O`zbekiston xalq artisti Murod Rajabov sahnada, filmlarda qanday dangal odam bo`lsa hayotda ham shunday. U o`zi haqida ham, boshqalar haqida ham ochiq gapirishni yaxshi ko`radi. Yoshi 60 dan o`tib kino va teatrda qanchadan-qancha rollar yaratib bugun ustoz san`atkor nomiga etishiga qaramay o`zi haqidagi tanqidlarni to`g`ri qabul qiladi. O`zinikini ma`qullab sapchimaydi. Shuning uchun uni tanqid qilishga ham botinolmaysan kishi. Murod aka bilan suhbatimiz juda qizg`in ruhda kechdi. Diktafonga tushgan qayroqi gaplarni esa sizga ham ilindik.
— Qariyb ikki yil tomoshabinning ko`zidan yiroq bo`ldingiz. Qadri o`tgandir...
— Albatta. (o`ylanib) Tomoshabindan olisda, sahnadan yiroqda bo`lganim bilan san`atdan chetlandim, deyolmayman. Bu mening nonimga, taqdirimga aylanib bo`lgan.
— Odamlar orasida tarqalgan turli gap-so`zlarni engib o`tish oson bo`lmagandir?
— Hech narsa bejiz yuz bemaydi. Taqdiringizga bitilganini yashab o`tishdan boshqa chorangiz yo`q. Yashaganda ham munosib yashash kerak toki har bir nuqtadan xulosa chiqarib. Mening ijodim va shaxsiy hayotimdagi so`nggi voqealar, teatrdan ketishim, ancha vaqt ko`rinmay qolishim ham san`atkor, ham rahbar, ham inson sifatida ko`p narsalarni tushunib etishimga turtki bo`ldi. Odamlarni, do`stlarni, hamkasblarimni saralashni o`rgandim
— Demak, odam 60 dan oshganida ham o`zini tarbiyalashi mumkin ekan-da?
— Hayotning o`zi bir umrlik tarbiya-ku? (o`ylanib) Yurak urib turar ekan, necha yoshda bo`lishingizdan qat`i nazar yillar o`tgan sayin hayotning har bir zarbasidan xulosa chiqarib, bosgan qadamlaringizni tahlil qilib boraverarkansiz.
— Aktyor sifatida nimani angladingiz?
— Aktyor mudom harakatda bo`lishi, o`z ustida ishlashi va buning natijasini doim xalqqa etkazib turishi kerak ekan. Aktyorni xalq nima uchun yaxshi ko`radi? Albatta kinodagi yo teatrdagi yaxshi roli uchun. Bordi-yu u xalqning talabini bajara olmasa-chi? O`sha aktyorni unutishdan osoni yo`q... Aktyor tomoshabin qarshisida yaratgan qiyofasining go`zalligini boricha saqlab qolishi kerak. Bu unga bo`lgan ishonch bilan chambarchas bog`liq.
— Siz bu qiyofani qanchalik saqlab qololdingiz?
— Bilmadim… Balki saqlab qololmagandirman. Men o`z vaqtida yaqinlarim, tanish-bilishlarning fikrlariga, atrofdagi gap-so`zlarga qo`l siltaganimga afsus qilaman.
— Aslida Muqimiy nomidagi o`zbek davlat musiqali teatriga rahbar etib tayinlanganingiz ko`pchilikni hayratga solgandi. Balki Murod Rajabov u erdamas, boshqa erda ishlashi kerakmidi?
— Men aktyor sifatida teatrda shakllanganman. 20 yil teatrda ishlamadim. “Muqimiy”ga rahbar bo`lish taklifi berilganda ikkillanmadim. Chunki, teatr asli qanday dargoh, bugun “Muqimiy”ga nima etishmayapti, u erdagi tartib qanday bo`lishi kerakligini yaxshi bilardim. Shuning uchun ham u erda ishlash men uchun qiyin bo`lmadi.
— Jamoa bilan til topishish-chi?
— Tabiatan odamlar bilan tez til topishaman. Afsus hamma vaqt bunday bo`lavermas ekan. Tushunmaydigan odamga qancha gap uqtirmang, baribir o`z bilganidan qolmaydi. Teatrda qattiqqo`l rahbar bo`lishga, tartib o`rnatishga harakat qildim. Uddasidan chiqdimmi, yo`qmi bilmadim-u, lekin meni qo`llab-quvvatlaganlar ham bo`ldi. Besh barmog`imiz baravar bo`lmagani kabi jamoadagi hamma siz qo`yayotgan talabni to`g`ri tushunavermaydi. Dangasa, ishdan qochadigan odam hamma davrda, hamma joyda topiladi. Qolganlar esa ularning kasriga qoladi.
— O`zbek milliy akademik drama teatri va O`zbek davlat drama teatridagi 1980 yillarda ro`y bergan voqealar bugungi teatrlarga ko`chganday. Ayrim aktyorlarimiz ijod qilish o`rniga talabni chetlab o`tib yoz-yozga o`ch bo`lib ketishgan. Boshingizdan o`tdi. Tuhmatlar ham bo`ldi. Bu holatni qanday qabul qildingiz? “Muqimiy”ga ozmi, ko`pmi umringiz, mehnatingiz ketdi. Achinmaysizmi?
— Nega achinarkanman (o`ylanib)? Burgaga achchiq qilib ko`rpa kuydirmaysiz-ku! Biz teatr jamoasi bilan juda katta ishlarni amalga oshirdik. Har bir odamda bir yaxshilik, bir yomonlik yashaydi. Oq varaqqa kimdir gullarni, kimdir quyoshni chizishi mumkin. Yana kimdir uni qora rangga bo`yab zulmatni tasvirlaydi. Teatrdagi aksariyat aktyorlarning gaplariga, men haqimdagi yozgan arizalariga qo`l siltab ketdim. Ularga insofdan, odamgarchilikdan ma`ruza o`qigandan nima foyda? Hammasini vaqtning izniga tashladim. Odamlarning nazarida men teatrdan aktyorlar, jamoamning shikoyati sabab ketgan bo`lib ko`rinishim mumkin, biroq buning asl sabablari umuman boshqa. Buni xalq bilishi shart emas, menimcha. Jamoamning shikoyatlariga kelsak, uni o`qib to`g`risi jahlim ham chiqmadi. Shunchalik kurakda turmaydigan gaplarni qanday yozish mumkin, deb kuldim, xolos.
— Loqal aktyor bo`lib qolavermadingiz. Nega?
— Qaytgim kelmadi. Ustiga-ustak, u erda aktyor bo`lib ishlash uchun qo`shiq ayta olish kerak. Shu sabab ortga qaytmadim. (o`ylanib) Aslida teatrda aktyorlik maktabini kuchaytirish, ustoz-shogird an`analarini tiklash, o`zbek teatr maktabi asli nimaligiyu va u qanday bo`lishi kerakligini yoshlarga o`rgatish maqsadida borgandim. Boisi bugun teatrlarda mahoratli aktyorlar juda kamayib ketgan. Rol o`ynash esa ko`chada pista chaqish bilan barobar bo`lib qolgan. Ming afsuski, ba`zi aktyorlarimiz rol bilan obrazning farqiga bormaydi. Sizningcha ularni aktyor deyish mumkinmi?!
— Murod Rajabovni teatrda bundan 30 yil avval “Otasining qizi”dagi roli orqali tanishgandi. “Muqimiy”da uni qaytadan sahnalashtirganingizni hatto O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Saida Rametovani ham taklif qilganingizni eshitgandim. Nega oxiriga etkazmadingiz?
— Ochig`ini aytsam, meni teatrdan tezroq ketishimni istab qolganlar bo`ldi. Shularning jig`iga tegib, shu yoshga etganimda sen-menga borib yurmaslik uchun o`zim ham «ketaman»ga tushib qoldim. Spektaklning bir-ikki kamchiligini aytmasa, tomoshabinga taqdim etish uchun allaqachon tayyor qilib qo`ygandim. Ketish oldidan “hech kimdan hafamasman, faqat spektaklni oxiriga etkazib qo`yinglar, mehnatim uvol bo`lmasin” dedim. (biroz sukutdan so`ng) Spektakl baribir sahnaga chiqmadi...
— Nozim To`laxo`jaev yoshi keksayganda “O`tov” bilan tomoshabinning xotirasida qoldi. Erkin Komilov “Suv yoqalab”, Yodgor Sa`diev esa “Iblis devori” filmi bilan... Sizda bunday rol haligacha bo`lgani yo`q. Bilishimcha “Suv yoqalab”ga Erkin akadan avval sizni taklif qilishgan ekan.
— “Suv yoqalab” yaxshi film bo`lishi mumkin, lekin men unda aktyor sifatida o`ynaydigan narsani topolmadim. Balki badiiy asar sifatida yaxshi bo`lmagandir, biroq ssenariy sifatida juda bo`sh edi. Bizni tomoshabin yig`lashni, kulishni, qahramonning taqdiri bilan yashashni yaxshi ko`radi. Bu filmga ana shu narsalar etishmagandek. Har qanday asar boshidan boshlanishi kerak. Men uchun bu asar juda mavhum, aniq maqsadi yo`qday tuyulgandi. Balki Erkinning ijrosidagi raisbuvaning taqdiri boshqacha yakun topishi, ishdan ketganidan so`ng atrofdagilarning munosabati orqali butun hayotini ko`z o`ngidan o`tkazishi kerakmidi? Har holda bu rolni o`ynamaganimga achinmayman.
— Demak kinoda hali bunday jiddiy rol yaratmaganingizni tan olasiz.
— Tan olishaga-ku tan olaman, axir bunday rolning o`zi yo`q-ku.
— Yaqinda kinojurnalist Shoira Raufboeva bilan gaplashib qolganimda, u shunday degandi. “Murod Rajabovni sayoz rollarni ijro etadigan bachkana aktyor deydiganlar hato qiladi. Murod Rajabov katta aktyor, faqat unga mos katta rollar yo`q”.
— Albatta bunday gaplarni eshitish har qanday ijodkor uchun yoqimli. Kinoda ko`p dramatik rollar yaratdim. Taqdir taqazosi bilan bu filmlar bugun telekanallarda namoyish etilmaydi. Shuning uchun ham ko`pchilikning ko`z o`ngida bugungi xususiy filmlarning bachkana aktyori sifatida gavdalanib qolgandirman?
— San`at moddiylik bilan bog`liqligini rad etib bo`lmaydi. Siz ham rolni emas, mablag`ni birinchi o`ringa qo`yarsiz balki?
— Bu nisbiy tushuncha. Lekin haqiqatga juda yaqin. O`ynayotgan ba`zi filmlarimning bir tiyinga qimmatligini juda yaxshi bilsam-da, mablag`iga ko`z yumolmayman. Men to`yga chiqib qo`shiq kuylamasam yo boshlovchilik qilmasam, kasbim orqali ro`zg`orimni tebratganimdan keyin albatta puliga qiziqaman-da. Ba`zan shunday yuki og`ir, ma`suliyatli rollar bo`ladiki, rejissyorlar meni taklif qilishmaydi. Nega menga aytmading, desam, siz qimmat so`raysiz-ku, deyishadi. Avval yonimga kel, ssenariyni ko`rsat, agar ma`qul kelsa, tekinga ham o`ynayman, deyman. To`g`risi ham shu-da! Ssenariysi tasvirga olish maydonchasida qo`limga tegadigan, aktyori har gal almashadigan filmlarga atayin katta narx qo`yaman. Zora fikri o`zgarib ketsa deyman. Yo`q, rozi bo`lib, so`ragimni beradi. Qochib qaerga boraman? O`zimga qolsa shunday rollarni o`ynarmidim? Manaman degan jahon yulduzlari ham falon pulga filmda suratga tushgani etmagandek mahsulotlar reklamasiga ham rozi bo`lishida. Tabiiyki, reklamadan bitta emas, bir qancha filmdan ko`ra ko`proq gonorar ishlanadi. Bizda esa buni tomoshabin tushunavermaydi.
— Mo`may daromad evaziga o`ynagan filmlaringiz yaxshi chiqsa, xo`p-xo`p, ammo aksi bo`lsa-chi? Otiladigan tosh birinchi sizga kelib tegadi. Berilayottgan mablag` kinodagi barcha kamchiliklarni gardiningizga olishingizga arziydimi?
— Arziydi.
— Davlat buyurtmasi asosida suratga olinadigan filmlarda ko`rinmaysiz.
— “O`zbekkino”dagilar meni uncha xushlashmasa kerak. Shuning uchun filmlariga taklif qilishmaydi. Balki meni xususiy studiyalardan rashk qilishar, yana kim biladi deysiz. (o`ylanib) Xususiy filmlar haqida gap ketganda bir narsani aytib o`tishni istardim. Kino haqida gap ochildi deguncha tanqidning oxiri borib xususiy kinolarga taqalyapti. Kinoni tushunadigan odam ham, tushunmaydiganining ham topib olgan gapi bitta: “Xususiy studiyalar tomoshabinning didini buzyapti.” Kechirasiz-u tomoshabinning didini kino buzishi mumkinmi? Unda tanlash imkoniyati bor-ku? Bitta bachkana kinoni deb xususiy studiyalardan chiqayotgan hamma filmni qurbon qilish to`g`rimikan? Ko`cha-kuyda Gollivud yo Bollivuddagi kabi filmlar yo`q degan gaplarni eshitib qolaman. Gollivud paydo bo`lganiga 120 yildan oshdi axir. Bolivudga esa 70-80 yil bo`ldi. Bizda esa kino oxirgi 10-15 yilda rivojlandi, xolos. Biz ularning darajasiga etishishimiz uchun yillar kerak. Bu jarayonda tomoshabinning o`zi sarasini ajratib olaveradi.
Xususiy filmlarni talabga javob bermayapti deb chetga chiqarib qo`yganimiz bilan davlat buyurtmasi asosida suratga olingan hamma filmlarni tomoshabin birdek qiziqish bilan ko`rmayapti-ku, axir. “O`zbekkino” milliy agentligi buyurtmasi bilan suratga olingan yaxshi filmlarni tomoshabinga etib boradigan darajada reklama qilib bera olishmayapti. Nima emish, davlat filmlari uchun reklama kerak emas ekan, asosiy e`tiborni ma`naviyatga qaratisharkan. Meni ma`zur tutasiz, lekin hech kim ko`rmaydigan ma`naviyatning kimga keragi bor? Davlat tomonidan juda zo`r filmlar yaratilayotgani rost gap, biroq tomoshabin bundan xabar topmayapti. Ko`rganda ham auditoriyasi tor. Bunga ochiq ko`z bilan qarash fursati etdi menimcha.
— Mening rolim, mening filmim deyishga uyaladigan kinolaringiz ham bormi?
— Bor albatta. u. Ularning nomini aytolmayman. O`sha filmlarda faqat mablag` evaziga o`ynaganman xolos. Buni turmush o`rtog`im ham, farzandlarim ham to`g`ri tushunishadi.
— Qaysi rolingizni sog`indingiz?
— Biror rolimni emas, aksincha yaxshi rejissyorlar bilan ishlashni sog`indim.
— Sizningcha Murod Rajabov kino tarixida qaysi roli bilan qoladi?
— Bir paytlar Nabi Rahimov “Murod falon filmingni ko`rdim, yaxshi o`ynabsan lekin kinoda hech narsaga tushunmadim” degandi. Men bir filmga qo`l urib, biror rolga kirishdimmi o`sha rolni sidqidildan, tomoshabin ko`rsin deb o`ynayman. Kinoda qaysi rolim bilan qolishimni esa vaqt ko`rsatadi.
Qamariddin Shayxov suxbatlashdi