Joriy yilda poytaxt maktablarini jami 34910 nafar o`g`il-qiz bitirgani e`tiborga molik. Bu katta raqam, albatta. Ularning akademik liseylar hamda kasb-hunar kollejlarida o`qishni davom ettirishlarini ta`minlash borasida yil davomida bir qator ishlar qilindi. Avvalo, har bir maktab bitiruvchilari o`z hududlariga yaqin joyda joylashgan o`rta maxsus ta`lim dargohlariga biriktirib chiqildi.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 7 iyundagi 109-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizom asosida joriy yilning 20-30 iyun kunlari bitiruvchilar hujjatlarini tegishli o`rta maxsus ta`lim muassasalariga topshirishdi, deya xabar beradi Toshkent shahar hokimligi Axborot xizmati.
Joriy yilning 14 iyul kuni shahardagi 20 ta o`rta maxsus kasb-hunar ta`limi muassasalarida talabgorlar soni ko`pligidan kelib chiqib test sinovlari o`tkazildi. Ushbu imtihonlarda qatnashgan 4589 nafar o`g`il-qizlar muvaffaqiyat qozonishgan bo`lsa, 8302 nafari esa hujjat topshirgan ta`lim muassasalarida o`qish huquqini qo`lga kirita olishmadi. Ular ikkinchi yo`nalish bo`yicha tanlagan akademik lisey va kasb-hunar kollejlarida ta`limni davom ettiradigan bo`lishdi.
Toshkent shahar xalq ta`limi bosh boshqarmasi hamda O`rta maxsus kasb-hunar ta`limi boshqarmalari berayotgan ma`lumotlarga ko`ra, poytaxtda bitiruvchilarning 99.1 foizi ta`limning ikkinchi bosqichi bilan ta`minlandi. Qolganlarchi, degan savol tug`iladi.
Ma`lumotlarga ko`ra, 287 nafar bitiruvchi turli sabablarga ko`ra, poytaxt o`rta maxsus ta`lim dargohlarida o`qishni davom ettirmaydi. Kimdir oilaviy ravishda doimiy yashash uchun boshqa hududga ko`chib ketgani uchun, kimdir tibbiyot muassasalarining xulosalariga ko`ra, yana kimdir boshqa bir sabab bilan ushbu ro`yxatga kirgan.