Mustaqillik solnomasi
Eng ulug`, eng aziz bayram – Vatanimiz mustaqilligining 24 yilligi munosabati bilan mamlakatimiz Istiqlol yillarida erishgan yutuqlarini yana bir bor ko`zdan kechirishni maqsad qildik va bu borada Yurtboshimizning kuni kecha nashrdan chiqqan “Ona yurtimiz baxtu iqboli va buyuk kelajagi yo`lida xizmat qilish – eng oliy saodatdir” asarlarini dasturilamal qilgan holda undagi fakt va raqamlardan foydalanishga qaror qildik.
Iqtisodiyot
Bugungi kunda O`zbekistonning chet mamlakatlaridan qarzi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 15 foizdan oshmaydi. Vaholanki, ba`zi davlatlarda bu ko`rsatkich 150 foizdan ham ortiqni tashkil qiladi.
Jahon miqyosidagi global iqtisodiy inqiroz davom etayotganiga qaramasdan, dunyoning sanoqli davlatlari qatorida O`zbekistonda yalpi ichki mahsulotning yillik o`sish sur`atlari so`nggi 10 yil davomida 8 foizdan ziyod bo`lib kelmoqda.
Mustaqil taraqqiyot yillarida O`zbekistonimizning iqtisodiyoti 5 karradan ko`proqqa o`sdi.
Mustaqillik yillarija O`zbekiston taraqqiyoti uchun yo`naltirilgan investisiyalar hajmi 190 milliard dollardan oshdi va bu mablag`ning 65 milliard dollardan ziyodini horijiy investisiyalar tashkil etdi.
Qishloq xo`jaligi
Bugungi kunda amalga oshirilagan chora-tadbirlar natijasida 1 million 700 ming gektar sug`oriladigan erlarning meliorativ holati yaxshilandi.
Meliorasiya ishlari amalga oshirilgan ekin maydonlarida paxta hosildorligi gektariga o`rtacha 2-3 sentner, boshoqli don ekinlari bo`yicha esa 3-4 sentnerga oshgan.
Ijtimoiy hayot
1991 yilda mmlakatimiz aholisi 20 million 500 ming kishi edi. Mustaqillik yillarida xalqimiz 1,5 karra o`sdi va 31 million 500 ming kishiga etdi.
Aholining daromadi istiqlol yillarida 9 barobar oshgan, odamlarimizning o`rtacha yoshi 67 yoshdan 73,5 yoshga, ayollar o`rtasida esa 75,8 yoshga uzaygan.
Mustaqillik yillarida uy-joy bilan ta`minlanish darajasi, jon boshiga hisoblaganda, 12,4 kvadrat metrdan 15,4 kvadrat metrga oshdi. Uy-joy fondining deyarli hammasi xususiy mulkka o`tkazildi.
O`tgan asrning 90-yillarida yurtimizda sanoatning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 14,1 foizni tashkil qilgan bo`lsa, mana shunday keng ko`lamli amaliy ishlarimiz hisobidan bugungi kunda bu ko`rsatkich 25 foizni tashkil etmoqda.
Eng ko`p va eng kam daromad oladigan aholi o`rtasidagi farq 2000 yildagi 53,3 barobardan bugungi kunda 7,8 barobarga tushdi.
Hozirgi vaqtda mamlakatimiz aholisining 50 foizga yaqini, ya`ni 16 millionga yaqin odam qishloq joylarda istiqomat qilmoqda, qishloqlarimizda har yili 150 mingdan ziyod yangi oila vujudga kelyapti.
O`zbekistonda 2 millionga yaqin farzandlarimiz, shu jumladan, 840 mingdan ortiq qiz bolalar sportning 30 dan ziyod turi bilan muntazam shug`ullanmoqda.
O`zbekistonda yoshlarning, misol uchun 30 yoshga kirganlarning ulushi taxminan 60 foizni tashkil etadi.
Har yili mamlakatimizda 1 millionta ish joyi tashkil etilmoqda. Shuning 60 foizdan ko`prog`i qishloq joylarda tashkil etilayotgani.
2009-2014 yillarda 136 ta yangi yangi musiqa va san`at maktabi qurildi.
Transport va yo`l
So`nggi yillarda qariyb 2 ming kilometr avtomobil yo`llari, xususan, O`zbekiston milliy avtomagirali tarkibiga kiradigan 1,5 ming kilometr uzunlikdagi yo`l tarmoqlari qurildi va rekonstruksiya qilindi.
Temir yo`l sohasida 342 kilometr uzunlikdagi yangi “Navoiy-Uchquduq-Nukus-sultonuvaystog`” va 223 kilometrlik “Toshguzar-Boysun-Qumqo`rg`on” tarmoqlari barpo etildi, 550 kilometrdan ziyod temir yo`l liniyalari elektrlashtirildi.
Bugungi kunda O`zbekistonda 27 ta rusumdagi yuk va engil avtomobillar, avtobuslar, minivenlar hamda 15 turdagi zamonaviy qishloq xo`jalik texnikalari ishlab chiqarilmoqda.
Mustaqillik yillarida aholining engil avtomobillar bilan ta`minlanishi 3,5 marta oshgan. Hozirgi kunda O`zbekistondagi har 2-oila yurtimizda ishlab chiqarilgan shaxsiy avtomobilga ega.
Hududlar misolida
Andijon viloyatida bugungi kunda 21 mingga yaqin kichik biznes sub`ekti faoliyat ko`rsatmoqda. Ularning yalpi hududi mahsulotdagi ulushi 59 foizdan ziyod, mehnat bilan band aholining 84 foizi, ya`ni 1 million 45 mingdan ortiq kishi ayni shu sohada ishlab daromad topmoqda.
Buxoro viloyatida keyingi etti yilning o`zida 9 milliard 500 million dollar hajmida investisiya kiritildi.
Samarqand viloyatida bugungi kunda 13 mingga yaqin kichik biznes sub`ekti faoliyat ko`rsatmoqda. Ularning hududiy mahsulotdagi ulushi 77 foizni tashkil etmoqda.
Sirdaryo viloyatida 6 mingdan ziyod fermer xo`jaligi faoliyat ko`rsatmoqda.
Guliston shahrida so`nggi vaqtda 380 milliard so`mlik qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.
Xorazm viloyatida so`nggi yillarda barqaror rivojlanish sura`tlari ta`minlanib, yalpi hududiy mahsulotning 1,8 barobar, sanoat mahsulotlari hajmining 2,3 marta o`sishga erishildi.
Toshkent shahrida so`nggi etti yilda 60 milliard 500 million so`m miqdorda investisiya jalb qilindi.
DUNYo E`TIROFIDA
Mamlakatimiz ta`lim sohasini rivojlantirish va isloh etishga yo`naltirilayotgan yillik harajatlar yalpi ichki mahsulotning 10-12 foizini tashkil etayotgani va bu sohaning davlat byudjeti harajatlaridagi ulushi 35 foizdan ziyod ekan bugungi kunda BMT, YuNISEF, YuNESKO va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan e`tirof etilmoqda.
BMT ko`magida AQShning Kolumbiya universiteti sosiologlari tomonidan o`tkazilgan tadqiqotlar asosida tashkil etilgan “Butunjahon baxt indeksi”ning yangi reytingida O`zbekiston 158 mamlakat orasida 44-pog`onada, MDHga a`zo mamlakatlar orasida esa birinchi o`rinda qayd etildi.
Buyuk Britaniyaning nufuzli “Ekonomist” jurnalining e`tirof etishicha, Toshkent shahri obodligi va yashash uchun qulayligi jihatidan dunyo reytingida 140 ta shahar orasida 58-o`rinni egallaydi. (Ma`lumotlarga ko`ra, Er yuzida bir milliondan ortiq shahar mavjud – tahr)
Amerika Qo`shma Shtatlaridagi nufuzli «The Huffington Post» nashri tomonidan Samarqand shahri “Dunyoning albatta borib ko`rish kerak bo`lgan 50 shahri” ro`yhatiga kiritilgani va bunday e`tirofga erishishda ham MDH mamlakatlari o`rtasida O`zbekiston yagona ekani e`tiborga sazovordir.