1

Tergovdagi xato sabab qamalgan yana bir fuqaro oqlandi

Jinoyat 09.06.2020, 16:56
Tergovdagi xato sabab qamalgan yana bir fuqaro oqlandi

2003 yil 11 dekabrdagi “Valyutani tartibga solish to`g`risida”gi Qonun va Prezidentimizning 2017 yil 2 sentyabrdagi “Valyuta siyosatini liberallashtirish bo`yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to`g`risida”gi 5177-sonli Farmoni talablari hech kimga sir emas. Biroq oramizda “bari hamirdan qil sug`irgandek bo`ladi”, deydiganlar ham topiladi... 

Vaqtincha ishsiz bo`lgan 35 yoshliayol muqaddam Navbahor tuman ma`muriy sudining 2019 yil 6 maydagi qaroriga asosan MJtKning 170-moddasi bilan ma`muriy javobgarlikka tortilganiga qaramay, o`ziga tegishli xulosa chiqarmagan ko`rinadi. Uqonunga zid ravishda, Navoiy shahridagi Markaziy dehqon bozori oldida bir fuqaroga 4000 rublni 600.000 so`mga sotgan.

Tezkor tadbir davomida ayol tanishi - 28 yoshli vaqtincha ishsiz, muqaddam 2 bor sudlangan yigitning ko`magida 25.000 rublni jami 3.750.000 so`mga sotayotgan vaqtidaushlangan. Ayol sudda aybiga to`liq iqror bo`lgan. 

                      “VALYuTA SOTIB OLISh YoKI SOTISh QONUNGA XILOFLIGIDAN XABARIM BOR”

Sudlanuvchi yigit ham sudda dastlabki tergov harakatlari davomida bergan ko`rsatuvini tasdiqlab, aybiga to`liq iqrorlik bildirgan...

— Pul ishlash maqsadida 25.000 rublni olib ko`chaga chiqdim. Yonimda 770.000 so`m ham bor edi. Ayol tanishim “25.000 rubl kerak. Agar bo`lsa, qimmatroq narxga almashtirib beraman”, dedi. Qisqasi, 25.000 rublni 3.750.000 so`mga sotdik. Haridor xayrlashib ketgach, yonimizga Departamentning Navoiy viloyat boshqarmasi xodimlari keldi va boshqarmaga olib ketishdi. Tezkor xodimlar o`zimga tegishli 770.000 so`mni ashyoviy dalil sifatida olib qo`yishdi. Muqaddam noqonuniy valyuta oldi-sotdisi bilan ma`muriy yoki bo`lmasa jinoiy javobgarlikka tortilmaganman. Chet el valyutalarini fuqarolardan sotib olish yoki ularga sotish qonunga xilofligidan xabarim bor. Aybimga to`liq iqrorman va qilmishimdan chin ko`ngildan pushaymonman. 

Sudlanuvchi harakatlarimda ma`muriy huquqbuzarlik alomatlari borligi sababli, unga nisbatan oqlov hukmi chiqarishni so`ragan. 

              “SUDLANUVChINING JINOYaT SODIR ETIShDAGI AYBI FAQAT SUD MUHOKAMASI                                                      DAVOMIDA ISBOT QILINGAN DALILLARGA ASOSLANIShI LOZIM”

A.AVEZOV, jinoyat ishlari bo`yicha Navoiy shahar sudi sudyasi:

— Sudlanuvchi ayolning sud hukmida ko`rsatilgan jinoyatni sodir qilgani sudda tekshirilgan hujjatlar hamda boshqa dalillar yig`indisi bilan o`z tasdig`ini topgan.

Sud, davlat ayblovchisining sudlanuvchi yigitni aybdor deb topib, unga nisbatan ozodlikni cheklash jazosini tayinlash haqidagi xulosasini, jinoyat ishida to`plangan va ishning haqiqiy holatini, amaldagi jinoyat qonunchiligini tahlil qildi. Uning harakatlarida jinoyat tarkibi yo`qligi sababli, jinoyat sodir etishda aybsiz deb, JKning 177-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan oqlashni lozim topdi. Boisi, tergov organi tomonidan Qonun talablari va Oliy sud Plenumi qarorlari tushuntirishlariga rioya qilinmagan. Xususan, tergov organi tomonidan sudlanuvchi yigitni bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, qonunga xilof ravishda valyutani o`tkazishda ifodalangan jinoiy harakatlarni sodir etganlikda aybli deb topish haqida asossiz xulosaga kelingan. 

Ish holatiga ko`ra, sudlanuvchi yigit 2019 yil 3 dekabr kuni ayol tanishi bilan bir guruh bo`lib, 25.000 rublni 3.750.000 so`mga sotgan.

Prezidentimizning 2019 yil 12 iyuldagi “Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to`g`risida”gi Farmoniga ko`ra, 2019 yilning 1 avgustdan boshlab, bazaviy hisoblash miqdori 223.000 so`m belgilangan.

JKning sakkizinchi bo`limida, bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha bo`lgan miqdor ancha miqdorni tashkil etishi ko`rsatilgan. 

Sudlanuvchi yigit tanishi bilan sotgan rubl esa ancha miqdorni tashkil etmaydi. Qonun talabiga ko`ra, sudlanuvchining jinoyat sodir etishdagi aybi faqat sud muhokamasi davomida isbot qilingan dalillarga asoslanishi lozim.

Sud, sudlanuvchi ayolga jazo tayinlash masalasini ham muhokama qildi. Plenum Qarori talablaridan kelib chiqib, unga jazo turi va miqdorini belgilashda uning aybiga to`liq iqrorligi, oilada yagona boquvchiligi, qaramog`ida 2 nafar voyaga etmagan farzandi borligi, muqaddam sudlanmaganini inobatga olib, JKning 57-moddasini qo`llab, jarima jazosining eng kam qismidan ham kamroq jarima jazosi tayinladi. Jarima miqdorini belgilashda jinoyat sodir etilgan vaqtda amaldagi bazaviy hisoblash miqdorining (202730 so`m)dan kelib chiqishni lozim topdi.

Sudlanuvchi ayol JKning 177-moddasi 3-qismi “v” bandidan shu moddaning 1-qismiga qayta malakalandi. Unga ushbu modda bilan JKning 57-moddasini qo`llab, bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi. 

Sudlanuvchi yigit JKning 177-moddasi 3-qismi “v” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybsiz deb topildi. Sodir etgan qilmishida jinoyat tarkibi bo`lmagani sababli JPK 83-moddasining 2-bandiga asosan reabilitasiya qilinib, oqlandi.

                                                                                                                            Sadoqat ALLABERGANOVA, jurnalist

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1