Alisher Usmonov haqida hali hech qaerda e`lon qilinmagan haqiqatlar chop etildi

Jamiyat 29.05.2020, 09:29
Alisher Usmonov haqida hali hech qaerda e`lon qilinmagan haqiqatlar chop etildi

Buyuk Britaniyaning BNE IntelliNews  axborot agentligining Internetdagi sahifasida vatandoshimiz, keng miqyosdagi jamoatchilik ishlari va xayriya tadbirlarini olib borayotgan mashhur biznesmen, madaniyat va san`at homiysi Alisher Usmonov haqida maqola e`lon qilindi. Maqola “The Daily Telegraph” gazetasining Moskvadagi, “The Guardian”ning Berlindagi byurosi asoschisi va bosh muharriri hamda sobiq rahbari Ben Aris tomonidan yozilgan.

Quyida ushbu maqola e`tiboringizga havola qilinmoqda.

Rossiyalik milliarder Alisher Usmonov o`zining Facebook va Alibabadagi shov-shuvli investisiyalari, “Arsenal”ning uzoq muddatli aksiyalariga egalik qilishi, shuningdek, Jeyms Uotsonning Nobel medalini sotib olishi va Rimdagi madaniy yodgorliklarni restavrasiya qilishi kabi ko`plab xayriya ishlari bilan butun dunyoda mashhur.

Shu yil fevral oyida Alisher Usmonov tomonidan Per Kubertenning Olimpiya manifesti Xalqaro olimpiya qo`mitasi muzeyiga hadya qilingani haqidagi xabar jahonga tarqaldi, bahorda esa biznesmen koronavirusga va O`rta Osiyodagi suv toshqinlariga qarshi kurash uchun ko`p millionlik xayriya qilgani ma`lum bo`ldi.

O`zbekiston farzandi bo`lgan Alisher Usmonov insoniylik, sharqona donishmandlik va haqiqiy ishbilarmonlikni noyob bir tarzda o`zida mujassam etganki, bu unga global dunyoga xos jarayonlarni  barchadan oldin ko`rish imkonini beradi. Uning uchun biznes ham butun jahon bo`ylab xayriya ishlariga oid loyihalarga sarmoya kiritish usulidir.

Alisher Usmonovning keyingi paytdagi inves­tisiya loyihalari orasida alohida ajralib turadigan tashabbusi — mahsulotlarni raqamli markirovka qilish borasidagi inqilobiy tizim yaratish haqidagi g`oyasi Rossiya uchun o`z bozorida tovarlar harakatini kuzatib turish sohasida birinchilardan bo`lish imkonini beradi.

Rossiya hukumati bir necha yil muqaddam, eng rivojlangan mamlakatlar bilan o`rtadagi tafovutni qisqartirishga uringan holda, iqtisodiyotni raqamlashtirish haqidagi g`oyani chin dildan qo`llab-quvvatladi. Bu g`oya onlayn tartibida davlat xizmatlarini ko`rsatish va ilg`or soliq tizimini yaratishni ham ko`zda tutar edi.

Hukumat Alisher Usmonovni texnologiyalar sohasidagi eng nufuzli va muvaffaqiyatli faoliyat ko`rsatayotgan investorlardan biri sifatida raqamli markirovka qilish tizimini joriy etish bo`yicha loyihani birgalikda amalga oshirish uchun taklif etdi. Shu tariqa tez orada axborot texnologiyalari sohasida eng yirik davlat-xususiy sheriklik munosabatlari vujudga keldi.

Markirovka tizimi har qanday tovarni barcha fuqarolar foydalanishi mumkin bo`lgan maxsus ilova orqali kuzatib turish imkonini beradi. Mahsulotlarni etkazib berishning butun zanjirini — ishlab chiqaruvchidan iste`molchigacha bo`lgan jarayonni kuzatib borish mumkin bo`ladi. Ushbu tizim Rossiya bozoriga ulkan zarar etkazayotgan tovarlarning noqonuniy savdosini va qalbaki mahsulotlar oqimini to`xtatishga yordam beradi.

Loyihaga katta miqdordagi pul — 220 milliard rubl (3 milliard dollar) mablag`ni sarmoya sifatida kiritishni rejalashtirayotgan qo`shma kompaniyaning 50 foiz ulushi Alisher Usmonovga tegishlidir. Loyihani amalga oshirish hal qiluvchi pallaga kirishi bilan Rossiya yaqin orada chakana savdoni real vaqt rejimida tahlil etishga qodir bo`lgan jahondagi birinchi davlatga aylanadi. Hozirgi vaqtda shunga o`xshash tizimlar faqat Janubiy Koreya va Singapurda faoliyat ko`rsatmoqda.

Barchasi qanday boshlangan edi?

Alisher Usmonovning biznes olamiga kirib kelishi va katta nufuzga ega bo`lishi uzoq va davomli yo`l bo`lib, u doim yangi imkoniyatlar topishning uddasidan chiqar edi. Biznesning qandaydir bitta turi yoki tarmog`i bilan kifoyalanmasdan, u istiqboli bor deb bilgan sohalarga sarmoya kiritardi.

Alisher Usmonov 1953 yili O`zbekistonning Chust shahrida tug`ilgan. U Moskvadagi nufuzli oliy o`quv yurti bo`lgan Xalqaro munosabatlar institutida o`qib, yurist diplomini oldi. Bu — sovet davri elitasiga xos an`anaviy bir bosqich edi. Alisher Usmonov yoshligida professional darajada qilichbozlik bilan shug`ullangan. Bundan tashqari, unda diplomatiya sohasida muvaffaqiyatli ravishda o`sish imkoniyati bor edi, lekin Mixail Gorbachyov davridagi qayta qurish siyosati vaziyatni tubdan o`zgartirib yubordi. SSSRning qulash davrida boshboshdoqlik hukm surar, ayni vaqtda tadbirkorlik qobiliyati va ishbilarmonlik g`ayrat-shijoatiga ega bo`lganlar uchun mislsiz imkoniyatlar ham ochilar edi.

Alisher Usmonov o`z boyligining katta qismini 90-yillarda  ishlab topgan, ammo Sovet Ittifoqi tugab ketishidan bir necha yil oldin dollarlik millioner darajasiga ko`tarilgan edi.

Uning biznes olamidagi tarixi qayta qurish avjiga chiqqan pallada boshlandi. Alisher Usmonov oyog`i singan holda shifoxonaga tushib, vaqtini behuda o`tkazmaslik uchun do`stidan polimerlar kimyosi haqidagi kitobni olib o`qiydi.

U keyinchalik bu haqda “Yuqori zichlikdagi polietilen, penopoliuretan degan narsalar ­allaqanday g`aroyib bo`lib tuyulardi”, deb eslaydi.

Lekin uni kimyo emas, 30 000 dona elim xaltachani — o`sha paytda ularga talab katta edi — 1 rubldan sotish mumkinligi, ularni ishlab chiqarish uchun kerak bo`ladigan bir tonna xomashyo esa 437 rublga tushishi ­qiziqtirar edi.

Alisher Usmonov kasalxonadan sog`ayib chiqqanidan so`ng tijorat tashkilotining sovetcha muqobili bo`lgan kooperativ-shirkat tuzdi. Bunday tuzilmalar Gorbachyovning 80-yillar oxiridagi iqtisodiy islohotlari doirasida ta`sis etilar edi.

Alisher Usmonov shitob bilan o`zining tadbirkorlik qobiliyatini namoyon etdi. U Rossiyadagi plastikka ixtisoslashgan ishlab chiqaruvchilarning “qizil direktorlari” bilan kelishishning uddasidan chiqdi va G`arbiy Germaniyadagi korxona (Kelbergdagi Plastik-Mashinenbau) bilan ham asbob-uskunalarni anchagina arzon narxda sotib olish bo`yicha shartnoma tuzdi. Hozirgi vaqtda elim xaltalar ishlab chiqarish haqidagi gaplar unchalik ham qiziq tuyulmaydi, biroq Sovet Ittifoqining so`nggi yillarida va sho`rolar davridan keyingi Rossiyada g`arbona uslubdagi rang-barang bichimga ega, sirtiga yozuvlar tushirilgan elim xaltalar erkin bozor sari tashlangan birinchi qadam edi. Biror narsa olish uchun do`konga borgan odam albatta, elim xaltacha xarid qilardi.

Biznes gullab-yashnadi. 300 millionlik aholiga ega bo`lgan sovet bozorida Alisher Usmonov va uning sheriklari dollarlik millionerlarga aylanishdi. 1992 yilga, biznes yangi bosqichga ko`tarilgan davrga kelib, u allaqachon badavlat inson bo`lib ulgurgan edi.

Alisher Usmonov 90-yillarda katta boylik to`plagan ko`plab rossiyalik milliarderlar orasida alohida ajralib turadi. U o`z boyligini ochiq bozordagi aktivlar — mol-mulk va boshqa qimmatbaho narsalarni sotib olish yo`li bilan to`pladi, bu jarayonda yangi biznes turlarini, masalan, texnologiyalar sohasidagi ishini dastlabki nuqtadan boshladi.

“Men hech qachon va hech qanday vaziyatda, kimlardir o`ylagandek,  oligarx bo`lmaganman. Barcha aktivlar o`zim va sheriklarim tomonidan ikkilamchi bozordan sotib olingan, ularning xususiylashtirish jarayoniga hech qanday aloqasi yo`q. Menga hech kim hech narsa sovg`a qilmagan”, — deb bayonot berdi yaqinda Alisher Usmonov Financial Timesga bergan intervyusida.

Garchi Alisher Usmonovni tez-tez vaucherlar shaklidagi xususiylashtirish davomida hamda 1995-96 yillardagi mashhur “garov asosidagi auksionlar” davrida shiddat bilan badavlat bo`lib ketgan, “birinchi to`lqin”ga mansub rossiyalik eng nufuzli oligarxlardan biri, deb hisoblasalar-da, aslida uning boyish sari olib boradigan yo`li butunlay boshqacha bo`lgan.

Yangi imkoniyatlar

Rossiya 1992 yilgacha boshboshdoqlik domiga tortilgan edi. SSSR tarqalib ketganidan so`ng iqtisodiyotning emirilishi boshlandi. Lekin hatto eski tuzum vayronalari ostida ham foyda olish uchun ko`plab imkoniyatlar topish mumkin edi.

Aynan 1992 yili Roman Abramovich neftni chet elga sotish uchun mahsulot yuklangan temir yo`l sostavini Latviyadagi portga jo`natishni o`ylab topdi. Ana shu ishdan keyin uning kapitali shakllana boshladi.

Bu bank spekulyasiyalari davri edi. Ozgina puli bor har qanday odam o`z bankini tashkil etishi va giperinflyasiyadan  foyda olgan holda, arbitraj ishlari orqali millionlab rubl pul ishlab olishi mumkin edi. Buning uchun banklar qarz majburiyatlarini, masalan, kompaniyalarning ish haqini to`lash bo`yicha majburiyatlarini rubl hisobida qabul qilar, lekin ularni dollarda o`tkazar va hisob-kitoblarni imkon qadar ko`proq kechiktirishga harakat qilar edi. Vaqti kelib, nihoyat banklar to`lovlarni amalga oshirganida ular tegishli mablag`ni yana qayta dollardan rublga o`tkazar (rubl bu paytga kelib sezilarli ravishda arzonlashgan bo`lardi), hisob-kitobdan keyin qolgan (dollardagi) pulni esa o`zlashtirib olishar va shu tariqa kattagina foydaga ega bo`lishar edi. O`sha davrda yillik inflyasiya ko`rsatkichi 1000 foizdan yuqori yoki kuniga qariyb 5 foizni tashkil etar edi. Ko`plab boyliklar ana shunday ishlar orqali qo`lga kiritilgan.

Alisher Usmonov boshqa yo`ldan bordi. G`animat fursatdan epchillik bilan foydalanib qoladiganlar uchun ulkan imkoniyatlar ochib bergan boshboshdoqlik sharoitida u investisiya faoliyati bilan shug`ullandi. O`zining eski sherigi va do`s­ti, asli kelib chiqishi eronlik bo`lgan britaniya­lik Farhod Moshiriy bilan birgalikda Alisher Usmonov xalqaro bozorlarda sarmoya sarflay boshladi va bu borada ko`p narsaga erishdi.

Unga 90-yillarning oxirida gaz sohasida Rossiyada yakka hukmron bo`lgan “Gazprom” davlat kompaniyasi raisi Rem Vyaxirev o`z e`tiborini qaratdi. Vyaxirev Alisher Usmonovni gaz sohasidagi ulkan tuzilmaning investisiya loyihalari bilan shug`ullanadigan sho``ba korxonasi — “Gazprom investxolding” kompaniyasi rahbari etib tayinladi. 

“Gazprom” uchun bu oltin davr edi. Gaz eksporti davlat uchun uncha ko`p bo`lmagan ishonchli manbalardan biri edi va yuz minglab xodimlarga ega bo`lgan kompaniya — uni ko`pincha “davlat ichidagi davlat” deb atashardi — mamlakatning deyarli barcha mintaqalarida o`z tuzilmalariga, binobarin, o`z ta`siriga ega edi. “Gazprom” butun-butun shaharlarda ijtimoiy sohani — maktablardan tortib pensionerlarni qo`llab-quvvatlashgacha — to`liq ta`minlab kelardi. Alisher Usmonov Vyaxirevga ushbu saltanatni boshqarishda yordam beradigan moliyaviy maslahatchilardan biriga aylandi.

Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putin 2001 yilda Vyaxirevni iste`foga chiqardi. Bu qadam Prezident tomonidan undan oldin mamlakatni boshqargan Elsin davrida shakllangan betartib tizimni nazoratga olish uchun yo`naltirilgan chora-tadbirlardan biri bo`ldi. Lekin hatto “Gazprom”ni Aleksey Miller boshqargandan keyin ham Alisher Usmonov yana uzoq vaqt “Gazprom investxolding”ning rahbari bo`lib ishladi.

Metallurgiya sohasi magnati

Alisher Usmonov “Gazprom”ga kelgan vaqtida yaqindagina xarid qilgan metallurgiya korxonasi kapitalidagi ulushini kompaniyaga sotdi. Manfaatlar to`qnashuviga yo`l qo`ymaslik uchun ham shunday qildi. Keyinchalik u bozor narxida haq to`lab, “Gazprom”dan ushbu ulushni qayta sotib oldi.

Ana shu voqeadan so`ng metallurgiya tarmog`idagi faoliyati boshlandi. Rossiyada 2002 yilda olti yillik iqtisodiy yuksalish boshlandi. Shu davrda iqtisodiyot 6-8 foizga, fond bozori daromadlari esa 50 foizgacha o`sdi. Rossiya kompaniyalari o`z aktivlarini ularning xalqaro muqobillarga yaqin adolatli qiymatini belgilash maqsadida qaytadan baholay boshladi va shundan so`ng mahalliy xomashyo ishlab chiqaruvchilar etakchilar qatoriga ko`tarildi.

Alisher Usmonov o`z kapitalini metallurgiya kompaniyalariga qo`ya boshladi. U bir qator tog`-kon  va po`lat quyish korxonalarini sotib oldi hamda Rossiyaning etakchi metallurgiya kompaniyalaridan biri bo`lgan “Metalloinvest” guruhini tashkil etdi. Ushbu kompaniya hozirgi kunga qadar uning biznes saltanatida g`oyat muhim o`rin egallab kelmoqda.

Alisher Usmonov zarar bilan ishlab kelayotgan Corusa Steel Angliya-Gollandiya qo`shma korxonasiga mablag` sarflaganida,  yuqorida esga olganimiz — iqtisodiy yuksalish endi-endi boshlangan edi. Alisher Usmonovning sheriklari o`zining eng noxush davrini boshidan kechirayotgan po`lat quyish kompaniyalarini sotib olish butunlay aqlsiz ish ekanini aytishadi. Lekin u o`z hamkorlarini tanlangan yo`ldan qaytmaslikka ko`ndiradi. Ikki yildan so`ng Corusning aksiyalari narxi keskin oshib ketganida Alisher Usmonov o`z boyligini sezilarli ravishda oshirishga erishadi.

Zamonaviy texnologiyalar

Iqtisodiyotning yuqori sur`atlar bilan rivoj­lanishi mamlakatni tubdan o`zgartirib yubordi. Yalpi ichki mahsulot ikki barobar ko`paydi. O`rta sinf paydo bo`ldi. Ish haqi miqdorining o`n yil davomida 10 foizga o`sishi xususiy sektorda ishlayotganlar bilan davlat xizmatida ishlayotganlar yoki hech bo`lmaganda, u bilan bog`liq bo`lgan kishilar, ya`ni mamlakat aholisining qariyb yarmi o`rtasidagi tafovutni yo`q qildi.

Ana shunday o`zgarishlar tufayli rossiyalik­lar oldida yangi imkoniyatlar dunyosi ochildi. 90-yillarda asosiy kapital xomashyo bilan bog`liq kompaniyalar qo`lida edi, ammo 2000-yillarga kelib, chakana savdo va xizmat ko`rsatish kabi sohalarda ishlaydigan korxonalar katta daromad keltira boshladi. Oxir-oqibatda Rossiya aholi soni bo`yicha Evropadagi har qanday mamlakatdan ustun bo`lgan yirik iste`mol bozoriga aylandi. Alisher Usmonov zamonaviy texnologiyalarning katta imkoniyatlariga ko`pchilikdan ilgari e`tibor qaratdi.

Global moliyaviy inqiroz avjiga chiqqan bir paytda, 2009 yilda Usmonov Facebook aksiyalarini sotib olish uchun bir milliard dollar ajratishga qaror qilganida ushbu qiziqish avj nuqtasiga etdi.

Bunday xatarli taklifni eshitib, uning biznes hamkorlari Alisher Usmonovga yana, sen esingdan og`ib qolibsan, deb aytishdi. Chunki u inqiroz davrida boshqalar kabi juda ko`p pul yo`qotgan edi.

Facebook aksiyalarini sotib olish haqidagi g`oyani Alisher Usmonovga Yuriy Milner bergan va ushbu kompaniyaning kapitalidagi chog`roq ulushni sotib olishni taklif qilgan edi.

Usmonov bu paytda Facebook tez orada mutlaqo mustaqil fenomenga aylanishini tushunib etgan edi. “Milner aksiyalarning 0,5 foizidan 1 foizigacha sotib olishni reja qilar edi, ammo men bu sohaga kirar ekanmiz, ko`proq ulushga ega bo`lishimiz kerakligini aytdim”, deb eslaydi Alisher Usmonov. Natijada Alisher Usmonov va uning sheriklari Facebook aksiyalari ommaviy joylashtirilishidan bir necha yil avval kompaniya aksiyalarining qariyb 8 foizini o`z qo`llarida to`pladilar.

Milner global moliyaviy inqiroz avjiga chiqqan paytda Facebook egasi Mark Sukerberg bilan muzokaralarni boshladi. Keyingi voqealar tarix sahifalariga aylanib bo`lgan.

Ba`zi ma`lumotlarga ko`ra, Usmonov Facebookga o`zining USM kompaniyasi orqali to`g`ridan-to`g`ri 460 million dollar, shuning­dek, o`zi va Milner sherikligida tuzilgan va ­Rossiyadagi bir nechta yirik texnologik kompaniyalar aksiyalari egasi bo`lgan DST venchur fondi orqali esa yana 420 million dollar investisiya kiritdi.

Alisher Usmonov bu bitim qanchalik muvaffaqiyatli bo`lgani haqida hech narsa demaydi. Ammo Financial Times muxbiri undan olingan foyda kiritilgan sarmoyadan qancha oshganini so`raganida, u “besh barobardan ortiq”, deb javob berdi.

Alisher Usmonov ko`p yillar davomida texnologik kompaniyalarga sarmoya kiritishda davom etdi. Rossiyada u “MegaFon” uyali aloqa kompaniyasida, Mail.ru pochta xizmatida va Facebook tarmog`ining Rossiyadagi muqobili bo`lgan “VKontakte” ijtimoiy tarmog`ida aksiyalarni sotib oldi.

“VKontakte” qisman Milnerning fondi DSTga tegishli edi, fondning aksiyadori Usmonov edi. IntelliNewsga bergan sharhida Milner: “Bu inson keng dunyoqarash, ishbilarmonlik salohiyati va prinsiplarga sodiqlikni noyob tarzda o`zida mujassam etgan”, — deydi.

Alisher Usmonovning zamonaviy texnologiyalarga bo`lgan alohida qiziqishi uning Apple, shuningdek, dunyoning ko`plab texnologik etakchilariga, jumladan, JD.com, Twitter, Spotify, Uber va boshqa kompaniyalarga muvaffaqiyatli investisiya kiritganida o`z aksini topdi.

Xayriya faoliyati

Shu yil may oyining boshida O`zbekiston va ­Qozog`istonning chegaradosh hududlarida toshqin va to`g`onning buzilishi oqibatida 100 mingdan ortiq odam jabr ko`rdi. Alisher Usmonov zudlik bilan ofat oqibatlarini bartaraf etish uchun har ikki mamlakatga 15 million dollar mablag` yo`naltirdi. O`zbekiston Prezidenti ­Shavkat ­Mirziyoevga yo`llagan maktubida u: “Fojia haqidagi xabarni qalbimda og`riq bilan qabul qildim” va “men xalqimizning taqdiriga befarq ­qarab tura olmayman”, deb yozdi.

Shu yilning boshida Alisher Usmonov ona yurtini ham chetlab o`tmagan Covid-19 pandemiyasiga qarshi kurashish doirasida O`zbekiston shifoxonalarini jihozlash uchun 25 million dollar ajratdi.

“Rossiyada milliarder va uning sheriklari tibbiyot muassasalariga yordam berish uchun o`z mab­lag`larining 26 million dollarini va nazorati ostidagi kompaniyalari orqali moliyaviy ko`mak va turli imtiyozlar shaklida 100 million dollar ajratdi”, deb xabar qildi Alisher ­Usmonovning matbuot xizmati IntelliNewsga.

Forbes jurnalining xalqaro reytingida Alisher Usmonov pandemiyaga qarshi kurashishga eng ko`p xayriya mablag`lari yo`naltirgan rossiyalik filantropga aylandi va xayr-ehsonning umumiy miqdori bo`yicha Jek Dorsi va Bill Geyts bilan birgalikda hozirgi inqiroz sharoitida dunyodagi uch nafar etakchi saxovatpesha biznesmenlar qatoriga kirdi.

Alisher Usmonov ko`p yillar davomida Rossiyadagi eng boy tadbirkorlardan biri bo`lib kelgan: uning boyligi 13,4 milliard dollar qiymatida baholanmoqda. Ikki yil avval Forbes ekspertlari Alisher Usmonovni yilning eng yaxshi biznesmeni deb e`tirof etgan edi, lekin 60 yoshga to`lganidan so`ng u aksariyat kompaniyalarini bosh­qaradigan USM xoldingdagi ulushini kamaytira boshladi. Alisher Usmonov Jorj Soros, Uorren Baffet va Bill Geytcning izidan bormoqda: ular o`z kapitalining juda katta qismini ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarga xayriya sifatida sarflaganlar. Ayni paytda Alisher Usmonov xayriya ishlarini o`z faoliyatining asosiy yo`nalishiga aylantirgan ilk rossiyalik milliarder bo`ldi.

O`ziga tegishli mablag`ni changallab, biznesi ustidan nazoratni qo`ldan chiqarishni istamaydigan aksariyat rossiyalik oligarxlardan farqli o`laroq, Alisher Usmonov bir necha yil avval asta-sekin biznes bilan bog`liq ishlardan uzoqlashayotganini aytdi.

Shu yilning yanvar oyida Alisher Usmonov Rossiyadagi biznesga doir aktivlarning katta qismini birlashtirish maqsadida sakkiz yil oldin tashkil etilgan USM xoldingidagi aksiyalarini oila a`zolari va top-menejerlari o`rtasida taqsimlash niyatida ekanini ma`lum qildi.

“Menga yordam berganlar ko`p. Shuning uchun men ham o`z aksiyalarimni berish orqali oilam va menejerlarimga yordam ko`rsatishni xohlayman ”, dedi Alisher Usmonov.

Endi Alisher Usmonov, o`zining aytishicha, vaqtining asosiy qismini o`zi chindan ham sevadigan ishga, ya`ni sport va xayriya ishlari bilan bog`liq loyihalarni qo`llab-quvvatlashga bag`ishlamoqda. U uzoq vaqtdan buyon Xalqaro qilichbozlik federasiyasining prezidenti bo`lib kelmoqda. U “Qilichbozlik kelajagi uchun” xayriya jamg`armasi asoschisi hamdir.

Joriy yilning boshida Alisher Usmonov Olimpiya manifestining asl nusxasini sotib oldi, buning uchun tarixda sport bilan bog`liq yodgorlik uchun to`langan eng yuqori mablag` — 8,8 million dollar to`ladi va uni Xalqaro qilichbozlik federasiyasining bosh qarorgohi joylashgan Lozanna shahridagi Olimpiya muzeyiga sovg`a qildi.

Sport mavzusi hatto Usmonovning shaxsiy hayotida ham bilinadi: mana, 28 yildirki, badiiy gimnastika bo`yicha Rossiya terma jamoasining afsonaviy bosh murabbiyi va Butunrossiya badiiy gimnastika federasiyasi prezidenti bo`lib kelayotgan Irina Viner uning rafiqasidir.

Alisher Usmonov mustahkam iymon-e`tiqodli inson ekani bilan ajralib turadi va 60 yoshdan keyingi umr musulmon uchun juda muhim davr, deb hisoblaydi.

“Musulmon uchun 63 yosh — payg`ambar yoshi. Payg`ambarimiz Muhammad alayhissalom 63 yil umr ko`rganlar. Ushbu tabarruk yoshga etgach, insonda foyda topish bilan shug`ullanish istagi yo`qoladi. Shuning uchun 63 yoshimda biznes olamidagi sayohatni tugataman, — degan edi Alisher Usmonov. — Endi o`zimni biznesmendek his qilmayapman. Men ko`proq xayriya ishlari bilan shug`ullanadigan jamoat arbobiman va bu meni juda ruhlantiradi. Va bu juda katta mablag`ni talab qilar ekan, men bir qator kompaniyalarda aksiyador bo`lib ­qolaman”.

Forbes ma`lumotlariga ko`ra, Usmonov so`nggi o`n besh yilda 2,6 milliard dollar mablag`ni xayriya qilgan. O`tgan yil davomida esa — 400 million dollar, jumladan, O`zbekistonga bir necha yuz million dollar o`tkazildi.

Shuningdek, Alisher Usmonov Toshkentda yirik Islom sivilizasiyasi markazini barpo etish uchun ham mablag` ajratdi. U Jahon banki ko`magida O`zbekistonning bir qator hududlarida uy-joy qurish dasturini amalga oshirishda ishtirok etmoqda va o`zbek sportini qo`llab-quvvatlamoqda.

Rossiyada Alisher Usmonov Mstislav Rostropovich va Galina Vishnevskayaning san`at asarlari to`plamlarini ushbu mamlakatga qaytargani, Rossiyaning etakchi muzeyi uchun Frans Xalsning mashhur “Avliyo Mark” kartinasini sotib olgani, sovet multfilmlari to`plamini topib olib kelgani va boshqa ko`plab ana shunday olijanob ishlari bilan tanilgan.

Ayni paytda Alisher Usmonovning saxovatidan nafaqat Rossiya va O`zbekiston bahramand bo`ldi, balki u butun dunyo bo`ylab madaniy merosni qo`llab-quvvatlashga katta hissa qo`shdi. Ulpia Bazilikasi, Gorasiylar va Kuriasiylar zalini va Rimdagi Pyassa del Kvirinale maydonidagi favvorani restavrasiya qilish, shuningdek, Londondagi choy tashiydigan "Katti sark" kemasini qayta tiklash loyihalari — bularning barchasi Alisher ­Usmonovning faol ishtiroki tufayli ro`yobga chiqdi.

"Menimcha, agar biror kishi Olloh taolodan va taqdirdan nimadir olgan bo`lsa, demak, uni boshqalar bilan baham ko`rishi kerak, — deydi Alisher Usmonov. — Xayriya ishlariga kelsak, siz bor-budingizni o`ngu so`lga tarqataverishingiz shart emas. Qur`oni karimda buyurilganidek, daromadning beshdan biri xayr-ehson qilinishi joiz. Xayriya faoliyatining ikkinchi bosqichi — bu oilangiz va do`stlaringizning baxtli-saodatli bo`lishlari uchun ularga hamma narsani muhayyo qilib berishdan iborat. Va uchinchi daraja — bordiyu o`zingiz kutganingizdan ko`proq boylikka ega bo`lsangiz, topganingizning yarmini ehson qilasiz".

Alisher Usmonovni yaxshi biladigan odamlarning aytishlaricha, "xayr-ehson qilib yashash uning qon-qoniga singib ketgan". Jeyms Uotsonning Nobel mukofoti medali bilan bog`liq hikoyasi Alisher Usmonovning homiylik borasidagi yondashuvining ajoyib namunasidir. 1962 yilda Frensis Krik va Mauris Uilkins bilan birgalikda DNKning ikki qatorlik tuzilishini kashf etgani uchun tibbiyot bo`yicha Nobel mukofotiga sazovor bo`lgan Uotson o`zi uzoq vaqt ishlagan Long-Aylenddagi "Kold Springs Xarbor" laboratoriyasi uchun pul topish maqsadida o`z medalini sotishga tayyor edi. Medal Nyu-Yorkdagi "Kristis" kimoshdi savdolari uyida noma`lum xaridorga 4,1 million dollar evaziga sotildi. Keyinchalik bu Alisher Usmonov ekani ma`lum bo`ldi. Saxovatli biznesmen "taniqli olim o`z yutuqlari uchun olingan medalni sotadigan holatga tushishiga yo`l qo`yib bo`lmaydi... va DNK tuzilishini kashf etgani uchun mukofot uning o`zida qolishi kerak", deb medalni olijanoblik bilan Uotsonga qaytarib berdi.

Yuqorida zikr etilganlardan tashqari, ­Alisher Usmonovni juda boy-badavlat qilib turgan yana bir jihat bor. Katta oilada tug`ilib-o`sgan ­Alisher Usmonov o`ndan ziyod jiyanlari va nabiralarini ardoqlaydi, uning mehr to`la ulkan qalbida ular muhim joy egallab, eng bebaho boyligi ­bo`lib kelmoqda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1