AsosiyShou-biznes

Umid Iskandarovdan ro`zg`orbop erkak bo`lishning 10 siri

Ro`zg`or yukining bir tomonini er, bir tomonini xotin ko`tarishi lozim deb bejizga aytishmaydi. Boisi oila yumushlari erga ham, xotinga ham etib ortadi. Ikkalasining ham o`ziga mos vazifalari bor. Xo`sh, ro`zg`orbop erkak qanday bo`lishi kerak? San`atkor erkaklar ro`zg`or yumushlarini bajarishga vaqt topa olishadimi? Shu kabi savollarga aktyor Umid Iskandarovdan javob berishga harakat qiladi.

Umid Iskandarov:  — Albatta, oilada erkak  ham ro`zg`or yumushlarini bajarishni bilishi shart deb o`ylayman. Sababi, bozor-o`char qilish, eshik-deraza romlarini ta`mirlash, o`rnatish, yoki elektr toki bilan bog`liq uskunalarni tuzatish kabi vazifalar erkakning zimmasida bo`lishi kerak.  Ro`zg`orbop erkak bo`lish uyat emas, oilada erkak kishi o`z vazifasini bajarmasligi uyat!  Bugun ro`zg`ordagi vazifalarim nimalardan iboratligi haqida gapirib beraman.

  1. MUZLATKIChNI TEZ-TEZ OChIB TURING!
  • Oila boquvchisi men bo`lganligim uchun odatda bozor-o`charni o`zim qilaman. Muzlatkichni  tez-tez ochib, kamchiliklardan xabar olib turaman. Bitta kamchiligim bor, kerakli narsalarni ro`yxat qilib olmasligim tufayli, ko`kat, ziravorlar, tuz kabi mayda-chuyda mahsulotlar yodimdan ko`tarilib qoladi. Shu tufayli onam esa mendan keyin yana bir marta supermarketga chiqib kelishlariga to`g`ri keladi (kuladi).
  1. Mahsulotning muddati bilan qiziqaman

Sabzavot tanlaganda kartoshka va piyozning o`rtacha hajmdagisini xarid qilaman. Sababi, bunday hajmdagi kartoshkani ovqatga chamalab solish oson, qolaversa, o`rtacha hajmdagi kartoshkaning mazasi ham shirin bo`ladi. Meva-chevalarni sotib olishdan avval yangi uzilganligiga e`tibor berib, albatta mazasini tatib ko`rgan holda sotib olaman.  Nafaqat meva-sabzavot, balki barcha iste`mol mahsulotlarini xarid qilishdan avval uning ishlab chiqarish muddati bilan qiziqib ko`raman.

  1. OILANGIZNI  MAZALI TAOM BILAN SIYLANG...

Odatda uyda ovqatni rafiqam pishiradi. Pishiriqlarni mazali tayyorlash bo`yicha xotinimga, uyg`urcha lag`mon, mantini tayyorlash bo`yicha esa onamga teng keladigani yo`q.  Ochig`ini aytsam, palov pishirishni boplayman, deyolmayman-u, har holda uddalayman. Bir paytlar Ukrainaning Odessa shahri restoranlarining birida oshpaz bo`lib ishlaganim uchun Evropa taomlarini yaxshi tayyorlayman. Ijod va suratga olish ishlaridan bo`sh vaqtlarimda har kuni  ham pishirilavermaydigan  biror bir mazali taomni o`z qo`lim bilan  tayyorlab, oila a`zolarimni xursand qilishni yoqtiraman.  Bu oila a`zolarimizning kayfiyatini ko`tarib, xonadonimizda bayramona ruh kezishiga sabab bo`ladi.

  1. Shaxsiy reseptim bilan bo`lishaman

Tuxumning o`zidan bir necha xil taom pishirish mumkin. Istasangiz, oson va mazali taom reseptini bilan bo`lishaman. Pista yog`i tovada qizdirilib, piyoz xalqa shaklida to`g`rab qovuriladi.  So`ng bulg`or qalampiri yarim aylana shaklida to`g`rab solinadi. Pomidor ham qo`shilib, sabzavotlar aralashtirib engil qovuriladi. Ta`bga ko`ra tuz, murch, ko`kat va ziravorlar solinib, yana bir marta aralashtiriladi. Oxirida tuxumlarni tovaning girdi bo`ylab bittadan chaqib solasiz, tova o`rtasiga — qovurmaning ustiga yana bitta tuxum chaqiladi. Oxirida qattiqroq pishloqni qirg`ichdan o`tkazib, aylana shaklida to`g`ralgan zaytun bilan taomning ustidan sepiladi. Ovqat tagiga olib ketmasligi uchun biroz suv ham solinadi. So`ng qozon qopqog`ini nimochiq qilib yopasiz. Tayyor taomni shaklini buzmagan holda likopchaga solib, dasturxonga torasiz.

  1. ELEKTR USKUNALARINI YaXShILAB O`RGANING!

Tan olaman, uyda elektr toki bilan bog`liq ishlarni bajarolmayman. Sababi, bolaligimda buvimning to`qiydigan “spisa”sini“rozetka”ga tiqib olganimdan so`ng yaxshigina tok urgan (kuladi).  Ammo elektr uskunalari bilan bog`liq ishlarni oilada erkak kishi bajarishi lozim, agar sizni biror marta tok urmagan bo`lsa, albatta...(kuladi)

6. ChO`NTAKKA HAM, SOG`LIQQA HAM FOYDA

Tan olaman, o`zim ham bundanuch oy ilgari chekishning cho`ntak va sog`liqqa naqadar zarar ekanligini tan olgim kelmagan. Tamaki chekkanimda o`zimni lanj, lohas his qilardim. Ammo chekishni tashlaganimdan so`ng nafas olishim engil bo`lib, o`zimni yaxshi his qila boshladim.  Shundan so`ng cho`ntagimdagi pulning ham barakasi sezila boshladi. Ayni damda sport bilan shug`ullanib, kechki paytlarda yuguryapman. Shunday ekan, boshqalarga ham chekishni o`z vaqtida tashlab, sog`lom turmush tarzini tanlashlarini maslahat beraman.

7. Ko`kalamzorga nima etsin?!

Ochig`i, oilamizdagilarning dehqonchilik ishlariga tobi yo`qroq...  Ammo men jon deb tomorqaga qarashni, nomlarini bilmasam-da,  gullar parvarish qilishni yaxshi ko`raman.  Tomorqani chopib qo`yish, o`t-o`lanlardan tozalab, o`rniga “gazon”lar  yotqizib, ko`kalamzor qilib qo`yish jonu-dilim.

  1. PULNI TEJAB IShLATING

Boshqa erkaklar pulni qanday ishlatadi  bilmadim-u, lekin men tejamkor emasman. Aslida tejamkorlik erkak kishiga zarar qilmaydi. Olgan maoshimni har gal uch qismga bo`laman — bir qismini onamga, bir qismini rafiqamga, bir qismini esa o`zim uchun olib qolaman. Oilamizda faqat  rafiqam pulni tejab  ishlatishga harakat qiladi.

9. Pul topganda nimalarga e`tibor berish kerak?

  • Pulni halol yo`l bilan toping. Bu yaxshi xulqli ekanligingizdan dalolat bo`ladi va jamiyatda o`z o`rningizni topishda qo`l keladi.
  • Imkon qadar ayolingizdan ko`proq pul topishga harakat qiling.  Aslida tarbiyali xotin erining pul topishini muhokama qilib, uni kamsitmaydi. Aksincha, u bilan hamfikr bo`lib, erining ishlari yanada yaxshi bo`lishiga ruhan ko`mak beradi. 
  • Xotiningiz ishlab topayotgan pulni zinhor-bazinhor sanamang va muhokama qilmang.
  • Dangasalikka barham bering, ishlang! Xotin ishlab, erning uyda o`tirishi, erkak sha`niga dog` tushiradi! 

 

  1. XOTIN UYDA BO`LMAGANDA...

Olma pish, og`zimga tush deb o`tirmang! Masalan, rafiqam oyisini ko`rgani ketgan paytda, uyda bo`lsam, o`zimni yaxshi his qilishim uchun tozalik, taom tayyorlash ishlarini mustaqil bajaraman. Hatto kiyimlarimni o`zim yuvib, dazmollab qo`yaman. Bunaqa ishlar aslida harbiy xizmatda yaxshi o`rgatiladi. Shunday ekan, aziz erkaklar, ayollar  uyda bo`lmaganda, o`zimizni nochor his qilmasligimiz uchun o`zimiz ham ro`zg`or ishlarining uddasidan chiqa olsak, foydadan xoli bo`lmaydi. Qolaversa, bu xonimingiz si bilan faxrlanishiga ham turtki bo`ladi.

Qiziq savolga qiziq javob

— Aytaylik, kimsasiz orolga borishingiz kerak,  o`zingiz bilan 3 ta narsa olishga ruxsat berilgan. Nima olasiz?

— O`zim bilan birga miltiq olaman. Chunki miltiq bilan ham ov qilishim, ham yirtqich hayvonlardan o`zimni himoya qilishim mumkin. So`ng bir quti o`q olaman. Yoqish uchun gugurt yoki “zajigalka” olaman. Kimsasiz orol tabiiyki, changalzorlardan iborat bo`ladi. Shunday ekan, daraxt ko`p joyda olov ham o`chib qolmaydi. Ov qilib qornimni to`yg`azaman. Xullas, agar erkak ishi aqlli bo`lsa istalgan joyda yo`lini topib ketadi, deb o`ylayman.  

Mohichehra Eshmirzaeva tayyorladi

 

 

 

 

 

 

 

    Boshqa yangiliklar