Bugun Alisher Navoiy nomli kino saroyida «O`zbekkino» Milliy agentligi buyurtmasiga asosan suratga olingan «Balli, Kamoliddin!» badiiy filmining premerasi bo`lib o`tadi.
Film «O`zbekkino» Milliy agentligi buyurtmasiga asosan «Ilk-film» kinostudiyasida drama janrida suratga olindi. 2014 yilning sentyabr oyida ishlab chiqarishga tushirilgan ushbu filmni suratga olish ishlari Toshkent viloyatining Parkent tumanida, Jizzax viloyatining Marjonbuloq qishlog`ida, shuningdek, Toshkent shahrida olib borilgan.
Rejissyor Elyor Hoshimov tomonidan suratga olingan mazkur filmda mamlakatimizdagi kichik va o`rta biznes hamda qishloq xo`jaligining rivoji, mazkur sohalarda el-yurt ravnaqi, Vatan shuhratini oshirish yo`lida mehnat qilayotgan tashabbuskor yoshlar va ularga ko`rsatilayotgan g`amxo`rliklar haqida hikoya qilinadi. Shuningdek, kartinada zamonaviy oila muammolari, ota-ona va bolalar o`rtasidagi munosabatlar, yoshlarning ma`naviy tarbiyasi kabi mavzular ham ko`tarilgan.
Ayni vaqtda «O`zbekkino» Milliy agentligi buyurtmasi asosan tasvirga olinayotgan«Baron» (rejissyor Rustam Sa`diev), «Ajal jodusi» (Hilol Nasimov), «Oyqiz ertagi» (Akbar Bekturdiev), «So`nggi pushaymon» (Nozim Jumaev), «Zurriyod» (Abduxalil Mignorov), «Mas`uma»(Yolqin To`ychiev), «Kuzning bir kuni» (Zulfiqor Musoqov), «Toliqqon ko`ngillar oyga talpinar»(Sobir Nazarmuhamedov) filmlarini suratga olish ishlari davom etmoqda.