmushga chiqqanimga ham xursandman, chunki o`g`lim bor. Namunali san`atkorman, boisi meni yaxshi ko`radigan son-sanoqsiz muxlislarim bor. So`qoqda “Etti olam” filmini suratga olayotganimizda fransuz tilidan dars bergan bir otaxon “sizga havas qilib, nabiramni ismini Zarina, deb qo`yganman”, degan. Bu kabi holatlar ko`p uchraydi. Hech bir muxlisimni xafa qilmay, hammalari bilan rasmga tushaman, dastxat beraman. “Hozir vaqtim yo`q”, deydigan hamkasblarimni ko`rsam, “seni mashhur qiladigan shu odamlar-ku”, deb jahlim chiqadi. Axir aktyorlikning “umr”i qisqa. Xuddi Gollivud, Bollivud aktyorlaridek “ellikka kirganimda ham talabgor aktyor bo`laman”, deb xom xayol qilishsa kerak-da.        

— Ko`ngildagidek rafiqa ham bo`lganman, degan javobni kutgandim...

(Kuladi) To`g`ri, Temurxonning otasiga ko`ngildagidek rafiqa bo`lganman. Chunki kareramni tashlab, oilam uchun u bilan xorijga ketgandim. Lekin...  taqdir ekan...

— Onangizning o`rnida bo`lganingizda Zarina Nizomiddinovaga nimalar degan bo`lardingiz?

— “Shoshqaloqlikni tashla, xatolaring sababi shu odatingdan-ku, jahlingni ham jilovla, asab tolalari qayta tiklanmaydi”, deb nasihat qilgan bo`lardim (kuladi).

Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi

    Boshqa yangiliklar