Ijtimoiy tarmoqlarda YPX xodimlarining faoliyatiga oid turli videolavhalar tarqatilishi so`nggi yillarda qo`shtirnoq ichidagi "an`ana"ga aylandi. Buning sababi esa ayrim xodimlarning o`z vazifasini sidqidildan bajarmasligi, ba`zi holatlarda haydovchilar javobgarlikdan qochish maqsadida inspektorga bosim o`tkazishga harakat qilishi va boshqa shu kabi vaziyatlarning mavjudligidir.
Yo`llarda harakat xavfsizligini ta`minlab turgan davlat xizmatchilarining faoliyatini hajviya qilish, kosa tagida nim kosa tarzida korrupsiyada ayblash holati "Sho`rdanak" hajviy ko`rsatuvida ham kuzatildi. Bu haqda aktyor Erkin Cho`liev shunday dedi:
–YPX xodimlari haqida biz ilgari ham yaxshi ko`rsatuvlar olganmiz. Lekin shu safar ozgina xato va kamchiliklarga yo`l qo`ydik. Bu ham qaysidir ma`noda shu kasb egalari haqida etarlicha ma`lumotga ega emasligimiz bizga pand berdi. Yurtimizning boshiga kelgan shunday sinovli kunlarda bu kasb egalarining o`rni, qilgan xizmatlari judayam sezildi. Biz karantinda uyda o`tirganimizda ular kechani kecha, kunduzni kunduz demay, xizmatda bo`lishdi. Nafaqat o`zim, ijodiy guruh nomidan shuni aytamanki, bundan keyingi ijodiy ishlarimizda nafaqat ichki ishlar xodimlarining, qaysiki soha bo`lsa, shifokorlar bo`ladimi yoki boshqa soha vakillarimi, ular haqida dastur qiladigan bo`lsak, ko`rsatuvning ma`naviy, tarbiyaviy tomoniga e`tibor bergan holda tayyorlaymiz, deb va`da beramiz. Yuqoridagi xatolik uchun afsusdamiz, pushaymondamiz...






