AsosiyShou-biznes

Ravshan ERMATOV: Taniqli hakamlar kumirim emas, do`stim

Bugungi kunda o`zbek futbolida Ravshan Ermatovning tutgan o`rni nihoyatda katta. hakam sifatida O`zbekiston nomini butun dunyoga tanitib borayotgan yurtdoshimizning erishayotgan yutuqlariga har qancha havas qilsa, arziydi. Ermatov yildan-yilga yangidan yangi yutuqlarni, marralarni zabt etib boryapti. duyon futbolida o`z nomini zarhal harflar bilan yozgan Ravshan Ermatov “Darakchi” gazetasining navbatdagi mehmoni bo`ldi...

 

Ravshan aka, Vatanimiz istiqlolga erishganidan so`ng o`zbek sporti nufuzi qay darajada oshdi deb o`ylaysiz?

— Vatanimiz Mustaqil bo`lganidan so`ng avvalambor o`zbek sportchilarining oldida keng imkoniyatlar eshigi ochildi. Chunki istiqlolga ega chiqqanimizdan so`ng sportchilarimiz yurtimiz sharafini xalqaro maydonlarda himoya qilishni boshladi. Bu esa eng katta yutuqlarimizdan biri bo`ldi. Bir so`z bilan aytadigan bo`lsam, hozirga qadar sport ortidan nimalarga erishgan bo`lsak, hammasiga aynan shu istiqlol davrida erishdik. Halibundana ko`prog`iga erishimiz kerak.

         Birinchi navbatda millionlar o`yini — futbolga e`tibor nihoyatda oshdi. Buning samarasini  ham ko`ra boshladik. O`zbek futbolining poydevori yaratildi. Futbol maktablari, akademiyalaridan iborat infratuzilma paydo bo`ldi. Ishonchim komilki o`zbek futbolining yutuqlari hali oldinda, bugungacha erishganlarimiz bilan cheklanib qolmaymiz hamda o`sishda bardavom bo`lamiz.

Futbol bo`yicha ikkita jahon chempionatida qatnashib, 9 ta uchrashuvni odilona boshqarib, rekord o`rnatdingiz. Navbatdagi jahon chempionatiga qadar biroz vaqt bor. Aytingchi, bu rekordingiz oldinda turgan maqsadlar uchun tramplin vazifasini bajaradimi?

— Albatta. Bilasizmi, sportda o`z oldingizda katta maqsad yoki vazifa qo`ymasangiz, intilishda davom etmasangiz, o`sish bo`lmaydi. Biror yutuqga erishganingizdan keyin, yangi marralarni zabt etish haqida o`ylashingiz kerak bo`ladi. Sportchi oldiga doimo yuqori maqsadlar qo`yishi, shunga yarasha ishlab borishi shart. Mehnatsiz natija bo`lmaydi. Jahon chempionati bu juda katta musobaqa hisoblanadi. Bu musobaqani butun dunyo to`rt yil davomida kutadi. Ikkita musobaqada o`yinlarni boshqargan bo`lsak-da, hali qiladigan ishlarimiz ko`p deb bilaman. Oldinda turgan musobaqaga tayyorgarlik ko`rishimiz va yanada yaxshiroq natijalar uchun kurashishimiz lozim. Yurtimiz sharafini jahon chempionatida munosib tarzda himoya qilish imkoniyatimiz bor. Shundan foydalanib qolish uchun mehnat qilish kerak.

Jahon chempionatlari ishtirokchisi, Osiyoning eng yaxshi hakami, klublar o`rtasidagi mundialning final bahsi singari yirik musobaqalarda qatnashgan bo`lsangizda hali erishmagan yutuqlarim bor deb ayta olasizmi?

— Maqsadlar ko`p. Jahon chempionatlarida 9 ta uchrashuvni boshqargan bo`lsamda bu natijalarim bilan to`xtab qolmasdan, mundialdagi o`yinlarim sonini 10 ta yoki 11taga ko`paytirishimiz ham mumkin. Bu yaxshi ko`rsatkich bo`lardi. Asosiysi, bugungi kundagi muvaffaqiyatlarimizdan havolanib ketmasligimiz kerak.

Har bir sportchining o`z kumirlari bo`ladi. Ravshan Ermatovning ham ham kumiri bormi?

Jamolalar yoki futbolchilardan kumirim yo`q. Chiroyli futbolning muxlisiman. Lekin O`zbekiston milliy terma jamoasiga ishqibozlik qilaman. Ular g`alaba qozonsa, boshim ko`kka etib xursand bo`laman. Hakamlarga kelsak, ilgarilari Perluidji Kollina, Markus Merk, Andrey Fris singari jahon tanigan referilarga havas qilardim. Ayni pallada ular o`z faoliyatini tugatishgan. Hozirgi taniqli hakamlar bilan do`stmiz. Seminarlarda birga bo`lib, fikr almashamiz. Shu bois ularni kumir emas, do`stlarim deb hisoblayman.

Mashhurlik borasida har qancha maqtansangiz arziydi. Aytingchi, mashhur bo`lganingiz sizga nima berdi?

— To`g`risini aytsam, men o`zimni mashhur inson deb hisoblamgan bo`lardim (kuladi). Bundan ancha yil avvalgi Ravshan Ermatov qanday inson bo`lgan bo`lsa, hozirda ham xuddi shundayman. Hayotimda bo`lgan o`zgarish sifatida vaqt taqchilligini ayta olaman. Avvalari vaqtim biroz ko`p bo`lgan. Ayni damda esa vaqtim kamroq.

— Demak yulduzlik kasaliga chalinmagansiz?

— Yo`q. Bu menga yot tushuncha hisoblanadi. Hamma qatori inson sifatida qabul qilishlarini xohlayman.

Chindan ham hakamlarning vaqti kam bo`ladi. Ayniqsa, FIFA toifasidagi referilari juda ko`p safarda bo`lishini bilamiz. Oila a`zolaringiz uyda kam bo`lishingnizni qanday qabul qilishadi?

— Ular buni to`g`ri qabul qilishadi, tushunishadi deya olaman. Siz ta`kidlaganingizdek, safarlarda ko`p yurgan paytimizda oila a`zolarimizga, do`stlarimizga vaqt ajratishimiz qiyin kechadi. Biroq vaqt topildi deguncha, oilam bag`rida bo`lishga intilaman. Men o`z ishimga professional tarzda yondoshishimni oila a`zolarim yaxshi tushunishadi va e`tiroz bildirishmaydi.

Kelajakda Ravshan Ermatov oilasidan unga munosib izdosh etishib chiqishi mumkinmi?

— Bu qiziqishlardan kelib chiqqan holda hal bo`ladi. Farzandlarim qaysi kasbga qiziqishsa, shuni tanlashi kerak deb o`ylayman. Chunki yoqtirmagan sohaga majburlab olib kirib bo`lmaydi. Inson o`zi yoqtirgan holda kasb tanlasa maqsadga muvofiq bo`ladi. Agar farzandlarim hakamlikka qiziqib, uni tanlasa, qo`limdan kelgancha yordam berishga harakat qilaman.

Ravshan aka, siz dastlab futbol bilan shug`ullgansiz. Keyinchalik jiddiy jarohatdan so`ng to`p tepishni bas qilgan holda, hakamlik kasbini tanlagansiz. Aytingchi, futbolda qolganingizda mana shunday yutuqlarga erisha olarmidinigiz?

— Ochig`i, hakamlik kasbini tanlayman deb sira ham o`ylamagandim. O`zbekiston milliy terma jamoasida to`p surishni va jahon chempionatida vatanim sharafini himoya qilishni xohlardim. Buni qarangki, hakamlikga o`tganimdan so`ng bunday imkoniyat yuzaga keldi. Ishonamanki, futbolchi bo`lganimda ham shunday natijalarga erishgan bo`lardim. Chunki men o`z ishimga doim jiddiy yondoshganman. Bir ishni boshladimmi, unga borimni berishga harakat qilganman. Inson o`z vazifasini fidoiylik bilan bajarmasa, biror nimaga erisha olmaydi. Futbol o`ynagan vaqtimda ham shunday edim...

— Ko`p kuzatganman, har qanday vaziyatda ham bosiqlik bilan qaror chiqarib kelgansiz. Hech qachon futbolchilar bilan jiddiy tortishuvlarga bormagansiz. Maydonda va hayotda fe`l-atvoringiz bir xilmi?

  • Chindan ham futbol maydonida futbolchilar juda asabiy bo`lishadi. Hakamlar ham asabiy bo`lsa, bu bahs jiddiy tortishuvlarga sabab bo`lib qolishi hech gapmas. Shu boisdan hakam doimo sovuqqon bo`lishi va har qanday vaziyatda ham o`zini bosishi darkor. Maydondan tashqarida ham doim bosiqlik bilan qaror chiqarishga odatlanganman. Birovga ozor berishni yoki jig`ibiyron bo`lib yurishni istamayman. Hamma ishni samimiylik, xushmuomilalik bilan hal qilishga urinaman. Shu orqali maqsadlarim sari ildamlab boraveraman.
  • Suhbat uchun tashakkur. Sizdan yanada ulkan yutuqlarni kutib qolamiz.
  • Rahmat.

Izzat Abduvahobov suxbatlashdi

    Boshqa yangiliklar