AsosiyShou-biznes

“HECh BO`LMASA ChO`LPON G`AZALINI BUZMAY KUYLANG!”

Bugun san`atkorlar o`zlari kuylayotgan qo`shiqning so`ziga qay darajada e`tibor bermoqda? Ular yaratayotgan qo`shiqlar san`atimiz durdonalari sifatida tarixda qoladimi yoki bu  ijod namunalari  faqat to`y uchunmi? Ustozlar ijodidan kuylash mas`uliyatini qay darajada anglab etyapmiz? Tarbiyaga, ma`naviyatga aloqasi bo`lmagan qo`shiq va kliplarga chek qo`yishning iloji bormi? Mumtoz shoirlarning she`rlarini buzib aytayotgan san`atkorlarning bu ishini oqlasa bo`ladimi? Bu borada bugungi o`zbek adabiyotining etakchi vakillarining fikrlari bilan qiziqdik.

“XONANDALAR OXUNJON MADALIEVDEK IJRO ETOLMASLIGINI  ISBOTLAShDI”

Iqbol Mirzo,

O`zbekiston xalq shoiri,

Oliy Majlis senati a`zosi:

— Ilgari xonandalar qo`shiqning so`zlarini buzib aytishsa, hayron qolardik, bugun esa qo`shiqning so`zlarini to`g`ri aytadigan san`atkorni ko`rsak, qoyil qolyapmiz. Misol uchun, Zavqiyning bir g`azali “Kulbam aro ey mahliqo, bir yo`l xirom aylab keling…”, deya boshlanadi. Shu g`azalni bitta qo`shiqchi “Kulbam aro ey maxluqo, bir yil salom aylab keling” deya ijro qilyapti. Afsuski, qo`shiq ijrochisi esimda qolmadi. Ma`nosiga e`tibor bersa, hamma narsa anglashiladi-ku. Nahotki kuylayotgan qo`shig`iga shunchalar bee`tibor bo`lsa?!

Yana bir iste`dodli singlimiz o`ziga fors-tojikcha taxallus qo`yib olibdi. Qaysi tilda taxallus qo`yilishining farqi yo`q, ammo so`zning ma`nosi odamni o`ylantiradi. Bu so`zning asl ma`nosi fors tilidan o`girilganda, “qo`nim topmagan”, “to`xtamagan” qo`polroq variantda esa, “ovora” degan ma`nolarni bildiradi. Unga “Tuppa-tuzuk san`atkorsan, nima uchun bunday taxallus qo`yding?” deb so`rasam, “bilmapmiz” deydi. “Bilmasang, so`ramaysanmi, odam itiga ism qo`yayotganda ham o`ylab qo`yadi-ku”, dedim. Axir, tanlagan ismda, taxallusda odamning sha`ni turadi...

Yaqinda “O`xshaydi-ku” ko`rsatuvida Oxunjon Madalievning qo`shiqlarini bir guruh san`atkorlar kuylab chiqishdi. Marhum san`atkorning qo`shiqlarini aytgan barcha san`atkorlarga katta rahmat deyman. Lekin birortasi ham dardni Oxunjon Madalievday avj pardaga etkazib berolmadi. O`z ijrolari bilan Oxunjon Madaliev qanday betakror san`atkor ekanini isbotlashdi, xolos. 

                              Studiyalar ishi maqsadimizga hamohang bo`lsin!

Ovoz yozish studiyalari “O`zbeknavo” estrada birlashmasiga biriktirilsa, ularga ham lisenziya berilsa, maqsadga muvofiq bo`larmidi, deb o`ylayman. Chunki jonandalar anchagina pul sarflab qo`shiq yozdiradi va Badiiy kengashga olib keladi. Qo`shiq yaroqsiz, saviyasiz deb topilsa, qo`shiqchilar shuncha pulga kuyib qolmasligi uchun ham shunday qilish kerak, menimcha. Shundagina qo`shiq “onadan” sog`lom bo`lib tug`iladi. Bu ijodni chegaralash degani emas, aksincha boshidan to`g`ri yo`l ko`satish, chinakam badiiy kengash bo`ladi. Axir, birgina Toshkentning o`zida qancha studiya bor?! Saviyasizlikni, bugun tinglovchilarning haqli e`tirozlariga sabab bo`layotgan holatlarni shu yo`l bilan bartaraf qilmasak, boshqa yo`l bilan bartaraf etib bo`lmaydi. Ana shundagina har xil tumtaroq so`zlar, “vay-vay”lar to`g`irlanadi.

To`g`ri, yaxshi qo`shiqlarning hammasi ham yuksak she`riyat talablariga to`la javob bermaydi. Ammo har qanday qo`shiq mentelitetimizga,

ma`naviyatimizga, milliy qadriyatlarimizga zid keladigan bo`lsa, bizning e`tiroz bildirishga va cheklashga haqqimiz bor.

“Vay emas, voy deng!”

Jasur Umirovning talantli xonanda ekanini, qo`shiqlarida o`ziga xos dard, yumor borligini bilaman, ammo ungayam, nazarimda, qo`shiq biz o`zbeklar uchun biznes emas, san`at, tarbiya quroli ekanligini tushuntirishimiz kerak, shekilli. Til haqida chiqqan qancha qonun-qoidalar bor, bularni mensimaslik, buzish mumkin emas. O`zbek tilida “vay” degan so`z yo`q. Hech qaysi o`zbek “vay-vay” demaydi. Bu so`z kavkaz tillaridan biridan olingan bo`lsa kerak. Shu so`zning o`zbekcha “voy” degan variantini ishlatsa, qo`shiqdagi “oy” so`ziga ham o`rinli qofiya bo`lar edi... Qo`shiqchilarimiz tilni buzib ko`cha-ko`yda, yoki dala-dashtda o`zlari uchun xirgoyi qilib yursalar – mayli, ammo xalq e`tiboriga havola qilmoqchi bo`lsalar, bunday nuqsonlarga bee`tibor qarab bo`lmaydi. Agar qo`shiqlarining ma`nosini bilmay kuylayotgan bo`lishsa, ularga tushuntirishimiz lozim. Agar bilib turib, qo`shig`i el ichida “xit” bo`lishini o`ylab, ma`naviyatga, xalqqa, ona tilimizga nisbatan ataylab hurmatsizlik qilayotgan bo`lsalar, bunga qarshi jiddiy chora ko`rishimiz kerak bo`ladi.

Maqolani tayyorlash jarayonida O`zbekiston xalq shoiri Xurshid Davronning saytida mavzuga doir maqolaga ko`zim tushdi. Qiziqib o`qib chiqdim va sizga ham ilindim.

                      Buyuk shoirga nisbatan hurmatsizlik…

Xurshid Davron, O`zbekiston xalq shoiri:

Dastavval Botir Qodirov ijrosidagi bu  qo`shiqni eshitib, «shovqinlanmang» degan so`zni  qaysi shoir ishlatgan ekan? deya o`yga tolgandim. Keyin bilsam, she`riyatimizning buyuk siymosi Abdulhamid Cho`lpon ishlatgan ekan.  Faqat shoir o`z she`rida “shovqinlanmang»  emas, «»Shovqinlamang» deb yozgan.  Mana, uning 1921 yili yozilgan «Uyqu» she`ri:

UYQU
(“Bormaymen dedi” kuyiga)

Jim turing, shovqinlamang, uyqu ichinda ul pari,
Yurma, tek tur, ey shamol, yursang-da yur, biroz nari!

Ko`kda bir to`p qiz-malak uyqu kuyini boshladi,
Ilgari chalgan tirik, jonli kuyini tashladi.

Bosh uchida aylanar bir to`p farishta jimgina,
Ko`k elining tangrisi – oy ham qaraydir tinchgina.

Ul olos ko`zlar yumulgan… kuyni yondirgachgina,
Ko`p go`zal ko`zlarni yumdirgach, uyaldirgachgina…

Charchagan, tolgan, umidsiz ko`zlarim to`ymay qarar,
Har qarashda ko`nglima ming turli o`ylarni solar…

Bu yotish, bu uyqu, bu qanday shirin, qanday go`zal,
Jonlanar, yuz ko`rsatar singan va yasangan amal.

U yotish, uyqu na erda, na xayoliy ko`kda bor,
Bu go`zal sirli tomosha menda, men o`ksukda bor.

Jim turing,shovqinlamang, uyqu ichinda ul pari,
Ko`zlarim to`ymay qarar, borliq ko`rinma, tur nari…

Toshkent, 1921, Fevral.

Botir Qodirovning bugungi kunda mumtoz adabiyotimizdan butunlay uzilgan milliy estradamizda hokim «yallama yorim»ga zid tarzda Cho`lpon she`riga murojaat qilganini yaxshi qabul qilsam-da,  yanada ochiqlab aytaman: Botir Qodirov she`rdagi eng kamida 4 ta so`zni buzib ijro etgan («tinchgina»ni jimgina»,  «tangrisi»ni «erkasi» va h.k.) va bu buyuk shoirga nisbatan hurmatsizlikdir. Ammo, Botir Qodirov bu noto`g`ri ishlatgan so`zlarni  qo`shig`ini qayta  yozib to`g`rilashiga ham ishongim keladi.  Yana-da ochiqlasam, biz buni talab ham qilamiz. Mabodo… Mabodoni keyin aytamiz.

Bir oycha ilgariNavo” telekanalidagi ko`rsatuvda shu qo`shiqning she`r muallifi qilib N.Hamroqulov nomi yozilganiga ko`zim tushgandi. O`shanda nahotki Botir Qodirov oylab telekanallarda aylantirayotgan qo`shig`ining she`r muallifini bilmasa deb o`ylagan edim. Botir Qodirov bilan bir necha bor bog`lanishga harakat qildik, ammo uning ma`muri har safar turli xil bahonalar bilan gaplashishga imkon bermadi. Biz ham qo`shiqni qayta kuylanishining tarafdorimiz. Harxolda Botir Qodirov hurmatsizlikda davom etmas.

“AYTAYoTGAN QO`ShIG`INING FAHMIGA BORMAYDIMI?”

Mavzuni yanada boyitish maqsadida shoir va pulisist Alisher Nazarning fikrlari bilan ham qiziqdik.

— Rus adibi Valentin Rasputinning bir gapi bor: agar Pushkin enagasi Arina Rodionovnaning mungli allalarini emas, zamonaviy estradani tinglab uyg`onganida edi, undan  Pushkin emas Dantes chiqar edi. Hamma zamonlarda ham yosh avlod bilan katta avlodning dunyoqarashi o`rtasida ziddiyatlar bo`lib kelgan. Bugungi  san`atga to`xtaladigan bo`lsak O`zbekistonning barcha ommaviy axborot vositalarida  ommaviy madaniyat haqida tinimsiz gapiradigan bo`lib qoldik. Ya`ni olomonchilik kayfiyatidan qochish, yoshlarimizni ma`naviyat, ma`rifatini izdan chiqaradigan kliplar, kinolarni tinimsiz tanqid qila boshladik, ammo eng qizig`i bizning o`zimizda, ichimizda shunday narsalar sodir bo`lyaptiki, uularning zarari  tashqaridan kirib kelayotgan ommaviy madaniyat unsurlaridan kam emas.  Ichki emirilish bu juda katta muammo. Bugun ayrim katta san`atkorlar ham aytayotgan qo`shig`ining fahmiga bormaydi.

Hukumat shuncha imkoniyatlar berib qo`ysa-yu biz undan to`g`ri foydalana olmasak.  Qo`shiqlarning saviyasizligi haqida 10 yillardan buyon gapirilmoqda, ammo bunga haligacha echim topilmadi. Allaqachon keskin choralar ko`rish vaqti keldi.

Shu kecha kunduzda Sharof Muqimovning “Boja-boja” qo`shig`i  efirda ketyapti. Endi o`ylab ko`ring: 30 mln. muxlisning oldiga chiqib shuni aytib bo`ladimi? Ba`zilarini umuman tahlil qilib bo`lmaydi. Ko`p qo`shiqchilar o`z og`zidan chiqayotgan so`zlarni qulog`i  eshitmaydi deb o`ylayman. Chunki bu saviyasizlikni ijro qilish uchun kamida kar bo`lish kerak. Bugun mumtoz shoirlarning she`rlarini ham buzib aytishyapti. Nima, endi qo`shiq yarataman deb ertaga  Navoiyni ham buzib kuyga solishadimi? Har bitta qo`shiqning so`zi katta ijodkorlar nigohidan o`tmasa, biz she`riyatimizni ham adabiyotimizni ham, san`atimizni ham payhon qilib qo`yishimiz mumkin.

Alisher Nazarning o`rinli tanqid va etirozlarini Sharof Muqimov etkazdik  va undan quyidagicha javob oldik.

Sharof Muqimov: — “Boja-boja” qo`shig`imiz she`ri  Botir Ergashev qalamlariga mansub bo`lib, ikki o`rtoq opa-singilga uylanib boja bo`lishi nazarda tutilgan. Bundan keyin yuqoridagi tanqidlardan o`rinli xulosa chiqargan holda, qo`shiqning so`ziga va ma`nosiga yanada mas`uliyat bilan yondoshishga harakat qilaman.

Xulosa o`rnida

Ko`rib turganingizdek xonandalarning qo`shiqlariga mutaxassislarning fikrlari keskin. Bu mavzuni shu bilan tugatmoqchi emasmiz. Umid qilamizki, xonandalar maqolani o`qib o`z fikr-mulohazalarini bildirishadi. Siz ham, hurmatli muxlis, bu boradagi fikrlaringizni biz bilan o`rtoqlashishngiz mumkin.

Feruz Muhammad tayyorladi

    Boshqa yangiliklar