Xitoy sut va sut mahsulotlari ishlab chiqarish bo`yicha dunyoning etakchi davlatlari qatorida turadi. O`tgan yilda jahon sut bozorining uchdan bir qismi ushbu mamlakat hissasiga to`g`ri kelgan.
2019 yilda Xitoyda sut ishlab chiqarishning umumiy hajmi 32,01 million tonnani tashkil etgan. 2020 yil yanvar-mart oylarida Xitoyda sut ishlab chiqarish 8 foizga, sigirlar soni 0,4 foizga ko`paygan bo`lsada, koronavirus pandemiyasi tufayli sutni qayta ishlash hajmi 17 foizga kamaygan.
Mamlakatda sut mahsulotlari import hajmi oshib bormoqda. Misol uchun, mart oyidan sut mahsulotlari importi jismoniy ko`rinishda 10 foizga o`sgan. Xususan, sariyog` importi 99,7 foizga, pishloq importi 25,8 foizga oshgan.
CAAS Xitoyda xom sut ishlab chiqarish hajmi 2028 yilga borib 65 million tonnaga etishini taxmin qilmoqda.
Shuningdek, jahon bozorida ham sut mahsulotlari narxi o`sishni boshlagan.
Joriy yilning 19 may kuni GDT (Global Dairy Trade) ning 260-kim oshdi savdosida kichik bo`lsada yuqorilash qayd etildi. Ya`ni sut mahsulotlarning narx indeksi musbat 1 foizga oshib, 1 kilogrammi o`rtacha 2,907 AQSh dollardan baholangan.
Shuningdek, sariyog` narxi 1,9 foizga tushgan bo`lsa, suvsizlantirilgan sut yog`i 2,7 foizga o`sgan. To`liq sut kukuni narxi 0,5 foizga pasayib, yog`siz sut kukuni narxi 6,7 foizga oshgan. Laktoza narxi ham 15,6 foizga ko`tarildi. Kazein narxi 1,9 foizga, "Chedar" pishlog`i narxi 6 foizga pasaydi.
Umuman, GDT ning navbatdagi kim oshdi savdosida 16,787 tonna sut mahsulotlari sotilgan bo`lib, bu avvalgi savdolardan 345 tonnaga ko`pdir. Savdo ishtirokchilarining soni 172 ta.
Ma`lumot o`rnida, Global Dairy Trade forvard shartnomalari aylanmasi bo`yicha yirik xalqaro savdo platformasidir. GDT kim oshdi savdolarida 100 dan ziyod davlatlar sut mahsulotlari bilan ishtirok etadi.