1

UTT, SKRINING, DOPPLER – ENDI 4D HAM BORMI?

Salomatlik 23.09.2015, 15:46
UTT, SKRINING, DOPPLER – ENDI 4D HAM BORMI?

«Kelinim to`rt oylik homilador. Shifokori skrining tekshiruvidan o`tishi uchun tibbiy yo`llanma beribdi. Bir oy avval UTT ga tushib kelgandi. Skriningning yana nima keragi bor? Eshitishimcha, tug`ruqqa yaqin dopller yana allaqanday 3D, 4D degan tekshiruvlarga ham yuborilarkan. Shartmi shu? Umuman, bu tekshiruvlar nima beradi?»

Sabohat Yo`lchieva, Toshkent shahri

Haqiqatan ham bugun bo`lajak onalar uchun homiladorlik davrida bajariladigan tekshiruvlar bir qancha bo`lib, har biri ma`lum muddatlarda o`tkaziladi. Mazkur tekshiruvlar nima uchun kerak degan savolning paydo bo`lishi tabiiy. Shu bilan birga qaysi biri qachon o`tkazilishi va bir – biridan nimasi bilan farq qilishi ham qiziqtiradi. Bugun ushbu savollorga javob topish maqsadida mutaxassis –  UTT tashhisi shifokori Liliya Sabirovaga murojaat qildik.  

Necha bor UTT dan o`tish mumkin?

Ultratovush to`lqinlari yordamida amalga oshiriladigan mazkur tibbiy tekshiruv oq-qora tasvirda homilaning ko`rinishi, joylashishi va jinsini ko`rsatib beradi. Tavsir aks etgan monitordagi yozuvlar yordamida homilaga tegishli ma`lumotlar tahlil qilinadi. Normal kechayotgan homiladorlik davrida 5-6 martagacha ultratovush tekshiruvidan o`tish mumkin. Bo`lajak onalar ultrato`lqinlar homilaga zarar etkazadi, degan gapdan cho`chishadi. Ammo bu gaplarda hech bir asos yo`q. O`z vaqtida va to`g`ri tartibda o`tkazilgan tekshiruv onaga ham, bolaga ham nojo`ya ta`sir o`tkazmaydi. Qolaversa, UTT yordamida homila rivojlanishi, ichki a`zolarining joylashuvi, turli tug`ma nuqsonlar, qog`anoq suvining tiniqlik darajasi kabilarni ham aniqlash mumkin.

Ilk tekshiruv

Homiladorlikning 12-haftasida o`tkazilib, “2D” o`lchamdagi ultratovush tekshiruvi tasviri yordamida homiladagi  ichki a`zolarning shakllanishi, oyoq-qo`llar va bosh chanog`ining holati haqida ma`lumot olinadi. Ilk tekshiruvda homilaning aniq muddati va taxminiy tug`ruq davri hisoblab chiqiladi. Ikkinchi tekshiruv homila 18-21 haftaligida bajarilib, yo`ldosh joylashuvi, qog`anoq suvi miqdori va holati, shuningdek, tug`ilajak bolaning yurak urishi tezligi aniqlanadi.  Uchinchi tekshiruv  tug`ruqoldi holati bo`lgani bois, asosan homila joylashuvi, yo`ldosh o`qining kindik sohasidagi holati, bachadon bo`yni devoridagi tug`ruq oldi o`zgarishlarni aniqlash maqsadida amalga oshiriladi. Shifokorlar uchun mazkur tekshiruv ayolning tug`ruqqa tayyorgarlik holatini aniqlashga xizmat qiladi.

Skrining shartmi?

Homilada yuzaga kelishi mumkin bo`lgan irsiy kasalliklar ehtimolini aniqlash, rivojlanishdan ortda qolish va tug`ma nuqsonlar shakllanishini bartaraf etish maqsadida skrining tekshiruvidan o`tish sog`lom ayollarga ham tavsiya etiladi. Mazkur tekshiruv orqali nafaqat homiladagi patologik o`zgarishlar, balki qonning biokimyoviy tahlili ham aniqlanib, yashirin turdagi ayrim kasalliklar haqida aniq ma`lumot olish imkoniga ega bo`linadi. Skrining tekshiruvi homiladorlikning kechishiga qarab, uch davrdan birida o`tkaziladi va faqat bir martalik amaliyot sanaladi. Unga ko`ra:

  • homiladorlikning 10-14-haftasidagi erta tekshiruv – nasliy kasalliklar ehtimolini aniqlash, xromosoma o`zgarishlaridan boxabar bo`lish uchun amalga oshiriladi. Bunda homilaning biokimyoviy qon tahlili ham o`tkaziladi.
  • homilada yuzaga kelishi mumkin bo`lgan tug`ma nuqsonlarni aniqlash maqsadida 16-20 haftalikda o`tkaziladi.
  • homila rivojlanishining kechki davrida yuzaga kelishi mumkin bo`lgan o`zgarishlar va bir qancha kasalliklarni aniqlash uchun 32-34 haftalikda o`tkaziladi.

Skrining tekshiruviga yo`llanmani o`zingiz yashaydigan manzildagi oilaviy poliklinikadan olishingiz mumkin.

Doplerga boramizmi?

Homiladorlik shikoyatlarsiz kechayotgan bo`lsa-da, 24 haftalik muddatdan so`ng yuzaga kelishi mumkin bo`lgan holatlarning oldini olish maqsadida dopler tekshiruvidan o`tish barcha ayollarga tavsiya etiladi. Bundan tashqari, agar homiladorlikda qandli diabet, buyrak faoliyati bilan bog`liq kasalliklar, ikki yoki bir necha homila, gestoz, avvalgi homiladorlikdagi salbiy o`zgarishlarning takrorlanishi, kardiotokografiya natijalarining qoniqarli emasligi kuzatilganida dopler tekshiruvi bir necha marta o`tkazilishi mumkin. Dopler ko`rigi “ona-yo`ldosh-homila” tizimi asosida yo`lga qo`yilgan bo`lib, homiladagi qizil tanachalar tasvirini aniqlash imkoni mavjud.

3 «D» va  4 «D» tekshiruv – farqi nimada?

 “3D” – odatiy  “2D” ultratovush tekshiruvidan farqli ravishda uch kesimdagi tasvirni ko`rsatadi. Rangli tasvirda nafaqat bolaning yuz tuzilishi va aniq qiyofasini ko`rish mumkin, balki teridagi yumshoq to`qima mushaklarini baholash imkoniyati ham mavjud. Qolaversa, homila qiyofasidagi ayrim noqisliklar, masalan, yuqori lab va tanglay kemtikligini kattalashtirilgan tasvirda aniqlash va tibbiy xulosani aniq izohlash imkoniyatini beradi.

“4D” – “3D” o`lchamdagi tekshiruv turidan onlayn tasvirni ifodalashi bilan farqlanadi. Tekshiruv jarayonida xuddi kichik videokamera homila ichida harakatlanib, tasvirni monitor ekranida aks ettirayotgandek tasavvur hosil bo`ladi. Bu usul maxsus moslama yordamida amalga oshiriladi. “4D” o`lchamli tekshiruv homiladagi tug`ma nuqsonlar, turli shishlar, tananing muayyan qismida suv to`planishi kabi holatlarni aniqlash uchun qo`llaniladi. “4D” tekshiruvi ikki xil ko`rinishda: homila harakatlarini suratlar orqali aks ettirish va “4D LIVE” (bolaning ayni damdagi harakatlarini videotasvir orqali ko`rish) turlari bilan farqlanadi.

“3D” va “4D” o`lchamli ultratovush tekshiruvini homiladorlikning 6-7 haftaligidan 40 haftalik muddatigacha o`tkazish mumkin.

N.Ilyosova tayyorladi

 


 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1