O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ahmadobod shahri hududida yuz bergan aviahalokat oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani va jiddiy jarohat olgani munosabati bilan Hindiston Respublikasi Prezidenti Draupadi Murmu va Bosh vaziri Narendra Modiga ta’ziya maktubi yo‘lladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlatimiz rahbari qurbon bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga, butun Hindiston xalqiga chuqur hamdardlik izhor etdi, jarohat olganlar tez fursatda sog‘ayib ketishini tiladi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi olingan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur reysda O‘zbekiston fuqarolari bo‘lmaganini ma’lum qildi.
12 iyun kuni Ahmadobod shahridan Londonga uchayotgan Air India kompaniyasining Boeing 787 Dreamliner yo‘lovchi samolyoti parvozdan ko‘p o‘tmay halokatga uchradi.
Samolyot bortida 242 kishi, jumladan, 2 uchuvchi va 10 styuardessa bo‘lgan, deb yozadi Times of India. Qulash joyida qutqaruv operatsiyasi olib borilmoqda.