Tong otdi. Qodirjon yurak yutib kelgan bu xonadondagi ilk tong... Uyg`onganidan keyin ham bir oz xayol surib yotdi. Yonida xotini Mahliyo pishillab uxlardi. Uning ustini yopib, sekin o`rnidan turdi. Elkasiga choponini tashlab, hovlining narigi cheti sari yo`naldi. Ko`k eshikka yaqinlashganda kimningdir tomoq qirgani eshitildi. Hovlida qaynotasi Burxon aka ko`rindi. Qaynota kuyoviga qaramay o`zining xonasiga kirib ketdi. Qodirjonning salomga yugurgan tiliga tishlari to`sqinlik qildi. Garchi ertalabki salomning o`rni bo`lmasada ko`nglini noxush his egalladi. Nachora, taqdirning bu shartiga o`zi rozi bo`lgan, chidaydida endi…
Er-xotin choyga kirganlarida Qodirjon qo`lini ko`ksiga qo`yib yana bir marta salom berdi. Qaynonasi shoshilib o`rnidan qo`zg`aldi va salomga alik olib, kuyovi bilan qizini to`rga boshladi. Qaynotasi bosh irg`ab sekingina nimadir dedi. Nonushta ham «ajoyib» bo`ldi. Qaynonasining betinim «oling-oling» deyishiga qaramay Qodirjonning tomog`idan bir to`g`ram non bilan bir piyola choy zo`rg`a o`tdi. Sirini bermay o`tirgan qaynotasi gap boshlamadi. Qodirjon o`zicha sukut to`g`onidana bitta gap bilan tirqish ochishni mo`ljalladi:
-Bugun havo ochilib ketdi, endi kunlar isisa kerak…
Qaynota qo`lidagi piyolani dasturxon ustiga qo`ydi. O`siq qoshlaridagi taranglikni echmay kuyoviga boqdi.
-Mart oyoqlaganidan keyin shuda…
Mahliyo choynakni ko`tarib chiqib ketdi. Ortidan onasi ham nimanidir bahona qilib ergashdi-yu qaynota-kuyov yolg`iz qoldilar. Noqulay vaziyat battar chigallashdi. Yaxshiki televizor degan beminnat o`rtakash bor. Ko`zini olib qochgan ham, gapini yamlab yutgan ham shundan panoh izlaydi. Ekranga tikilgan Qodirjonning xayoli bir oz chalg`idi. Evropaning eng kuchli jamoalari o`rtasida kechayotgan musobaqalar natijalari e`lon qilinayotgandi. Futbolning haqiqiy ishqibozi Qodirjon to`y bilan bo`lib bu o`yinlarni ko`rolmagandi. Ko`zlari chaqnab natijalarni tomosha qila boshladi. Televizor lip boshqa kanalga o`tdi. Qaynotasi qo`lidagi pult xontaxta chetiga qo`yildi. Zovurlarni balchiqdan tozalashga bag`ishlangan ko`rsatuv borar, qo`nji beliga etgan etik kiyib olgan muxbir kishi qamishlar orasida turib, shitob bilan loy otayotgan ekskavatorning ishini raqamlarda ta`riflardi.
Nachora, ichkuyovlikni ham chidaganga chiqargan.
* * *
Tikan ustida kechgandek bir oy o`tib ketdi. Ishdan qaytganida darvozani qaynotasi ochdi. Qo`l uzatib salom berdi. Og`izda alik olgan Burxon aka jiddiylik bilan shunday dedi:
-Avval qo`lni yuvib oling, ishdan kelayapsiz axir, qolaversa oldin kattalar qo`l uzatardi shekilli…
Izza bo`lgan Qodirjon indamay uyga kirib ketdi.
Kun botganda darvoza ortidan ovoz keldi.
-Qodirjon, ho`v Qodirboy…
Qodirjon shoshib darvoza sari chiqdi. O`rtoqlari kelishgan ekan. To`rt yigitning har bittasi qo`llariga sovg`a-salom ko`tarib olishgandi. Rossiyada ishlaydigan bu o`rtoqlari to`yga kelisholmagandi. Qaytganlari zamon yo`qlashibdida…
Qo`ng`izmo`ylov Halim birinchi bo`lib uni bag`riga bosdi.
-Tuzukmisan oshna, to`yga kelolmadik-da, lekin samolyotdan tushiboq uyga birrovga kirib, oldingga chopdik. Qulluq bo`lsin do`stim, qulluq bo`lsin!
Qotmagina yigit – Qurbon gapni ilib ketdi.
-E etkazganiga shukur, to`yni ko`rmasak ham o`zini ko`rdikku. Biznikini tokchada opqo`ygan bo`lsa kerak, a labbay?
Yigitlar «xo-xo»lab kulishdi.
Ularni bir-bir quchoqlab ko`rishayotgan Qodirjonning ichini it tirnardi. Buyog`i qandoq bo`larkin?!.
Darvoza ortidan tanish yo`tal eshitilib Qodirjonning vujudini muz qopladi. Demak qaynotasi shu erda, mehmonlarni baland tog`lardan oshirib o`tmoq, o`t-olovlar ichida kutib-kuzatmoq zarur…
O`y bosib turganida Erkin daroz gap qotdi:
-Qani, boshlamaysanmi endi?
Ilojsiz qolgan Qodirjon bor jur`atini jamlab taklif qildi:
-Qani… qani ichkariga, xush kelibsizlar, boshim ko`kka etdi…
Uning gaplaridagi zo`rma-zo`raki rasmiylik, soxtalikni do`stlari sezishmadi. Hovlida qaynotasi ko`rinmadi. Bir qadar engil tortgan Qodirjon mehmonlarni hovli to`ridagi mehmonxonaga boshladi. Mahliyo bir-pasda dasturxon tuzadi, yigitlarning qo`llaridagi bilan xontaxta usti to`ldi-qoldi. O`zi non ushatdi, xotini oshga unnadi. Oynavand jovon ortida to`ydan ortgan ichimliklar bo`y cho`zib turardi. O`zi ichkilikni yomon ko`radigan Qodirjon mehmonlarning izzatiga bitta shishani ochdi.
Halim gap boshladi.
-O`zi shu narsaga hojat yo`q edi, Qodir. Bunga o`risning yurtida rosa to`yib kelgandik.
Erkin oshnasiga gap bermadi:
-Bu bilan nima demoqchisan, o`rislar uchun ichaman, sen uchun ichmayman demoqchimisan?! E gapingdan o`rgildim, uzat Qodirjon, sen uchun olaylik…
Halim do`stining gapini ko`ngliga olmadi.
-Ha endi, yangi kelin-kuyovning xonadonida shusiz ham yaxshi o`tirardik deymanda…
Erkin qo`liga piyolani oldi va hech kim so`z bermasa ham o`zi gap boshladi.
-Shu qadahni Qodirjonning hammamiz ikki-uch bolalik bo`lganimizdan keyin topgan baxti uchun ko`taramiz.
Engil kulgu bilan ichib yuborishdi. Tuzlangan bodringdan gazak qilgan Erkin gapini davom ettirdi.
-Shu desang to`rtovimiz ikki yil Rossiya tuprog`ini yaladik. Aroq demagani daryoday oqib yotibdi, ayollar qadamingda… Anavi Qurbon qotmayam bittasini topib, uyiga kirib oldi. Ko`nglini ovlab tursang bas, uy-joy ham, emoq-ichmoq ham tayin.
Hamma kulayotganida Qodirjonning qalbi tirnaldi. Barcha gap aylanib uning ichkuyovligiga taqalayotganday edi. Birozdan keyin bevosita shu mavzuga ko`childi. Oshnalarining orasida aqllisi hisoblangan Halim suhbatning noqulayroq bu bosqichidan iloji boricha silliq o`tish va mavzuni yopish maqsadida salmoq bilan gap boshladi:
-Yolg`iz farzandini ota-onasidan ayirmay yaxshi qilgansan oshna. Qariganlarida chol-kampirning issiq-sovug`idan xabar olsang, uy-joyiga egalik qilib, nevaralarini oldida katta qilsang xursand bo`lishadi-da.
Erkin yana gap irmog`ini noqulay o`zanga burdi:
-Yaxshimas, zo`r, oshna! Bitta zarb bilan ham xotin, ham uy-joyga ega chiqishga ne etsin?
Qodirjonning ko`nglidan alam o`rmaladi:
«Buning azobini bilmaysanda, gapiraverasan…»
Erkin qo`lini silkib gapini davom ettirardi:
-Mana masalan Rossiyani olaylik, bizga o`xshab kelin tushirib kelinmaydi, bitta cho`chqa qovirilib to`y qilinadida kuyov xotininikiga borib yashayveradi. Eh Rossiya…-ko`zlari chaqnab jumlasini yarim belidan kesdi Erkin.
O`zini igna ustida o`tirgandek his qilayotgan Qodirjon keyingi piyolani shitob bilan ko`tardi. Alanga bo`lib ichiga to`kilgan suyuqlik tafti vujudga singiy boshladi. Davraga hazil-mutoyib, kulgu oralab qoldi. Uchinchi piyola qo`llarga etib, xona bo`ylab aroq hidi gupillay boshlaganida eshik shitob bilan ochildi. Qaynotasi Burxon aka qovog`ini solib kirib keldi. Yigitlar «ie-ie» deganlaricha o`rinlaridan qo`zg`aldilar. Birinchi bo`lib uzalgan Halimning qo`sh qo`li manzil topolmay havoda muallaq qoldi.
Burxon akaning o`qdek otilgan so`zlari Qodirjonni butkul akashak qilib tashladi:
-Uyat bormi senlarda, chillalik uy bo`lsa, uyni boshingga ko`targaning etmaganday shayton suvini simirasan! Bilib qo`ylaring, bu mening xonadonim, bu erda mening aytganim bo`ladi!
Burxon aka baqrayib turgan Qodirjonga yuzlandi:
-Kuyov, alkashlar bilan oshnaligingni bilganimda ikki dunyoda ham senga qizimni bermasdim, bularni eshikdan kirgizmay dedimu, yana seni o`ylab andisha qildim.
Qodirjon portlab ketdi:
-E bunaqa andishangni…
Qaynonasi bilan Mahliyoning ming tavallosiga qaramay darvozadan besh kishi chiqib ketdi.
* * *
To`rt kun Halimlarnikida yotib yurdi. Beshinchi kun deganda xotini bilan ko`cha boshidagi tut tagida sevishganlardek o`g`rincha uchrashishdi.
-Yuraverasizmi shunaqa qilib, qayting uyga-, dedi Mahliyo.
-Qaytmayman, sen ham meni desang chiq u erdan!
Mahliyoning yuzi gezardi.
-Xo`p, ketdim ham deylik, meni qayoqqa boshlab borasiz. Uch ovsinim tiqilib o`tirgan ota uyingizgami?! Sichqon sig`mas iniga, g`alvir bog`lar dumiga deganlaridek o`zingizning boradigan joyingiz yo`g`u, meni ham tortqilaysiz.
Qodirjon boshini egdi. Ming achchiq bo`lmasin xotini haq gapni gapirardi. Kech oila qurgani ham yo`qchilikdan. Mahliyoni o`zi sevib uylangan, ota-onasining qarshiligiga ham qaramay, ichkuyovlikni ham o`zi bo`yniga olgan. Qaynotasinikiga qaytmayman deydi-yu, borar joyini o`zi ham bilmaydi. Do`stinikida yotib yurgani ham shundan…
-Gap qaytarmasligingiz kerak edi, dadamning fe`llarini bilasizku-davom ettirdi Mahliyo.
Hozirgina qaytmay iloji yo`qligini o`ylayotgan Qodirjonning ko`z oldiga qaynotasi kelib, yana to`nini teskari kiydi.
-Meni er bilan bitta qilgan bu xonadonga o`lsam ham bormayman!
Mahliyo kulib qo`ydi.
-Ha, mahalladagi besh-oltita oqsoqollarni o`rtaga qo`yaylikmi, borib olib kelishsinmi?!
Xotinining yuziga qahr bilan tikildi-da, ortiga burilib indamay ketdi.
* * *
Ketdi… Shaharda qilmagan ishi qolmadi hisob. Tatalab-tindalab yig`indi, bir xonali uyni ijaraga olib haminqadar jihozladi. Pul jamg`ardi, sovg`a-salom qilib kuyov bo`lib tushgan uyiga bordi.
Eshikni o`zi tasavvur qilib kelganidek qaynotasi ochdi. Ichkariga boshlamadi. Sovuq salom-alikdan keyin sekin gap boshladi:
-Men Mahliyoni olib ketgani keldim.
O`siq qoshlar uyildi.
-Va`da boshqacha ediku kuyovbola, to`qqiz yil deganda topgan, papalab o`stirgan bitta-yu bitta farzandim ko`z oldimda bo`lishiga kelishgandikku!
-Lekin ko`rganda turtkilashga, yoru-do`st oldida sharmanda qilishga kelishmaganmiz dada! Mahliyo mening nikohimda, demak xotinimning izmi menda, qayoqqa boshlasam shuyoqqa ketishga majbur. Mahliyo, hoy Mahliyo-hovli tomon yuzlanib baqirdi Qodirjon.
Ichkaridan qaynonasi bilan Mahliyo chiqib kelishdi. Qaynonasi qo`lini ko`ksiga qo`yib mulozamat qildi:
-Ie-ie… Xush kelibsiz, qani Qodirjon, ichkariga…
-Kuyoving boshqacha shaxd bilan kelgan, xotin, qizingni olib ketmoqchi u.
Bu mojarolarda erining ra`yiga biror marta qarshi bormagan qaynona shu on chiday olmadi.
-Olib ketsa olib ketarlar. Eri axir! Qani Mahliyo, narsalaringning yig`ishtir, eringning oldiga tush.
-Bas-, qahr bilan qichqirdi Burxon aka, qizim hech qayoqqa ketmaydi. Kuyov kelsa kelib yashasin, bo`lmasa katta ko`cha.
Bu gaplarga tayyorlanib kelgan Qodirjon erga qarab turgan xotiniga yuzlandi.
-Mahliyo, sen mening nikohimdasan, yur, ketaylik. Bir joningga ming urinib rizq topib berarman. Xotin erning izmidan chiqsa gunohga botadi.
Qaynota yana gapga aralashdi:
-Sen bola shariatdan kelib menga falsafa so`qima. Er xotinning izmidan chiqishi gunoh ekanu, sening lafzsizliging gunoh emas ekanmi?! Qayoqdan kelganing noaniq, sening gaping gap bo`lib, yigirma yil bag`rimda o`stirgan meniki noma`qul bo`ldimi endi?! Qani, chiq bu erdan, o`sha aroqxo`r oshnalaringning oldiga borda, toshingni ter!
Mahliyo unga ergashmadi. Abgor bo`lib qaytib keldi.
* * *
Oradan ikki yil o`tdi. Bu orada xotinini olib kelishga besh marta urindi. O`rtaga odam qo`ydi bo`lmadi, borib yalinib-yolvordi, yon berishmadi. Burxon akaning talabi qat`iy edi, oila kerak bo`lsa kelib shu xonadonda, qaynotasining izmidan chiqmay yashashi shart! Ayniqsa oxirgi borganlarida qaynotasi ko`pchilik oldida uning ko`ksidan turtib chiqardi-yu masalaga uzil-kesil nuqta qo`yildi.
Qodirjon ich-ichdan bir so`z vulqon bo`lib keldiyu tiliga uchmadi. Yangraganida arsh titraydigan bu so`z aytilmagan bo`lsada, hamma er-xotinning o`rtasi uzilganini anglab etdi. Hujjatlar ham rasmiylashtirildi.
* * *
Yaqinda sotib olgan ikki xonalik uyida o`ziga yarashib tushgan kostyumiga mos bo`yinbog`ini taqayotganida o`rtog`i Halim kirib keldi.
-E, kuyovbola, haliyam tayyor bo`lmabsanku, shoshilsangchi, ZAGSga kech qolmaylik, xoynahoy kelin dugonalari bilan intizor bo`lib o`tirgandir.
Qodirjon alamli jilmaydi.
-O`n sakkiz yashar yigitlarday gapirasana Halim, yosh ham o`ttizga borib, ikkinchi marta uylanayotganingda bunaqa narsalar erish tuyularkan kishiga…
-E qo`ysangchi bunaqa gaplarni, to`y to`ydek bo`lsin, deymanda.
Eshik qo`ng`irog`i jiringladi. Halim borib ochdi. Ostonaga cho`kkan g`alati sukunatga e`tibor bermagan Qodirjon oyna oldidan jilmadi. Ko`zguda avval Burxon akaning, ortidan Mahliyo bilan qaynonasining aksi ko`rindi. Ko`zlariga ishonmay shart burildi.
Haqiqatdan ham qarshisida yaqin-yaqingacha oilasi hisoblab kelgan odamlar turishardi.
Har doimgidek birinchi bo`lib Burxon aka so`z boshladi:
- Qodirjon… o`g`lim. O`tgan ishga salovat, qo`ying bu ishlarni endi. Bag`rimizga qayting, sizni sog`inganmiz. Xohlang uyimizda yashang, xohlang Mahliyo shu erda siz bilan qoladi. Qizim hali ham nikohingizda, qog`ozni ham birpasda qaytadan kesdiramiz…
Mahliyo ham ko`zlariga yosh oldi.
- Qodirjon aka, mening javobimni bermay qanday uylanmoqchisiz?! Yo`q, men bunga chidolmayman, sizsiz yasholmayman!
Qodirjonning ko`z oldidan Mahliyo bilan to`ylari-yu shu kungacha hayoti bir lahzada o`tdi. Lablari titradi, shu so`zlarni ikki yil kutdi, oilasini tiklash uchun ikki yil harakat qildi. Natijasi bo`larkanku…
Yuziga tabassum indi, xotini bilan qaynotasiga jilmayib qaradi.
-Xush kelibsizlar!
Tabassumini yig`may Halimga yuzlandi:
-Halimjon, do`stim, eng aziz mehmonlar kelishibdiku, ularni senga topshirdim, to`yga o`zing olib borib, yaxshilab mulozamat qil, restoranning eng yaxshi joylariga o`tqaz, to`y tugaganidan keyin o`zing kuzatib qo`yarsan…
Abror Zohidov