Ozodbek Nazarbekov: "Ilhaq "kul" bosgan hislarni uyg`otdimi?"

Madaniyat 15.05.2020, 00:52
Ozodbek Nazarbekov: "Ilhaq "kul" bosgan hislarni uyg`otdimi?"

O`zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov "Ilhaq" kinofilmi borasida o`z fikr-mulohazalarini bildirdi. Jumladan u shunday deydi:

"Shu kunlarda «O`zbekkino» milliy agentligi buyurtmasiga ko`ra suratga olingan «Ilhaq» badiiy filmini xalqimiz chuqur hayajon va mamnuniyat bilan kutib oldi. Uni so`nggi yillarda yaratilgan kinoasarlarning eng sarasi deyish mumkin. Haqiqiy o`zbekona jasorat, matonat, ulug` insoniy fazilatlar, millatimizning betakror tabiati unda mujassamlashdi, desak mubolag`a bo`lmaydi.
XX asr fojiasi deb atalgan Ikkinchi jahon urushi dahshatlarini, u keltirgan kulfatlarni bukilmas irodasi, metinday bardoshi bilan mardonavor qarshilagan, boshiga tushgan musibatlarga qaramay boshqalarga dalda bo`lish, madad berishga o`zida kuch topolgan xalqimiz chin ma`noda jasorat va matonat timsolidir.

Filmda aks etgan tarixiy haqiqat mash`um urush xotiralarini qayta tiklab, unda jonini fido qilgan ota-bobolarimiz, onalarimiz oldidagi bugungi tinch-farovon turmushimiz uchun qarzdorlik hissini uyg`otishi bilan ham muhimdir. Filmning «yuragi» o`zbekona urib turgani bois ham uni oddiy tomoshabin o`zgacha zavq bilan qarshi oldi. Ayniqsa, film ortida xizmat qilgan tasvirchilar, libos ustalari, rassomlar, pardozchilar ishi tasannolar aytishga loyiq. Chunki ular sharofati bilan biz etni jimirlatadigan o`sha davr «shamoli»ni butun vujudimiz-la tuydik. Bor mahoratini ishga solgan rejissyor va aktyorlarimizga ham katta rahmat. Ular orqali uzoq yillar «kul» bosgan hislarimizning uyg`onganini angladik.

Shu o`rinda Zulfiya Zokirova kabi mard, jasur, o`z xalqi, farzandlariga sadoqatli, cheksiz mehrga to`la ayol – ona timsoli, o`g`ilu kelinlarning jasorati hozirgi davr yoshlari uchun katta hayotiy saboq ekanini ham e`tiborga olishimiz kerak. Bugungi sinovli kunlarda ham xalqimizning shunday matonati, jasorati, beqiyos insoniy fazilatlari namoyon bo`lmoqda. Odamlarimizning oliyjanobligi, saxovatpeshaligi, yakdilligi tahsinga loyiq. 

Hozirgi kun mashaqqatlari, koronavirus pandemiyasi garchi dunyoni larzaga solayotgan bo`lsa-da, xalqimizga xos sabr-bardosh, birdamlik ularni albatta engadi. Axir biz azaldan baloyu ofatlarni bahamjihatlikda enggan muhabbati ulug`, yuragi keng, oriyati baland xalqmiz. Mash`um urush yillari o`z vatani ozodligi, tinchligi uchun ko`ksini qalqon qilgan, minglab och-yalang`och bolalardan burda nonini, hatto jonini ayamagan vatandoshlar avlodimiz. Demak, «tojdor» virusdek ko`rinmas yov bilan kurashishga ham qudratimiz etadi.

Kun kelib mana shu kahramonliklar haqida ham kuchli filmlar yaratilishi, ularda ham qalbga yaqinlik, milliy ruh ufurib turishi shubhasiz. Zero, bu kabi badiiy filmlar o`zbek xalqining bemisl jasorati, matonati shu bilan birga oliyjanob xislatlarini ko`rsatib berishda muhim qadam bo`lajak. Ana shu jihati bilan ham «Ilhaq»dek filmlar odamlar qalbidan mustahkam o`rin olgay!"

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1